Amudaryo va Sirdaryo havzasida joylashgan mamlakatimizda suvchilarning mashaqqatli xizmati evaziga dalalarga obihayot yetkazib berilib, ekinlardan moʻl hosil olinmoqda. Bozorlarimiz yilning toʻrt faslida ham toʻkin, dasturxonlarimiz noz-neʼmatlarga toʻla, turmushimiz yildan yilga farovonlashib bormoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan suv xoʻjaligi sohasini kompleks rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, jumladan, raqamli va suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada ulkan natijalarga erishilmoqda.
Suv xoʻjaligi sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan belgilangan prognoz koʻrsatkichlar hamda indikatorlar ijrosini taʼminlash, koʻzlangan maqsadlar yuzasidan natijadorlik va samaradorlikka erishish negizida oʻz ishiga muhabbat, vatanparvarlik, fidoyilik, sadoqat, qatʼiy intizom, yuksak masʼuliyat kabi sifatlar turibdi.
Sohada mehnat qilayotgan ishchi-xizmatchilar, miroblar, mashinist, ekskavatorchi va buldozerchilar, barcha xodimlarning hayoti darajasi va sifatini oshirish borasidagi islohotlar natijadorligi bevosita ularni amalga oshirishga qaratilgan hujjatlar va qarorlarni ijro etish boʻyicha intizomning qatʼiyligiga bogʻliq.
Davlatimiz rahbari ijro intizomi yoʻnalishida mustahkam tizim yaratish, tartib oʻrnatish, temir intizomni joyiga qoʻyish, rahbarlar va xodimlarning dunyoqarashini oʻzgartirishni asosiy vazifa sifatida belgilab bergan. Shu maqsadda vazirlik markaziy apparatida hamda uning tasarrufidagi respublika va tizim tashkilotlarida ijro intizomiga rioya etilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi rahbari va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan vazirlikka yuklatilgan topshiriqlar ijrosi davlatimiz rahbarining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, juma kunlari vazirning ijro intizomiga masʼul oʻrinbosari, dushanba kunlari vazir huzurida hamda har oy yakuni bilan vazirlikning hayʼat yigʻilishlarida, shuningdek, har dushanba va payshanba kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi huzurida muntazam ravishda tanqidiy ruhda muhokama qilinib, uning ijrosini belgilangan muddatlarda, toʻliq va sifatli taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrib borilmoqda.
Vazirlikka yuklatilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan har oyda kalendar-reja hamda “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, ijro uchun barcha darajadagi rahbar va masʼul xodimlarga yetkazilmoqda. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi rahbari va Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari ijrosini belgilangan muddatlarda, toʻlaqonli va sifatli taʼminlash, qatʼiy tartib, intizom va tizimli nazorat oʻrnatish maqsadida vazirlikda respublika shtabi tashkil etilgan.
Respublika shtabining yigʻilishi haftasiga kamida ikki marotaba ZOOM platformasi orqali videokonferensaloqa shaklida oʻtkazilib, unda vazirning barcha oʻrinbosarlari, vazirlik markaziy apparatining boshqarma va mustaqil boʻlim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi respublika va tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, ijro intizomini yanada mustahkamlash maqsadida har oyda bir marotaba ZOOM platformasi orqali videokonferensaloqa shaklidagi oʻquv-amaliy seminarlar tashkil etilib, vazirlikning tizim tashkilotlarida ijro intizomiga masʼul tarkibiy boʻlinma rahbarlari hamda mutaxassislarining bilimi va koʻnikmaci oshirilmoqda.
Topshiriqlar ijrosini nazorat qilishning eng muhim vositasi jamoatchilik ishtiroki va tartib-intizomdir. Shu bois, vazirlik huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan “jamoatchilik eshituvi”, “jamoatchilik monitoringi” tizimi joriy qilinib, bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar faol jalb etilmoqda.
2025-yilda vazirlik tomonidan jami 2658 ta (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2058 ta, Prezident Administratsiyasi rahbarining 88 ta, Vazirlar Mahkamasining 512 ta) topshiriq ijrosi toʻliq taʼminlangan.
Ijro intizomi sohasida faoliyatimiz davomida chiqargan asosiy xulosamiz shuki, ijro intizomi yangi Oʻzbekistondagi keng qamrovli islohotlarning talabi, bugungi oʻzgarishlarning asosidir. Shu bois, suv xoʻjaligi sohasiga oid topshiriqlar ijrosini taʼminlashda barcha darajadagi rahbar va mutaxassislarning bilimi va koʻnikmasini, tartib-intizomga qatʼiy rioya etgan holda shaxsiy masʼuliyatini doimiy oshirib borish ustuvor vazifa.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan suv xoʻjaligi vaziri va oʻrinbosarlarining 2025-yilga belgilangan faoliyati samaradorligi hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini taʼminlash borasida muayyan ishlar qilindi. Xususan, suv xoʻjaligi vaziri va oʻrinbosarlarining 2025-yil uchun belgilangan maqsadli koʻrsatkichlari quyi, oʻrta va yuqori boʻgʻinlar kesimida tahlil qilinib, har chorak yakuni boʻyicha vazirlikning hayʼat yigʻilishlarida muhokama qilindi. Natijada suv resurslarini boshqarish sohasida qator samaradorlikka erishildi. Jumladan:
— qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun respublika boʻyicha 40,2 milliard kub metr suv yetkazib berildi;
— irrigatsiya tarmoqlari hamda nasos stansiyalari va sugʻorish quduqlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida tadbirkorlik subyektlariga foydalanishga berish boʻyicha 1397 ta loyiha amalga oshirildi;
— investitsiya dasturi doirasida 121,5 million dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtirildi;
— davlat byudjetidan ajratilgan 1227 milliard soʻm hisobidan 500 kilometr irrigatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari bajarildi;
— 148,4 kilometr uzunlikdagi sugʻorish tarmoqlari tozalandi hamda 294 ta gidrotexnika inshooti, 651 ta gidropost va 25,4 kilometr kanal dambasi taʼmirlandi;
— tizimdagi tashkilotlar hisobidagi 6094 ta gidropost pasporti rasmiylashtirildi, 704 ta suv oʻlchash vositasi (vertushka) tarirovka va qiyoslash koʻrigidan hamda 1345 ta gidropost attestatsiyadan oʻtkazildi.
Bundan tashqari, qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarining 679 ming gektarida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilindi. Paxta xomashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini qoʻllagan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga 290 milliard soʻm subsidiya ajratildi.
Suv xoʻjaligi obyektlari foydalanuvidagi 90 ming gektar yer davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Vazirlik tizimidagi nasos stansiyalarida 150 ta eskirgan nasos agregati yangisiga almashtirildi. Shuningdek, suv xoʻjaligi inshootlarida real vaqt rejimida suvni nazorat qilish va hisobini yuritish imkonini beruvchi 2602 ta “aqlli” suv qurilmasi oʻrnatildi.
Bundan tashqari, 12 ta suv xoʻjaligi obyekti avtomatlashtirilgan boshqaruvga oʻtkazilib, umumiy raqamlashtirilganlik darajasi 73 foizga yetkazildi. Suv omborlari va boshqa yirik suv xoʻjaligi inshootlarida 7 ta nazorat-oʻlchash uskunasi hamda xabar berish tizimlarini modernizatsiya qilish, tiklash va yangilash ishlari bajarildi.
Sohaga oid 36 ta ilmiy tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishi amalga oshirildi, ilmiy asoslangan uslubiy qoʻllanma va tavsiyalar ishlab chiqildi hamda dala sharoitida suvni oʻlchash boʻyicha 350 ta oʻquv-seminar tashkil etildi.
Suv resurslarini boshqarish, hisobini yuritish, gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish boʻyicha suv xoʻjaligining 2000 nafar xodimi malakasi oshirildi. Suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirish, yerni lazerli tekislash, agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish hisobidan yillik 10 milliard kub metr suv tejalishiga erishildi.
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 886 ta obyekt boʻyicha umumiy qiymati 1,2 trillion soʻm boʻlgan 1850 kilometr sugʻorish tarmogʻi betonlashtirildi, 202,1 kilometr lotok tarmogʻi, 385,2 kilometr quvur, 840 ta sugʻorish qudugʻi qurildi hamda 436 ta nasos agregati oʻrnatildi. Natijada 494,3 mingta xonadonda istiqomat qiladigan aholining 321 ming gektar tomorqa maydonida suv taʼminoti yaxshilandi.
Davlatimiz rahbari 2025-yil 23-sentyabr kuni Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida suv resurslari taqchilligi muammosiga toʻxtalar ekan, Oʻzbekistonda Suvni tejash boʻyicha butunjahon forumini oʻtkazish rejalashtirilgani, mazkur anjuman yakunlari boʻyicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash va bu borada global darajada innovatsion texnologiyalarni joriy etish uchun alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish lozimligini taʼkidladi.
Bugun respublikamiz boʻyicha 2,6 million gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinib, ularning umumiy koʻrsatkichi sugʻoriladigan yer maydonlariga nisbatan qariyb 60 foizga yetkazildi.
Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Suv kodeksi qabul qilindi. Kodeks bilan suv munosabatlari sohasida mamlakatimizdagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirildi. “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 8 ta farmoni va 14 ta qarori hamda hukumatning 26 ta qaroridagi normalar birlashtirildi.
Yangi kodeks suv, suv obyektlari, suv xoʻjaligi obyektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda Strategik islohotlar agentligi bilan hamkorlikda vazirlik markaziy apparati, vazirlik tasarrufidagi respublika tashkilotlari, oʻrta va quyi boʻgʻin tizim tashkilotlari rahbarlari hamda barcha mutaxassislari ishtirokida Suv xoʻjaligi vazirligining ZOOM platformasi orqali videokonferensaloqa shaklida iqtisodiy oʻquv oʻtkazilib, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqib, vazirlik tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan barcha darajadagi rahbar-xodimlarning shaxsiy masʼuliyati va javobgarligi belgilandi.
Murojaatnomada beshinchi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida davlatimiz rahbari bildirgan takliflar asosida “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi bilan vazirlikka 4 ta asosiy yoʻnalish: suvdan oqilona foydalanish madaniyatini va suv ishlatish samaradorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi sohasida suv resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash, irrigatsiya tizimi va suv tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish, soha boshqaruviga xususiy sektor va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini hamda “yashil” energiya texnologiyalarini keng joriy qilish doirasida nasos stansiyalarining elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish boʻyicha yuklatilgan vazifalar qaytadan koʻrib chiqilib, yangi marralar belgilandi.
Xalqimiz farovonligi yoʻlida xizmat qilishni oʻzining ezgu amali va kasbiy burchi deb bilgan suv xoʻjaligi xodimlari uchun ijro intizomi — ish samaradorligini taʼminlovchi eng muhim hamda asosiy faoliyat mezonlaridan biri. Shu bois, soha xodimlari davlatimiz rahbari, Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan vazirlikka yuklatilgan topshiriqlar ijrosini belgilangan muddatlarda, toʻlaqonli va sifatli taʼminlash boʻyicha sadoqat, fidoyilik, qatʼiyat va talabchanlik asosida ishlarni davom ettirmoqda.
Shavkat HAMROYEV,
suv xoʻjaligi vaziri