Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov namanganlik saylovchilar bilan uchrashdi

    Saylov 4 Oktabr 2021 1421

    “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

    Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi madaniyat markazida boʻlib oʻtgan tadbirda partiya faollari, deputatlar, xayrixohlar, hamkor tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, faol ayol-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

    Uchrashuv avvalida, Prezidentlikka nomzodning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili – “Adolat” SDP viloyat kengashi raisi, Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputati Isroiljon Joʻrayev ishtirokchilarga nomzod Bahrom Abduhalimovning tarjimayi holi va faoliyati toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

    Shundan soʻng Prezidentlikka nomzod Bahrom Abduhalimov soʻzga chiqib, oʻz saylovoldi dasturida ilgari surilgan gʻoyalar, asosiy masalalarni saylovchilar eʼtiboriga havola etdi.

    Xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning rolini kuchaytirish, ijro hokimiyati faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga vatanparvar, professional va fidoyi insonlar kelishini taʼminlash, jinoyatchilikka, poraxoʻrlikka, taʼmagirlikka, zoʻravonlikka qarshi murosasiz kurashish, adolatli va mustaqil sud-huquq tizimini yaratish ishlarini davom ettirish, sudni tom maʼnoda adolat qoʻrgʻoniga aylantirish kabi asosiy masalalar diqqat markazidan joy olganligi taʼkidlandi.

    Uchrashuvda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda davlat va xususiy biznes hamkorligini rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, ayniqsa, yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish toʻgʻrisida fikr yuritildi.

    Nomzod tomonidan ilgari surilgag Saylovoldi dasturiga koʻra, maʼnaviy tarbiyaning ustuvorligini taʼminlash uchun “Adolat” SDP davlat barcha madaniy, tarixiy yodgorliklarni va tabiat yodgorliklarini roʻyxatdan oʻtkazishi va saqlashi, ularga mablagʻ ajratishini shartligi qayd etildi. Milliy va tarixiy qadriyatlarimizga asoslangan “Jamiyatda yurish-turish odob-axloq qoidalari”ni yaratish va joriy etish gʻoyasi ilgari surildi.

    Aholini sifatli tibbiy xizmat bilan taʼminlash, fuqarolar orasida tibbiy madaniyatni shakllantirish singari ijtimoiy masalalarning dasturdan joy olganligi alohida qayd etildi. Mamlakat uchun zamonaviy, yuqori intellektual kadrlarni tayyorlashda taʼlim tizimining barcha bosqichidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish va jadallashtirish gʻoyalari ham maʼqullandi.

    Nomzod Bahrom Abduhalimov saylovchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha, hayotiy misollar bilan asosli javoblar berdi.

    Saylovoldi dastur yuzasidan fikr-mulohaza bildirgan saylovchilar vakillari nomzodni qoʻllab-quvvatlab, 24-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzod Bahrom Abduhalimovga ovoz berishga chorladilar.