Har bir inson farzandiga dunyodagi barcha yaxshiligu ezguliklarni tilaydi. Oʻzimiz yetisha olmagan orzularimiz, rejalarimizga farzandlarimiz erishishini istaymiz. Yoki aksincha, xatolarimiz farzandlarimizda ham takrorlanishini istamaymiz. Imkon qadar ular hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashamiz. Sir emaski, bolalikda egallangan bilim inson xotirasida bir umr qoladi.

Prezidentimiz raisligida shu yil 5-fevral kuni oʻtkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda taʼlim tizimidagi ahvol tanqidiy tahlil qilinib, kelgusi rejalar belgilab berildi. Maktabgacha taʼlim sohasidagi islohotlar natijasida bugungi kunda yurtimizda maktabgacha taʼlimda qamrov 74 foizga yetdi. 2016-yil bilan taqqoslasak, bu koʻrsatkich oʻsha yili 27 foizni tashkil etgan.

Maktabgacha taʼlim bolaning hissiy rivojlanishi, shaxsiyatini shakllantirish va uning jamoadagi rolini anglashga koʻmak beradigan vositadir. Bolalar aynan bogʻchada intizom va masʼuliyatni oʻrganadi. Dunyoga boshqa nigoh bilan qaray boshlaydi. Oʻz vaqtida ovqatlanish, inson salomatligi uchun muhim boʻlgan bir rejimga tushishni oʻzlashtiradi. Boshqalarni hurmat qilish va oʻzini jamoaning bir qismi deb bilishga odatlanadi. Baʼzan oila aʼzolaridan uzoqlashish bolalarga mustaqillik va masʼuliyatni toʻliq namoyon qilish imkonini beradi. Bola oʻzi kiyinishni, ovqatlanish va hatto, oʻynashni boshlaydi. Dunyoni anglash, miyani rivojlantirish oson kechadi. Umuman, bolalar bogʻchasi oʻziga xos parallel dunyo boʻlib, bola tinglashni-eshitishni, qarashni-koʻrishni, taqqoslashni, his qilish va sinab koʻrishni oʻrganadi, hatto siz harakat qilsangiz ham, uyda yaratib bera olmaydigan muhitda hayotga tayyor boʻlib boradi.

Farzandning bogʻchaga borishi ota-onalar uchun oʻz maqsadlarini amalga oshirish, majburiyatini toʻkis bajarish imkoniyatini yaratadi.

Birinchidan, ota ham, ona ham mehnat qilib, ilm-hunar tutib, ijtimoiy-iqtisodiy faol insonlarga aylanadi.

Ikkinchidan, daromad topib, oilasining turmush sharoitini yaxshilash, bolalarini yaxshi boqish, rivojlantirish uchun qoʻshimcha jamgʻarma toʻplay oladi.

Uchinchidan, ota-onalar koʻproq vaqtga ega boʻlib, oʻzini ham rivojlantiradi.

Bu omillar nafaqat oilalar, butun jamiyat yaxshilanishiga asos boʻladi. Shular haqida oʻylasak, Prezidentimizning qatʼiy irodasi va talabi bilan maktabgacha taʼlim qamrovi 74 foizga yetkazilgani naqadar muhim ekani yanada oydinlashadi. Albatta, bunday natijalarga osonlik bilan erishilayotgani yoʻq. Hali joylarda kamchiliklar, haqiqiy sifat bosqichiga oʻtish boʻyicha katta vazifalar turibdi.

Yigʻilishda bu yil davlat bogʻchalari quvvati yana 10 ming oʻringa, xususiy bogʻchalarda 50 ming oʻringa oshirilishi lozimligi, olis qishloq joylarda bogʻcha tashkil etish ishlarini kuchaytirish kerakligi taʼkidlanib, zarur topshiriqlar berildi. Bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrovini oshirish haqida gap borar ekan, ularga taʼlim beruvchi tarbiyachilarning bilimini oshirishga eʼtibor qaratish ham muhim masalalardan biridir. Afsuski, har yili bogʻcha tarbiyachilarining oʻrtacha bor-yoʻgʻi 9 foizi malaka oshirishga intilmoqda.

Har bir oilaning farzandi maktabgacha taʼlim muassasasiga borishi uchun intilayotgan ekanmiz, ularning qimmatli vaqti zoye ketmasligiga ham masʼulmiz. Bogʻchada bolalar qiziqarli oʻyinlar, belgilangan dasturlar asosida bilimga ega boʻlib borishi, vaqtini chogʻ oʻtkazishi zarur. Yurtimizdagi 12 mingta oilaviy bogʻchada davlat taʼlim standartidagi oʻquv-metodik materiallar yetarli emasligi oʻrinli tanqid qilindi. Bogʻcha bolalar ishtiyoq bilan boradigan, intiladigan sevimli maskanga aylanishi muhim. Agar bogʻchalardagi qamrovni oshirib, u yerdagi tarbiyachilar malakasiga eʼtibor qaratmas ekanmiz, bu islohotlar zanjiridagi uzilishga olib keladi. Shuni inobatga olgan holda, 250 ta davlat bogʻchasida taʼlim va tarbiya sifatini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy qilish topshirildi. Bogʻchalarni milliy qadriyatlarimizga mos yagona standartlar asosida oʻquv-metodik materiallar bilan taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Bogʻchalar nafaqat bolalarga ota-onasi kelguncha qarab turishi, shu bilan birga, ularga tarbiya, taʼlim berish vazifasini ham astoydil, zamon talablari darajasida bajarishi kerak. Bunga intilmagan bogʻchalar, tarbiyachilar ota-onalarning, asosiysi, bolalarning ishonchi, mehrini qozonishi qiyin. Shuning uchun har bir maktabgacha taʼlim tashkiloti endi oʻzini rivojlantirish haqida qaygʻurishi lozim. Davlatimiz rahbari belgilagan vazifalar zamirida mana shunday chaqiriq ham bor, albatta.

Pedagog maqomi qonun bilan himoyalandi

Maktab imkoniyatlar eshigini ochadi. Oʻquvchi qaysi mashgʻulot maroqliligini, qanday qobiliyati borligini ajratib, anglab olishi bilan bir qatorda, kelajakda qaysi kasbni tanlashini ham maktab davrida hal qiladi. Bugungi kunda maktabda aksariyat oʻqituvchilarning kasbiga munosabati oʻzgargan, mehri oshgan. Oʻz ustida ishlab, bilimini oshirib borayotgan, oʻziga xos metodika asosida yutuqqa erishayotgan oʻqituvchilar eʼtirof etilmoqda, qadr topmoqda. Oʻqituvchilar hurmatga eng loyiq inson ekanini hayotning oʻzi anglatib qoʻydi. Endi eski qarashlar yoʻq. Oʻqituvchilarni bir yilda bir marotaba, bayramda eʼzozlash emas, har kuni va har lahza qadrlash lozimligi hayotiy eʼtiqodga aylanmoqda.

Mamlakatimizda joriy yil 1-fevraldan “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirdi. Ushbu qonun bilan pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasida ekani belgilab qoʻyildi. Pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan taʼlim oluvchilarning bilimini toʻgʻri va xolis baholashga taʼsir koʻrsatish, shuningdek, unga oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishga toʻsqinlik qilish taʼqiqlandi.

Natija eʼtiborga mos boʻlishi kerak

Yigʻilishda taʼkidlanishicha, joriy yilda maktabgacha va maktab taʼlimiga 46 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratish rejalashtirilgan. Biroq, oʻquvchining bilimi maqsad qilingan koʻrsatkichga yetmagani tanqid qilindi. Yaʼni, 1-11 sinflarda xorijiy tilga ajratilgan 984 soat doirasida oʻquvchilarning yarmi ham “B1» darajaga ega boʻla olmayapti. Shuningdek, ayrim hududlardagi malaka oshirish markazlarining faoliyati koʻrinmayapti.

Shundan kelib chiqib, maktab taʼlimidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan vazifalar belgilab berildi. Maktablarda matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar boʻyicha oʻquv reja va dasturlarini xalqaro standartlar asosida yangilash, oʻquvchilar bilimi, tahliliy, tanqidiy va kreativ fikrlashi, muammolarga yechim topib, amaliyotda qoʻllay olish koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan oʻquv metodikalarini ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek, maktablarda tarbiya va maʼnaviyat ogʻriqli masalalardan biri ekani taʼkidlandi. Oʻtgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 mingta jinoyat sodir etgan. Shundan 2 ming 280 nafarini maktab oʻquvchilari tashkil qiladi. Soʻrov maktab direktoridan boʻlyapti, lekin Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiyaga masʼul hokimlar har hafta bitta maktabga borib, oʻquvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shugʻullanmayapti, dedi davlatimiz rahbari.

Maktab insonni fikrlashga, tahlil qilishga, muammolarni mustaqil hal qilishga va oʻzini-oʻzi tarbiyalashga oʻrgatadi. Maktabga nafaqat bilim olish, balki shaxs sifatida yetishish uchun boriladi.

Joriy yilda Prezident maktablari taʼlim dasturi yana 1 mingta maktabda boshlanadi. Hokimlar esa ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga masʼul qilib qoʻyildi.

Bugungi kunda maktablar mutlaqo yangicha formatda bunyod etilmoqda, qoʻshimcha binolar qurilmoqda, qayta taʼmirlanmoqda. Har bir maktabni zamon talablari asosida jihozlash, moddiy-texnik bazasini ilgʻor davlatlardagi singari yangilash talabi qoʻyilmoqda. Zamonaviy oʻquv va badiiy adabiyotlar xarid qilinmoqda. Lekin taʼlim mazmunini, dasturlari va darslarini kuchaytirish, ilgʻor davlatlardagi tajriba bilan uygʻunlashtirish soha fidoyilarining zimmasida boʻlib qolaveradi.

Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda taʼlim sifatini yaxshilash, oʻqituvchilarning malakasini yanada oshirish masalasiga oʻzgacha nuqtai nazardan yondashilmoqda. Xalqaro tajriba oʻrganilib, eng samarali deb topilgan usullar taʼlim tizimiga olib kirilmoqda. Dasturlar, meʼyor va standartlar oʻzgarsa, albatta, bolalarning taʼlim, tarbiya darajasi ham shunga mos boʻlishni boshlaydi. Hududlardagi Prezident maktablari oʻquvchilari katta natijalarga erishayotgani, har tomonlama oʻzlarini koʻrsatayotgani boshqa oʻquvchilar, ota-onalarning ham ushbu maktablar dasturiga qiziqishini oshirganini alohida taʼkidlash kerak.

Taʼlim sohasidagi yutuqlarimizdan biri maktablarda 500 nafar “til egalari” ish boshlagani oʻz samarasini berayotganidir. Dunyo tillarini puxta bilmay turib, dunyoviy bilimlarni egallab boʻlmaydi. Farzandlarimizni bolalikdanoq bir nechta tilda soʻzlasha olishga oʻrgatish ularning kelgusida ham oʻqish, bilim olish, oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqini ragʻbatlantiradi.

Kasb-hunarli boʻlish muhim va zarurdir

Maktablarda oʻrgatish mumkin boʻlgan 50 ta kasb-hunar roʻyxati tuzilib, har biri boʻyicha oʻquv va amaliyot dasturlari ishlab chiqiladi. Buning uchun maktablarda ustaxonalar tashkil etiladi va “Kasbiy taʼlim ustasi” lavozimi joriy etiladi.

Chindan ham, yoshlarning kasb-hunarli boʻlishi muhimdir. Ota-bobolarimiz kasb-hunarli boʻlish masalasini bejiz hayotiy eʼtiqod darajasiga koʻtarishmagan. Bu yoshlarning oʻzini anglashi, oilada, jamiyatda oʻz oʻrnini his etishi uchun ham zarur.

Maktab taʼlimini tugatib, biror kasbni tanlay olmagan oʻspirinning boʻsh qolishi, yoʻl-yoʻnalish topa olmasligi turli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kasbga oʻrgatish amaliyoti orqali yoshlarga kasb tanlashda yaqindan koʻmakchi boʻlish koʻzda tutilgan. Maktabni bitirayotgan har bir oʻquvchi hech boʻlmaganda 1 kasbning egasi boʻlib chiqishiga erishish, sevgan kasbini topishga yordamlashish insonning oʻzi anglamagan isteʼdodi, imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi. Koʻngilga yaqin kasbni topish mehr berib ishlash, degani hamdir. Jamiyatda oʻz ishini yaxshi koʻrib bajaradigan odamlar, ayniqsa, yoshlar qancha koʻpaysa, umumiy kayfiyat va muhit ham yaxshilanadi.

“Maktab – ota-ona – mahalla” zanjiri

Davlatimiz rahbari taʼlim sohasidagi islohotlarni bosqichma-bosqich takomiliga yetkazishni belgilab berar ekan, qoʻyilayotgan har bir vazifa, topshiriq muhim, dolzarbligini anglaydi kishi.

Maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oʻqituvchilarning malakasini oshirish, taʼlim dasturlari, oʻquv metodikalarini yaxshilash ustida shuncha ishlar olib borilayotgan ekan, davomat masalasini nazardan chetda qoldirib boʻlmaydi. Bu vazifalar, topshiriqlar, mehnatlar kim uchun? Albatta, oʻquvchilar uchun, ularning kelajagi, hayotda oʻz oʻrnini topishi va mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshishi uchun.

Modomiki, ota-onalar farzandlarining maktabga borishini nazorat qilmas, mahalla maktabdan uzoqlashar ekan, yangi natijalar bilan xursand boʻla olmaymiz. Har bir ota-ona farzandi uchun masʼul boʻlishi shart. Har bir mahalla maktabdagi davomat darajasini oʻrganib, maktabga bormayotgan oʻquvchilarning oilaviy sharoiti, muammolarini oʻrganishi, sababini aniqlashi, yechim topishda koʻmakdosh boʻlishi muhim.

Katta mablagʻ, kuch, mehnat sarf qilinib, taʼlim tizimida olib borilayotgan islohotlarni masʼullar, oʻqituvchi-pedagoglar, mahalla, ota-onalar, umuman, barchamiz birdek tushunib, qoʻllab-quvvatlashimiz lozim. Shunda farzandlariga eng yaxshisini tilaydigan xalq ekanimiz taʼlim, tarbiya sifatida ham yaqqol koʻrinadi.

Ulugʻbek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari