Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boshlangan ochiq muloqotda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi Alisher Pardayev saylovchilarni nomzodning tarjimayi holi bilan tanishtirdi. Maqsuda Vorisovaning hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi.

Ayni paytda Xalq demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisova ishtirokchilarni saylovoldi dasturi bilan tanishtirmoqda.

–Biz barchamiz mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea arafasida turibmiz. Bu yilgi saylovoldi tadbirlari oldingi yillardagidan mutlaqo boshqacha ochiq va shaffof oʻtmoqda. Bu jarayonda Dasturimizning asosiy maqsadi mamlakatimizda ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos davlat qurishdir, – dedi nomzod.

– Bunga erishish uchun biz aholi keng qatlamlari farovonligi taʼminlanishi, har bir oila oʻzining birlamchi hayotiy ehtiyojlarini qondirishi, qulay uy-joy, uzluksiz energiya taʼminoti, tabiiy gaz va ichimlik suvi, sifatli oziq-ovqat, zamonaviy taʼlim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun yetadigan daromad manbaiga ega boʻlmogʻi kerak, deb hisoblaymiz.

Barcha sohalarda ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglikni qaror toptirish, jamiyat aʼzolarining oʻz huquqlarini amalga oshirishi uchun ularga teng imkoniyatlar yaratilishi, fuqarolarning demokratik institutlar orqali xalqimizning ijtimoiy kayfiyatiga, zarur hayotiy ehtiyojlarini amalga oshirishga taʼsir koʻrsatadigan qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash, jamoatchilik ekspertizasi va muhokamalarida keng ishtirok etishini taʼminlash jamiyatda demografik asoslarni mustahkamlaydi, deb hisoblaymiz.

Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.