Ushbu muammoni hal qilish samarali usullari bu chiqindilarni qayta ishlash natijasida turli xil xoʻjalik sohalari uchun zarur boʻlgan funksional xususiyatlarga ega xomashyo sifatida foydalanib (ikkilamchi maqsadlarda foydalanish) tegishli mahsulotlarni olishdir.
Chiqindilarni yoqib yuborish yoki chiqindixonalarda joylashtirish atrof-muhitning ifloslanish muammosini tuliq hal qila olmaganligi sababli, yaratilgan ekologik samaradorlik konsepsiyasiga asosan chiqindilarni ikkilamchi maqsadlarda qayta ishlash bir vaqtning oʻzida ikki tomonlama ham atrof-muhit uchun, ham iqtisodiy samarani beradi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirigʻiga asosan, ishlab chiqarish chiqindilarining salbiy taʼsirini kamaytirish, shuningdek, 2020-yil joriy davri uchun kompensatsiya toʻlovlarini kamaytirish maqsadida “Muborak” gazni qayta ishlash zavodi, Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va “Buxoro” neftni qayta ishlash zavodi tomonidan shartnomalar asosida 2199 tonna sanoat chiqindilarini 543,3 million soʻm miqdorida turli xil qurilish va xoʻjalik mahsulotlar ishlab chiqarishda xomashyo sifatida ikkilamchi maqsadlarda foydalanishga topshirildi.
Iqtisodiy foydadan tashqari chiqindixonalarda bir necha yil davomida saqlanib turgan chiqindilarning atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatishning oldi olindi va 2020-yilning joriy davrida ishlab chiqarish chiqindilarini joylashtirganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari 2019-yilning shu davrga nisbatan 12,96 million soʻmga kamaytirildi.
Shuningdek, “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ ham ushbu yoʻnalishdagi ishlar samarali yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, hisobot davrida 1248 tonna jami 4912,753 million soʻm miqdorda ishlab chiqarish chiqindilari shartnoma asosida qayta foydalanish uchun yetkazib berildi.
Shu munosabat bilan, ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan sanoat chiqindilarini utilizatsiyasi bu iqtisodiy zararli yoʻnalish emas balki qoʻshimcha mahsulot ishlab chiqarish uchun qimmat xomashyo va yordamchi moddalar sifatida ham koʻrib chiqilishi mumkin.
“Oʻzbekneftgaz” AJda ushbu yoʻnalishdagi ishlar davom yetmoqda, shuningdek, boshqa turdagi ishlab chiqarish chiqindilarini ikkilamchi foydalanishga sotish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda.
“Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati