Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish borasida Qarshi davlat universitetida ham keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, oliy taʼlim muassasasida hozirgi kunga qadar jami 910 kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi quyosh panellari oʻrnatildi. Shundan foydalanishga yaroqsiz, shoʻrlanish darajasi yuqori, sobiq chiqindixona joylashgan yer maydonida bunyod etilgan geliopoligonda 510 kVt/soat quvvatli quyosh panellari oʻrnatildi.
Oʻz navbatida universitetning barcha binolarini quyosh panellari orqali ishlab chiqariladigan elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi. Natijada bir oyda 152880 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 152 mln 880 ming soʻm mablagʻ tejashga erishildi.
Shuningdek, hozirda soatiga 254,8 kVt ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasiga sotish boʻyicha shartnoma imzolash jarayonlari ketmoqda. Natijada bir oyda 61 mln 152 ming soʻm (61152 kVt) va bir yilda qariyb 734 mln soʻm (733824 kVt) daromad olish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, oliygoh hududida 89 dona 200 Vatt quvvatga ega quyosh panelli tungi yoritgichlar ham oʻrnatildi.
Yurtimiz –serquyosh zamin. Bu esa muqobil, shu jumladan, quyosh energiyasidan foydalanishda katta tabiiy imkoniyat taqdim etadi. Qarshi davlat universitetida qisqa davr ichida “yashil energetika”ga oʻtish borasida mustahkam poydevor qoʻyilib, salmoqli natijalarga erishildi, deyish mumkin.