Professor Ahmet Shimshirgil: Amir Temur haqida aytilgan 4 ta yolgʻon xususida

    Ijtimoiy hayot 9 Aprel 2021 5273

    O'zbekning ulug'i Amir Temur tug'ilgan kunining 685 yilligi munosabati bilan Fanlar akademiyasi Tarix institutida xalqaro ilmiy yig'in o'tkazildi.

    Unda Oʻzbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiyada Sohibqiron hayoti va faoliyati boʻyicha keng koʻlamli tadqiqotlar olib borayotgan yetuk olimlar va yosh tadqiqotchilar uzoqdan ( onlayn) qatnashdilar.

    Anjumanni Tarix instituti direktori, professor Azamat Ziyo ochib berdi va Amir Temurning dunyo tarixidagi oʻrni xaqida soʻz yuritib, buyuk bobomiz qoldirgan boy va tengsiz merosni Turkiya, Ozarbayjon va boshqa qardosh mamlakatlarning olimlari bilan birgalikda oʻrganish vaqti kelganini alohida taʼkidlab, qoʻshma loyihalar olib borishni taklif etdi.

    Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Tarix institutidan akademik Yoqub Mahmudov “Amir Temur dunyo tarixining daho sarkardasi” nomli maʼruzasida Sohibqiron shaxsining turk dunyosi uchun ahamiyati yuqori boʻlgan daho qoʻmondon, aqlli siyosatchi, turkiy xalqlarni birlashtirish yoʻlida markazlashgan davlat tuzishga erishgan yetakchi boʻlganiga eʼtibor qaratdi.

    Shu bilan birga ozarbayjon xalqining Amir Temurga hurmat-ehtiromi, muhabbati kuchli ekanini eʼtirof etib, turkiy xalqlarning umumiy tarixini qaytadan oʻrganish taklifini ilgari surdi.

    Begonalar tomonidan yozilgan tarix turkiy xalqlarni bir-biridan uzoqlashtirgani, urushtirib qoʻyganini taʼkidlar ekan, birgalikda xalqlarimizni yana-da yaqinlashtirish uchun tariximizni yaqinlashtirish, birga oʻrganish, maktab va universitetlarimizda umumiy tariximizni oʻqitish muhim vazifaligini ilgari surdi.

    Turkiyaning Marmara universiteti professori Ahmet Shimshirgil “Turkiyada Amir Temur qiyofasi va haqiqatlar” nomli maʼruzasida litseyda oʻqigan kezlarida Amir Temurning qattiq qoralangani, uni salbiy qiyofada tasvirlangani, keyinchalik izlanishlari natijasida haqiqatlar aslida boshqacha ekani masalasini oʻrtaga tashladi.

    Sohibqironning bu qadar yanglish va yolgʻon tanitilishiga asosiy sabab ikki arab tarixchisi Ibn Arabshoh va Ibn Tagʻriberdining xolis boʻlmagan fikrlaridir, deb soʻz yuritar ekan, Ahmet Shimshirgil ushbu tarixchilarning oʻz asarlaridagi iddaolarini tahlil qildi, rus olimlaridan V.Bartoldning Amir Temur haqidagi bir yoqlama yondashuvlarini tanqid ostiga olib, kerakli asoslar keltirdi. Ahmet Shimshirgil Amir Temur xaqida aytilgan 4 ta yolgʻonni sharhlab, xolis tahlil qilib berdi.

    Amir Temur xaqida uydirilgan yolgʻonlar quyidagilar boʻlib, birinchi yolgʻon Amir Temurning Sivasda 70 ming insonni qatl qilgani, holbuki u davrda Sivas aholisi 15 ming atrofida boʻlgan; ikkinchisi, Yildirim Boyazidni qafasga solib sharmanda qilgani haqidagi yolgʻon - aslida Amir Temur Boyazidga podshohlarga xos hurmat koʻrsatgan; uchinchisi, turk hukmdori ayollarining sharmanda qilingani haqidagi yolgʻon; toʻrtinchisi esa, Toʻxtamishxonning yengilishi natijasida Rusiyaning kuchayishi haqidagi yolgʻon – Rus davlatining kuchayishi Amir Temur tomonidan Oltin Oʻrdaning qulatishiga hech qanday bogʻliq emas, deb koʻrsatib berdi.

    Ahmet Shimshirgil oʻz maʼruzasida Amir Temur madaniyat va maʼrifat homiysi, olimlarga alohida hurmat koʻrsatgan ulugʻ inson, deb taʼrif berar ekan, turkiy xalqlar tomonidan jiddiy tadqiqotlar olib borish orqali yoshlarga xolis tarixni oʻqitish hamda oʻrgatishni taklif etdi.

    Turkiyaning Istambul madaniyat universiteti professori Hayrunniso Alan “Amir Temurning qudalari” nomli maʼruzasida xonadonlarning sulhi va kelajagida quda-andachilikning juda muhim boʻlganiga eʼtibor qaratdi. Hayrunniso Alan “Muiz al-ansob” asari asosida Amir Temur va uning quda-andachiligini besh qismga ajratgan holda tahlil qilib berdi. Sohibqironning singgillari, qizlari, xotinlari va kelinlari hamda asosan quda-andachilikda arlot, barlos, jaloyir kabi urugʻlar, tarxonlar bilan nikoh tuzganligi xususida toʻxtaldi.

    Xoʻjand davlat universiteti dotsenti Boʻston Tursunov “Temur va temuriylar davri tojik tarixshunosligida (sovet va mustaqillik davri)” maʼruzasida xozirgi Tojikistonda Amir Temur va temuriylar davri tarixshunosligi xususida oʻz fikr mulohazalarini bildirar ekan, sovet davrida va hozirda yaratilgan asarlar, tadqiqotlarni tahlil qilib berdi.

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti katta ilmiy xodimi Nizomiddin Gulboyev Amir Temur harbiy jang sanʼatining jahonda oʻrganilishiga eʼtibor qaratdi. U oʻz chiqishida Sohibqiron qoʻshinining turlari, jangda qoʻllangan harbiy usullarini manbalardagi maʼlumotlar asosida yoritib berdi.

    Fanlar akademiyasi Tarix institutining yana bir yosh olimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Qaxramon Yoqubovning maʼruzasi Amir Temur davriga oid vaqfnomalarga bagʻishlangan boʻlib, unda arxiv jamgʻarmalarida saqlanayotgan, temuriylar davriga oid nodir vaqf xujjatlari xususida maʼlumotlar berildi.

    Ushbu anjuman Amir Temur shaxsini oʻrganilmagan jihatlari koʻp ekani, oldimizda muhim ilmiy vazifalar turganini yana bir bor koʻrsatdi. Ayniqsa, tadbirda ishtirok etgan olimlar tomonidan hamkorlikda tadqiqotlar olib borish boʻyicha yakdil fikrlar, takliflar oʻrtaga tashlangani ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga, milliy tariximizni keng koʻlamda oʻrganishga xizmat qiladi.

    Sherzodxon Mahmudov,

    FA Tarix instituti direktorining

    ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari,

    tarix fanlari nomzodi