Markaziy bank boshqaruvi tomonidan shu yil 20-mart kuni asosiy stavka 0,5 foiz bandga oshirilib, yillik 14 foiz darajada belgilangani toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Buni mutasaddilar soʻnggi oylarda transchegaraviy pul oʻtkazmalari va aholiga ajratilgan kredit faollashib borayotgani, yil boshidan asosiy savdo hamkorlari valyutasining mustahkamlanishi taʼsirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, oʻzining oʻrta muddatli trendiga yaqinlashayotgani bilan izohladi.
Aslini olganda, asosiy stavkaning oʻzgarishi yangilik emas. Bu Markaziy bank faoliyatining bir qismi. Lekin buning tijorat banklarining kredit va depozit boʻyicha foiz stavkalariga, umuman, mamlakat iqtisodiyotiga taʼsiri bor.
Xoʻsh, ular nimalarda namoyon boʻladi? Asosiy stavkaning oshirilishi yoki kamaytirilishi tadbirkoru ishbilarmonlar, odamlar hayotida qanchalik seziladi?
Aytib oʻtganimizdek, bazaviy stavkani oʻzgartirish toʻgʻrisida qaror qabul qilish Markaziy bankning odatiy ishi. Iqtisodiy jarayon, moliyaviy holatlardan kelib chiqib, asosiy stavkani oʻzgartirish boʻyicha yiliga sakkiz martagacha qaror qabul qilinishi mumkin. Bugun aksariyat mamlakatda, jumladan, Oʻzbekistonda qayta moliyalash stavkasi banklar uchun kredit qiymati va iqtisodiyotdagi foiz stavkalari darajasini belgilovchi asosiy stavka sifatida qoʻllanadi.
Asosiy stavka doim bir xil boʻlib turishi qiyin. U iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib oʻzgarib turadi. Maʼlumotlarga koʻra, 1995-yil martda bu koʻrsatkich mamlakatimizda juda yuqori boʻlib, hatto 300 foizga yetgan. Bu holat giperinflyatsiya va beqaror moliyaviy tizim tufayli yuzaga kelgandi. Keyingi yillarda bir oz tushish kuzatilgan, lekin yuqori darajada qolgan. Yaʼni 150-40 foizni tashkil etgan. 1998-yilda stavka 36 foizni tashkil qilgan va 2015-yilga kelib, u 9 foizgacha tushgan. Bu mamlakatimiz moliya tizimi barqarorlashuvi va inflyatsiya ustidagi nazoratdan dalolat berardi. Biroq turli iqtisodiy shoklar va inflyatsiya xatarlari tufayli oradagi bir necha yilda asosiy stavka sezilarli darajada koʻtarildi. 2023-yildan boshlab esa yana pasaya boshladi: oʻsha yilning martida 14 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2024-yil iyulida 13,5 foizga tushirildi. Joriy yil martida esa, yuqorida keltirganimizdek, yana 14 foiz etib belgilandi.
Asosiy stavka banklararo bozorda qisqa muddatli mablagʻlarning qiymatini belgilaydi va tijorat banklari oʻrtasidagi kreditlar hamda qarzlar boʻyicha operatsiyalar foiz stavkalari uchun mezondir. Uning oʻzgarishi banklararo bozorning foiz stavkalariga taʼsir qiladi. Koʻtarilsa, omonatlar jozibadorligini oshiradi, kreditga talabni esa kamaytiradi. Natijada isteʼmol sekinlashib, narxlar va inflyatsiya barqarorlashuviga yordam beradi. Agar inflyatsiyaning maqsadli darajadan pastga tushish xavfi mavjud boʻlsa, Markaziy bank iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantiradigan asosiy stavkani ham kamaytirishi mumkin.
Mamlakatimizda depozitlar boʻyicha foiz stavkasi barqaror oʻsmoqda. Masalan, 2019-yilda jismoniy shaxslar uchun ular 17,4 foizdan 2024-yilda 21,3 foizga oʻsdi. Yuridik shaxslar uchun muddatli omonatlar boʻyicha foiz stavkasi umumiy hisobda 14,6 foizdan 18,5 foizga yuqoriladi.
Ajratilgan kreditlar foiz stavkasi esa boshqacha koʻrilmoqda. Yaʼni u 2020-yilda jismoniy shaxslar uchun 28,1 foizgacha yetib, keyin bir oz pasaydi. 2024-yilda esa 25,1 foizni tashkil qildi. Yuridik shaxslar uchun esa, aksincha, stavka 2021-yilda 20,4 foizgacha kamayib, oʻtgan yilda 22,9 foizni tashkil qildi. Bundan Markaziy bankning yuqoridagi qarori har ikki holatda ham oʻzgarishlarga olib kelishi koʻrinadi.
Qayta moliyalash stavkasini oshirishdan koʻzlangan asosiy maqsad inflyatsiyaga qarshi kurashishdir. Umuman olganda, bu holat iqtisodiyotga ham ijobiy, ham salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ijobiy jihati sifatida inflyatsiya ustidan nazorat kuchaytirilishini alohida qayd etish joiz. Isteʼmol xarajati va kreditlashni kamaytirish narxlar oʻsishini sekinlashtiradi. Bu ham milliy valyutaga ishonchni mustahkamlaydi. Bundan tashqari, pul-kredit siyosatini kuchaytirish moliya tizimi barqarorlashuviga yordam beradi. Chunki banklar kreditlashda ehtiyotkor boʻladi, xavfli kreditlar darajasini pasaytiradi.
Uning salbiy tomoni kreditlar qiymati oshishida, investitsiyaviy faollik va isteʼmol sekinlashuvida namoyon boʻlishi mumkin. Shunday qilib, qayta moliyalash stavkasini oshirish inflyatsiyaga qarshi kurashish va moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi. Lekin ayni paytda iqtisodiy oʻsish uchun toʻsiqlar yaratadi. Kredit olish imkoniyatini cheklab, tadbirkorlik faolligini kamaytiradi. Bu omillar oʻrtasidagi mutanosiblik joriy makroiqtisodiy vaziyat va Markaziy bank tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga bogʻliq.
Bu isteʼmolchilarni ham hushyorlikka chorlaydi. Yaʼni ular moliyaviy tavakkalchilikni imkon qadar kamaytirib, mablagʻini samarali boshqarish uchun yangi iqtisodiy voqelikka moslashishi zarur. Avvalo, asossiz kreditlardan tiyilish kerak. Yangi kreditlarga ehtiyojni sinchkovlik bilan baholash va ularni faqat oʻta zarur boʻlganda olish muhim.
Shu bilan birga, koʻtarilgan qayta moliyalash stavkasi depozitlar boʻyicha foiz stavkasi oshishiga olib keladi. Bu jamgʻarmalar koʻproq foyda keltiradi, degani. Boʻsh pul mablagʻini bank depozitlariga joylashtirish kapitalni saqlab qolish va ortgan xarajatni qoplash uchun yaxshi vosita boʻlishi mumkin.
Shunday qilib, yuqori foiz stavkasi davrida ishlab chiqaruvchilar ham xarajatni minimallashtirish, rentabellikni saqlash va yangi bozor sharoitiga moslashish uchun moliyaviy strategiyasini oʻzgartirishi kerak. Chunki, birinchi navbatda, biznes uchun asosiy muammo qarz mablagʻi qiymatining koʻtarilishi boʻladi. Oʻzgaruvchan talabga moslashish, mijozlarga yanada qulay shart-sharoit taklif etish va eksport qilish (tashqi bozorlarga chiqish) imkoniyatini koʻrib chiqish ham muhim. Bunday sharoitda moslashuvchanlik va strategik rejalashtirish muvaffaqiyat omiliga aylanadi.
Maxfurat EGAMOVA,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori