Farg‘ona shahridagi Tadbirkorlar uyida bo‘lib o‘tgan tadbirni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisova saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilib, undagi ustuvor yo‘nalishlar bilan saylovchilarni tanishtirdi. Unda olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun “Qishloq shifokori” va “Qishloq o‘qituvchisi” dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash, aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish masalalariga to‘xtab o‘tildi.
Prezidentlikka nomzodning dasturida yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash, ish bilan ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surilgan.
–Biz saylov jarayonlari uchun «Barchaga g‘amxo‘rlik – davlatning burchi!» degan shiorni ham ilgari surmoqdamiz, – deydi Maqsuda Vorisova. – Qo‘l bilan berganga qush to‘ymas, degan naql bejiz aytilmagan. Avvalo, yurtdoshlarimiz uchun ish o‘rni, munosib mehnat sharoitini yaratib berishimiz kerak. Inson samarali mehnat qilsa, yaxshi daromad topadi. Biz Farg‘onani bilamizki, bu yerda dangasa odamning o‘zi yo‘q. Bir qarich yerdan katta daromad ko‘rayotgan oilalar ko‘plab topiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash ham asosiy vazifalarimizdan sanaladi. Farg‘ona viloyatida bugungi kunda 56 ming 893 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi. 30 ta maxsus maktab-internatlar faoliyat ko‘rsatmoqda, uyda ta’lim oluvchilar bor. Ularni har tomonlama ijtimoiy himoya qilishimiz kerak.
Qishloq xo‘jaligi – mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan hisoblanadi. Soha rivoji oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, respublikaning eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Dasturdan qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish vazifasi o‘rin olgan.
Uchrashuvda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan Prezidentlikka nomzodga murojaat qildi, Farg‘ona viloyatini hudud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish borasida takliflarini bildirdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisovaning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlab, barchani saylovda ushbu nomzodga ovoz berishga da’vat qildi.