Masalan, Mirakiga borgan mehmon vaqtini qanday oʻtkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targʻib etish kerak degan edi davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashriflarining birida.
Prezidentimiz joriy yilda viloyatga navbatdagi tashrifi chogʻida ham aynan Shahrisabz tumanidagi Hisor togʻ yonbagʻrida joylashgan sayyohlik hududlarida boʻldi. Bu safar islohotlar ijrosi, maqsadlar, rejalar samarasi koʻzga yaqqol tashlandi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 28-noyabrdagi “Qashqadaryo viloyatining togʻli- rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat koʻrsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida ulkan ishlar bajarilmoqda.
Bugun Qashqadaryo viloyatida 1468 ta moddiy-madaniy meros obyekti mavjud. Shundan 1197 tasi arxeologik yodgorlik, 208 tasi arxitektura, 35 ta monumental, 28 ta diqqatga sazovor obyekt.
Kitob tumanida shu yilning oʻzida ikkita — Qaynar va Hazrati Bashir turizm qishloqlari tashkil etildi. Birgina Hazrati Bashir ziyoratgohiga 2024-yilda 135 ming kishi ziyoratga kelgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 150 mingga yetdi. Ularning 25 nafari chet el fuqarosi. Toʻgʻri, xorijlik sayyohlar soni juda kam, ammo bu manzil turistlar uchun endigina ochilganini hisobga olish lozim. Ziyoratgohga keluvchilarga xizmat koʻrsatish uchun 120 ta xonadonda mehmon uyi tashkil etildi va roʻyxatdan oʻtkazildi. Bu bilan shu atrofda joylashgan Bodomzor, Koyni, Hazrati Bashir qishloqlarida 120 tadan 150 tagacha ish oʻrni ochildi va shuncha odam ish bilan band boʻldi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarori asosida Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida sayyohlar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Umumiy 240 gektar maydonda 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilayotir. Natijada 1700 ta doimiy ish oʻrni ochiladi.
Puxta oʻylangan rejaga asosan, kafelar, kottej tipidagi dam olish uylari, sogʻlomlashtirish va oilaviy dam olish maskanlari, ekstrim park, oromgoh, motel va turizm komplekslari qurish uchun yer maydonlari auksionga qoʻyildi. Bugun barchasida qurilish ishlari bajarilyapti.
Oqsuv daryosining ikki qirgʻogʻi boʻylab piyoda va velosipedda yurish uchun oʻn kilometrli “eko yoʻlak” yotqizildi. Bolalar maydonchasi, koʻngilochar bogʻ, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda koʻchma savdo shoxobchalari mahalla koʻrkiga koʻrk qoʻshdi.
Ayniqsa, Mirakida yaqinda foydalanishga topshirilgan dor yoʻli yurtdoshlarimizga ham, xorijlik sayyohlarga ham birdek ekstremal kayfiyat baxsh etmoqda. Bu yirik loyiha “Miraki Ropeway” MCHJ buyurtmasi asosida “Gold Step Invest” MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Loyiha qiymati 160 milliard soʻmni tashkil etib, dor yoʻli Avstriyaning mashhur Doppelmayr Seibahnen GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Dor yoʻli tizimida 7 ta mustahkam minora, 20 ta 8 oʻrinli Carvatech kabinasi mavjud boʻlib, umumiy uzunligi 2084 metrni tashkil etadi. U har soatda 660 yoʻlovchini tashish imkoniyatiga ega.
— Mahallamizda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan oʻzgarishlar boʻlyapti, — deydi mirakilik mehnat faxriysi Tursun Murodov. — Zamonaviy mehmonxonalar, xostellar, agroturizm obyektlari, istirohat bogʻlari, dam olish maskanlari, sihatgohlar barpo etilyapti. Hamma xursand, kayfiyat koʻtarinki.
Dor yoʻlining pastki bekatida suvenir doʻkoni, kafe, tibbiyot punkti, ona va bola xonasi, bankomat, avtoturargoh, elektromobillarni quvvatlash stansiyasi joylashgan. Yuqori bekatda esa mehmonlar uchun umumiy ovqatlanish shoxobchasi, bolalar oʻyin maydonchasi, tomosha hududlari, selfi uchun maxsus joylar tashkil etilgan.
— Mirakida oilaviy dam olish uchun har yil kelamiz, — deydi Shahlo Izzatova. — Lekin bu yil kelib mutlaqo tanimadik. Juda katta oʻzgarishlar boʻlibdi. Ochigʻi, vaqtimiz qanday oʻtganini bilmay qolyapmiz. Qayiqda suv ombori boʻylab sayohat qilib, dor yoʻlida yuqoriga koʻtarildik. Farzandlarim bilan bu sayohatdan katta taassurot oldik.
— Nafaqat Mirakida, balki viloyatimizning koʻplab hududida turizmni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar qilinayotir, — deydi “Kitob-sayyoh” xususiy sayyohlik korxonasi rahbari Ahad Berdiyev. — Albatta, bu manzilga koʻplab sayyohlar kelishi uchun barcha imkoniyat mavjud. Mirakida ham suv, ham togʻ, ham musaffo havo bor. Tabiati ajoyib. Biz mana shu joylarni ham targʻib qilyapmiz. Sayyohlik tashkiloti rahbari sifatida yurtimizda turizm sohasida qilinayotgan ishlarni qadrlayman. Bu loyihalarning ortidan koʻplab ish oʻrinlari ochilyapti, qanchadan qancha xizmat koʻrsatadigan joylar tashkil etilyapti. Minglab odamlar ishlash, daromad topish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Ilgari mehmonlarni olib kelsak, daryo va togʻlardan boshqa joyni koʻrsata olmasdik. Endi esa maqtanadigan joylar bisyor.
Bu obodliklar bir kunda barpo etilmadi. Buning ortida qancha mehnat, islohot bor. Wi-Fi nuqtalari tashkil etildi, turistik toifadagi transport vositalari xizmati yoʻlga qoʻyildi, yoʻl belgilari oʻrnatildi. Qisqasi, bu hudud jahon standartlariga mos manzil boʻldi. 2024-yil sentyabrdan buyon haftasiga 2-marta Shahrisabz — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha 17 kishilik samolyot qatnovi yoʻlga qoʻyilgan edi. Joriy yil may oyidan ATR 72-600 rusumli havo kemalari haftada 4-marta qatnayapti.
2025-yilda xorijiy davlatlarda targʻibot dasturlari va “Road shou”lar tashkil etish, turizm forumlari va yarmarkalarida qatnashish viloyat turizm salohiyatini oshirishda muhim oʻrin tutmoqda. Mahalliy turoperatorlar bilan hamkorlikda viloyatning ziyorat, eko, etno, gastro, tibbiyot va ekstremal turizm yoʻnalishlarida 70 ga yaqin turpaket oʻzbek, ingliz, rus tillarida ishlab chiqildi.
Shahrisabz tumanining Uloch mahallasidagi 520 gektardan iborat adirda terrasa usulida uzum, gilos va olma ekilgan hamda oʻrmon barpo etilgan. Fransiyadan eng sara navlar koʻchati olib kelib oʻtqazilgan. Yiliga 7500 tonna mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega majmuaning eksport quvvati 5 million dollarga teng. 100 ta doimiy va mingdan ziyod mavsumiy ish oʻrni ochilgan. Koʻchatlar rivojini fransiyalik mutaxassis kuzatib boradi, yoshlarga dehqonchilik sirlari va bozor talablarini oʻrgatadi. Hududda, shuningdek, 120 oʻrinli restoran va 100 oʻrinli mehmonxona qurilgan. Agrologistika va oʻquv markazi, qayta ishlash, saqlash quvvatlari qurilmoqda.
Qamashi tumanidagi “Maydanak baland togʻ” hududida keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal davom etmoqda. Yaqin kelajakda bu goʻzal maskanga keluvchilar nafaqat tabiatning betakror manzaralaridan bahramand boʻlish, balki tunlari yulduzlar va osmon jismlarini kuzatish, ekologik turizm yoʻnalishida dam olish, madaniy hordiq chiqarish imkoniyatiga ham ega boʻladi.
Maydanak musaffo havosi, beqiyos tabiati va osmonning ravshanligi bilan sayyohlar uchun betakror maskandir. Rejaga asosan astronomiya parki, bolalar oʻyingohi, gastronomiya obyektlari, restoran va umumiy ovqatlanish joylari, premium tipdagi kottejlar, 1-2 qavatli mehmonxonalar va 200 oʻrinli mehmonxona hamda Glemping qurish ishlari uchun yer maydonlari auksion savdosiga qoʻyilib, qurilish ishlari boshlangan.
Bunday goʻzal manzillarni borib koʻrish uchun asosiy yoʻllar qayta yotqizilmoqda. “Olmaota — Bishkek — Toshkent — Shahrisabz — Termiz” xalqaro avtomobil yoʻlining Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan oʻtuvchi 60 kilometrli qismi toʻliq qayta qurilmoqda.
Mazkur loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad yoʻl infratuzilmasini zamonaviy talablarga moslashtirish, transport oqimini yengillashtirish hamda mintaqaviy va xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashdan iborat.
Ayni paytda qurilish ishlari jadal bajarilyapti. Qurilishga ilgʻor texnologiyalar va zamonaviy texnikalar jalb qilingan. Jarayonda xavfsizlik, sifat va ekologik meʼyorlarga qatʼiy rioya etilmoqda. Qurilish yakunlangach, ushbu yoʻl nafaqat mintaqadagi transport-logistika tizimini yengillashtiradi, balki haydovchilar va yoʻlovchilar uchun yanada xavfsiz, qulay va tezkor harakatlanish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish va hududlararo integratsiyani kuchaytirishda ham muhim omil boʻladi.
Mazkur qayta qurilish ishlari Prezidentimiz tomonidan yoʻl-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, zamonaviy va xavfsiz yoʻllar barpo etish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy ifodasidir.
Gʻulom ABDIYEV,
Yozuvchilar uyushmasining
Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari