Bu haqda Bojxona qoʻmitasi maʼlum qildi.
Aniqlanishicha, dorixonalarda qiymati 7 mingdan 26 ming soʻmga qadar boʻlgan “Kaspargin”, “Piratsetam”, “Deksamitazon”, “Askorbin kislotasi” kabi ampula shaklidagi dori vositalarining yozuvi, qadogʻi va yorliqlari oʻzgartirilib, ampulalarni esa boʻyash orqali dorixonalardagi qiymati 70 mingdan 200 ming soʻmgacha boʻlgan “L-Lizin Essinat”, “Tiotsetam”, “Midokalm”, “Retobolil”, “Diprospan” va “Aktovegen” kabi dorilar nomiga oʻzgartirilgan.
Ekspertiza dori vositalari qalbakilashtirilganligi, ularning muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmaganligi va saqlash sharoitlariga amal qilinmaganligini tasdiqladi.
Tezkor tadbirlar davomida yashirin sehda aniqlangan dorilarning umumiy qiymati 89 mln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa-da, ularni qalbakalashtirish orqali savdoga chiqarib, 625 mln. soʻmgacha sotilishi mumkin edi.
Moʻmay daromad ilinjida yurtdoshlarimizni hech ikkilanmay nafaqat ortiqcha sarf-harajatga, balki salomatligini ham jiddiy xavf ostiga qoʻyayotgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.