Ha, ahli olam nigohi bir necha kun davomida koʻhna Turonu Turkiston zaminidagi ulugʻ yurt — Oʻzbekistonga qadaldi. Yer yuzi zilzila girdobidagi daraxt kabi qaltirab, titrab turgan tahlikali zamonda jahondagi 140 ga yaqin davlatdan kelgan siyosatchilar, parlament aʼzolari, xalqaro tashkilotlar vakillari oʻzbek tuprogʻida bir davra, bir dasturxon atrofida oʻtirib, insoniyat taqdiriga tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, davlatlar, millatlar oʻrtasidagi bordi-keldilarni kuchaytirish choralari haqida fikrlashdi, muhim qarorlar qabul qildi.

Zotan, bugun dunyo yangicha qoidalar asosida yashamoqda. Kechqurun uyquga ketib, erta tongda sizni nimalar kutayotganini, katta-katta minbarlardan yana qanday bayonotlar, daʼvolar yangrashini taxmin ham, tasavvur ham qila olmaysiz. Rossiya va Ukraina, Isroil va Falastin oʻrtasidagi mojaro, Gʻazoda yosh bolalar va ayollar oʻlimining oxiri koʻrinmayotgani, Suriyadagi vaziyat, Eron — AQSH munosabatlaridagi keskinlik, Livandagi notinchlik, yakkalanib qolgan Afgʻoniston, qudratli ­davlatlar oʻrtasida boshlangan va avj olayotgan “boj jangi”, AQSH va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi sovuqlik, BMTga ishonchsizlik, xalqaro qonun-qoidalarni mensimaslik va yadroviy tahdidlar fonida Oʻzbekistonda ikkita yirik xalqaro ­anjuman oʻtgani chin maʼnoda eʼtiborga lo­yiq boʻldi. Jahon ahlining Oʻzbekis­tonga eʼtibor, ehtirom va mehru muhabbatini yangi pogʻonalarga olib chiqdi.

Birinchisi, 3-4-aprel kunlari qadimiy Samarqand zaminida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitidir. “Kelajakka sarmoyalar” shiori ostida oʻtgan ushbu tadbir dunyo xalqaro ­ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Anjuman eng muhim muammolar — davlatlar, xalqlar, mintaqalar oʻrtasidagi doʻstlikni mustahkamlashga, oʻzaro mahkam iqtisodiy hamjihatlikka, ijtimoiy, madaniy taraqqiyotga bagʻishlandi.

Tadbirda Yevropa Ittifoqi rahbarlari Antoniu Koshta va Ursula fon der ­Lyayen, Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir ­Japarov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso hamda Yevropa investitsiya banki rahbariyati ishtirok etdi.

Yigʻilishda delegatsiyalar rahbarlari ikki mintaqa oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha takliflar bildirdi. Sunʼiy intellekt, “katta maʼlumotlar”, raqamlashtirish va kosmik tadqiqotlar sohasida ilmiy-texnologik almashinuv boʻyicha qoʻshma dastur ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan Yevropa Ittifoqining birinchi sammitida terrorizm, ekstremizm, radikalizm, kiberjinoyatchilik, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi.

Nufuzli anjumanda yevropalik hamkorlarning terrorizmga qarshi kurash masalalari boʻyicha muloqotni yoʻlga qoʻyish taklifi yakdillik bilan qoʻllab-quvvatlandi. Yevropa Ittifoqining mintaqa xavfsizligiga sodiqligini ifodalaydigan “BOMCA” va “CADAP” dasturlari doirasidagi amaliy hamkorlikni, shuningdek, Afgʻonistonda tinch taraqqiyotni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Birinchi sammit yakunida ikki mintaqa oʻrtasida strategik sheriklik oʻrnatishni nazarda tutuvchi qoʻshma deklaratsiya va oʻta muhim minerallar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya qabul qilindi.

Samarqand mashvarati yana bir bor Oʻzbekistonning dunyo siyosatida tutayotgan oʻrni, Oʻzbekiston timsolida mintaqa mamlakatlari xalqlari, rahbarlari yakdilligini, bu mintaqa dunyo siyosatida oʻziga xos rol oʻynashi mumkinligini yaqqol koʻrsatdi.

Ayni chogʻda Yevropaning qadim Turonzamin oʻlkalari bilan hamkorligi ayrim “doʻstlarimiz”ga yoqmagani, ularning paytavasiga qurt tushganini ham esdan chiqarmaslik lozim...

Kuni kecha Toshkentda nihoyasiga yetgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi esa chin maʼnoda Oʻzbekiston va u tutgan yoʻl qanchalar toʻgʻri ekaniga yana bir yorqin misol. Anjumanda 140 ga yaqin davlatning 2 mingdan ziyod delegati qatnashdi. Oʻzbekiston poytaxtida ­dunyodagi vaziyat, muammolar tilga olindi, tahlil qilindi.

Ayniqsa, anjumanda Oʻzbekiston Prezidentining ishtiroki va soʻzlagan nutqi millionlab dillarda birdek aks sado berganini alohida taʼkidlash joiz. Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgani, ­Ukraina inqirozi BMT rahbarligida, amaldagi xalqaro huquq normalari asosida hal etilishi lozimligi, Falastin inqirozi uchun yagona yechim “ikki xalq uchun — ikki davlat” tamoyili ekani, Afgʻonistonni oʻz muammolari bilan yolgʻiz qoldirmaslik, qayta tiklanadigan energiyaga ustuvorlik berish, “yashil” texnologiyalarga oʻtishni ragʻbatlantirish — kelajak avlodlar oldidagi majburiyatlar, sunʼiy intellekt sohasida butun dunyoda oʻyin qoidalari bir xil boʻlishi kerakligi, Parlamentlararo Ittifoq tizimida Yoshlar parlamentlarining global platformasi zarurligi, butun dunyo kambagʻallikdan qutulish yoʻlini birgalikda izlashi lozimligi haqidagi takliflar xalqimizning xohish-irodasi, ovozi oʻlaroq yangradi.

Eʼtirof etish lozim, safida 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy ­uyushmani birlashtirgan mazkur ittifoqning ­yubiley Assambleyasi nafaqat ­Oʻzbekis­ton yoki

Markaziy Osiyo mintaqasida, MDH hududida ham ilk bor boʻlib oʻtdi.

“Bunday yuksak ishonch va ehtiromni biz yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar, parlamentarizm va vakillik hokimiyatini rivojlantirish ­borasida erishilayotgan katta natijalarning eʼtirofi, deb qabul qilamiz.

Men ham 15 yil davomida parlament ­aʼzosi boʻlganman. Dunyoni tinch-osoyishta, jamiyatlarni yanada farovon qilishga qaratilgan olijanob faoliyatingiz naqadar masʼuliyatli ekanini yaxshi bilaman va tushunaman.

Sizlar — bamisoli xalqlarni bir-biriga bogʻlovchi mustahkam doʻstlik koʻprigisiz. Sizlar — odamlarning dardu tashvishi va muammolarini eng quyi tizimdan boshlab, kerak boʻlsa, mintaqaviy va xalqaro miqyosga olib chiqishga, ularga samarali yechim topishga qodir boʻlgan qudratli kuchsizlar”, deb taʼkidladi oʻz nutqida Oʻzbekiston Prezidenti.

Yaqinda eʼlon qilingan “Parlamentdagi ayollar: 1995-2025-yillar” hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston Osiyo mintaqasida eng yuqori koʻrsatkichga erishdi, shuningdek, soʻnggi 30 yil ichida ayol deputatlar soni oʻsishi boʻyicha ham yetakchi boʻlib kelmoqda. Oʻzbekistonda kuchli parlamentni barpo etish, samarali parlament diplomatiyasini tatbiq qilish uchun keng sharoitlar yaratilmoqda.

Oʻzbekiston parlament yoʻnalishida global ahamiyatga molik qator xalqaro tashab­buslarni ilgari surib kelayotgani bunga yorqin misol. Xususan, BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilinishi bunga dalil.

Parlamentlararo Ittifoqning mazkur sessiyasida shu kunning eng dolzarb masala va muammolari tahlil etildi. Anjuman davomida jahonning nufuzli parlament delegatsiyalari tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish, kambagʻallikni qisqartirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquqlari himoyasi, gender tenglikka erishish, ilm-fan, texnologiyalarni rivojlantirish hamda dolzarb mavzular muhokama qilindi. Maqsad — parlamentlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va demokratiyani mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratishdan iborat edi, albatta.

Anjuman doirasida qariyb 80 ta tadbir oʻtkazildi. Ularning har birida bugungi kun uchun dolzarb boʻlgan mintaqaviy va xalqaro masalalar koʻrib chiqildi. Mashvaratda nafaqat Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo, Yevropa, balki umumjahonning dolzarb masala va ­muammolari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xalqaro Assambleya Oʻzbekiston parlamenti tashabbusi bilan “Ijtimoiy ­taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” mavzusida oʻtkazilgani chuqur ramziy maʼnoga ega. Bugungi kunda yangi Oʻzbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar va pragmatik tashqi siyosat yoʻlidan dadil qadam tashlab, dunyo hamjamiyati bilan toʻgʻridan toʻgʻri, ochiq va jadal muloqot qilmoqda.

Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solyapti. Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi qatnash­chilarining taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli toʻqnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdid­lari tobora kuchayib bormoqda.

Bunday murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni taʼminlashda parlamentlar ishtiroki va taʼsirini oshirishni zamonning oʻzi talab etmoqda. Ayrim davlatlarda soʻng­gi yillarda urushga qarshi chiqish, otishmalarni toʻxtatish, tinchlik va yarashish uchun kurashish, ming afsuski, ochiq taʼqib ostiga olinyapti. Bunday hollarga befarq qarash mumkin emas.

Oʻzbekiston parlamentariylarining bu sohadagi barcha taklif va tashabbuslari Parlamentlararo Ittifoqning strategik maqsadlariga toʻla mos ekani anjuman qatnashchilari tomonidan qayd etilgani, shu bilan birga, yondashuvlarimiz tarixiy assambleya yakunlari boʻyicha qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida ham oʻz ifodasini topgani quvonarlidir, albatta.

Davlatimiz rahbari maʼruzasida dunyo­da yuz berayotgan voqea-hodisalarni real, xolisona tahlil qilgani, oʻrtaga tashlagan muhim va dolzarb takliflari qatori yigʻilish ishtirokchilariga mamlakatimizda

parlament institutini rivojlantirish boʻyicha qilingan ishlar haqida batafsil maʼlumot berib oʻtgani, ayniqsa, eʼtiborli.

Soʻnggi yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari

5 tadan 12 taga, Senat vakolatlari esa

14 tadan 18 taga oshirildi. Prezidentning qator vakolatlari qonun chiqaruvchi hoki­miyatga oʻtkazildi. Milliy parlamentimizda xotin-qizlar ulushi bugun 38 foizga yetdi. 2021-yili Oliy Majlis palatalari huzurida ilk bor yoshlar parlamentlari ­faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bunday maʼlumotlarni uchrashuv ishtirokchilari iliq kutib oldi. Mamlakatimiz vakillari Osiyo Parlamentlari Assambleyasi, Markaziy Osiyo parlamentlari forumi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi, MDH Parlament Assambleyasi kabi tuzilmalarda faol ishtirok etayotgani, bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston katta dunyoga ochiq, har qanday doʻstona muloqotlarga tayyor ekani Prezidentimiz tomonidan alohida qayd etildi.

Oxirgi yillarda yurtimizda BMT institutlari va Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda Osiyo xotin-qizlar forumi va Jahon parlamentlari ayol rahbarlari sammiti muvaffaqiyatli oʻtkazilgani ham Oʻzbekistonda xotin-qizlarning oʻrni alohida ekaniga yorqin dalildir.

Oʻzbekiston Prezidentining Assambleyada soʻzlagan nutqidagi yana bir muhim jihat yon qoʻshnimiz Afgʻoniston masalasidir. Men davlatimiz rahbarining “Bizga qoʻshni boʻlgan Afgʻoniston haqida toʻxtalib oʻtmaslik mumkin emas. Ushbu mamlakatning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot oʻrnatish, Afgʻonistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim, deb hisob­laymiz. Bu borada parlamentlarning koʻmagiga ishonamiz”, degan soʻzlarini ting­laganda, taniqli shoir va mutafakkir, siyosatchi Muhammad Iqbolning bundan 120-yillar burun aytib ketgan quyidagi soʻzlarini esladim beixtiyor: “Osiyoda bir daraxt bor. U yashnasa, butun Osiyo gurkirab yashnaydi, agar qovjirab qolsa, uning bu holati butun Osiyoga taʼsir qiladi. Bilingki, bu daraxt Afgʻonistondir”. Ha, yon qoʻshnimiz Afgʻoniston gullab-yashnashi kerak.

Albatta, dunyodagi hech bir davlat va jamiyat faqat koʻplab qonun yoki qarorlar qabul qilish bilan rivojlana olmaydi. Barchamiz bu yoʻlda birlashib, qonun ijodkorligi ruhini kuchaytirib, bor bilim va tajribamizni yagona maqsad sari safarbar etish orqali umumiy maqsadimizga erisha olamiz deb qayd etdi anjuman qatnashchilari.

Assambleya doirasida oʻtgan turli tadbir va debatlarda parlamentlar oldida turgan eng asosiy vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi hamda istiqbolli rejalar belgilab olindi. Qabul qilingan barcha qarorlar esa koʻp qirrali va uzoq muddatli hamkorligimiz tarixida yangi sahifa ochishiga shubha yoʻq.

Parlamentlararo Ittifoqning Toshkentda oʻtgan 150-yubiley Assambleyasi dunyoda ijtimoiy integratsiya, munosib mehnat, kambagʻallikni qisqartirish va aholining qaror qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish kabi koʻplab shu kunning dolzarb masalalariga doir tarixiy qarorlari bilan nafaqat maxsus qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida, balki Markaziy Osiyo va jahon parlamentariysi tarixida oʻzining munosib oʻrnini egallaydi.

Qadim Turkistonda jam boʻldi dunyo,

Dunyoga nur sochgay bu qutlugʻ ziyo...

Abdusaid KOʻCHIMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi