Taʼkidlash joizki, soʻnggi besh yilda Harakatlar strategiyasi asosida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilga tayangan holda davlat boshqaruvi organlarining ochiqligi va hisobdorligi, mansabdor shaxslarning ish sifatini baholash tizimlari joriy etilib, kadrlarni tanlashga qoʻyiladigan talablar kuchaytirildi.

Konstitutsiyamizning 2-moddasida qayd etilganidek, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar.

Bu elparvar tamoyil davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi. Koʻp oʻtmay, 2016-yil 28-dekabrda Prezidentimizning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasi fuqarolar bilan mutasaddi idoralarni bogʻlovchi tizimga aylandi.

Joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar yoʻlga qoʻyilgani odamlarda muammolarini hal qilish mumkinligiga katta umid va ishonch uygʻotdi. Davlat idoralari quyi tizimga tushib, aholi ehtiyojlari va talablari asosida ishlashni boshladi.

Xalq qabulxonalari orqali va sayyor qabullarda koʻtarilgan dolzarb muammolar tahlili koʻplab islohotlarga ham sabab boʻldi. Masalan, 4 yil oldin valyuta ayriboshlash, propiska, pensiya va nafaqalarni naqd pulda olish masalalari boʻyicha har oyda oʻrtacha 100 mingta murojaat tushgan. Bu sohalarda qulaylik yaratilib, muammolar tizimli hal etilgani tufayli ularga oid murojaatlar butunlay toʻxtagan.

Bu borada ixcham va professional davlat boshqaruviga oid muhim islohotlarni ajratib koʻrsatish mumkin.

Birinchidan, Bosh vazir oʻrinbosarlarining bir vaqtning oʻzida aksiyadorlik jamiyati va kompaniyalari hamda davlat ulushi mavjud boʻlgan boshqa tashkilotlarga rahbarlik qilish amaliyoti tugatildi.

Ikkinchidan, davlat boshqaruvi xodimlari soni 15 foiz qisqartirildi.

Uchinchidan, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining doimiy asosda ishlaydigan kotibiyati tashkil etildi.

Toʻrtinchidan, markaziy idora va vazirliklarning 26 ta funksiyasi quyi boʻgʻinlariga oʻtkazildi.

Beshinchidan, davlat organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash va davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish uchun elektron portallar va maʼlumotlar bazalari yaratildi.

Xususan, ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziya olishni soddalashtirish uchun www.license.gov.uz, “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishni taʼminlash uchun birdarcha.uz veb-saytlari yaratildi. Davlat xizmatlarini qayta koʻrib chiqish va optimallashtirish natijasida tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatga olishning tartib-taomillari 4-martaga, roʻyxatga olish uchun zarur vaqt esa 30 daqiqaga qadar qisqartirildi.

Maʼmuriy islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun joriy yilning 22-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturini ishlab chiqish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Mazkur farmoyishdan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladigan strategik hujjat Yangi Oʻzbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish orqali aholi farovonligini taʼminlash va “mobil boshqaruv apparati”ni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Maʼlumki, davlat organi qancha koʻp boʻlsa, soliq toʻlovchilarga shuncha koʻp yuk tushadi, byurokratiya koʻpayadi. Shu sababli, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan maʼmuriy islohotlar orqali ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka qaratilgan boshqaruv tizimi bir qator muhim maqsadlarga xizmat qiladi.

Birinchidan, ortiqcha, bir-birini takrorlaydigan tuzilmalarni qisqartiriladi.

Ikkinchidan, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni tezkorlik hal etishda davlat boshqaruv organlari faoliyatini raqamlashtirishni yanada takomillashtiriladi.

Uchinchidan, qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan markaziy va mahalliy rahbarlarning hisobot berish tizimini yangi sifat bosqichiga olib chiqiladi.

Toʻrtinchidan, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi aniq belgilanadi.

Beshinchidan, davlat boshqaruvi tizimi va maʼmuriy tartib-taomillarni optimallashtirish orqali davlat byudjeti ortiqcha sarf-xarajatlar va yuklamalardan xalos boʻladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari hayotga izchil tatbiq etilishi mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimi ixcham, professional, adolatli, yuqori natijador boʻlishiga xizmat qiladi.

Bekzod NARIMONOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti

konstitutsiyaviy huquq kafedrasi mudiri