Aslida qanday pul qaytarilishi kerak?

Agar soliq davri oxirida QQS bo'yicha hisoblangan soliq summasi byudjetga to'lash uchun hisobga olingan soliq summasidan ortiq bo'lsa, bu holatda QQSni o'rnini qoplash (qaytarish) bilan bog'liq vaziyat yuzaga keladi. Ushbu mablag'larni soliq to'lovchi bank hisob raqamiga qaytarib olish huquqiga ega. Undan oldin esa qanday summa qaytarilishini bilishi zarur.

Amaldagi soliq qonunchiligiga ko'ra, ortiqcha to'langan soliq to'lovi, hisobga olingan summani aylanmaga hisoblangan puldan oshgan qismi, 0 foiz stavka qo'llash natijasida hosil bo'lgan mablag'larni qaytarib olish mumkin. Davlat soliq idoralariga QQSni qoplash yoki qaytarish bo'yicha soliq to'lovchi tomonidan ariza kelib tushgach, 2 xil muddatda ariza berilgan kundan boshlab tezlashitirilgan va umumbelgilangan tartibda ko'rib chiqiladi.

Tezlashtirilgan tartibda, ya'ni 7 kundan kechiktirmagan holatda yirik soliq to'lovchilar, diplomatik vakolatxonalar, bank kafolatiga ega shaxslarga, eksportchi korxonalarga, mahsulot taqsimotiga oid bitim ishtirokchilariga ("0" stavka) va soliq monitoringi ishtirokchilariga qaytariladi. Qolgan barcha soliq to'lovchilarning arizasi 60 kundan kechiktirmay ko'rib chiqiladi.

Soliq summalarining o'rnini qoplash tartibi va shartlari, kameral soliq tekshiruvini o'tkazish, shuningdek chet davlat fuqarolari tomonidan O'zbekiston Respublikasi hududida olingan tovarlarni olib chiqishda ularga soliq summasini qaytarish (Tax free) O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Joriy yilning 14 avgustida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qo'shilgan qiymat solig'i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog'liq soliq ma'murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu me'yoriy hujjat bilan Qo'shilgan qiymat solig'i summasi o'rnini qoplash tartibi to'g'risidagi nizom tasdiqlanib, QQS summasi o'rnini qoplashning yangi shartlari va tartibi belgilandi.

Yurtimizda tadbirkor ko'p. Ammo barchasi ham soliq qonunchiligining mohiyatini bilavermaydi. Bunda soliq xizmati xodimlarining tushuntirish ishlarini olib borishi juda muhimdir. Jumladan, “Soliqchi — tadbirkorga ko'makchi” tamoyili asosida tadbirkorlik sub'ektlariga xizmat ko'rsatilib, ularga yo'l-yo'riqlar ko'rsatib borilmoqda. Buning amaldagi samarasini Nukus shahridagi “Nukus textile” korxonasi misolida ko'rish mumkin. 2018 yili faoliyati qayta tiklangan ushbu korxona paxta xomashyosidan ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Tayyor ip-kalavalar, asosan, Xitoy davlatiga eksport qilinadi. Bu yil jamiyat tomonidan 1197,5 ming AQSH dollarilik mahsulot  chetga sotilgan.

— Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 avgustdagi “Qo'shilgan qiymat solig'i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog'liq soliq ma'murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori hamda ushbu qaror bilan “Qo'shilgan qiymat solig'i summasi o'rnini qoplash tartibi to'g'risida”gi nizom talablariga muvofiq, korxonalarga qo'shilgan qiymat solig'i bo'yicha nol` stavkani qo'llash natijasida vujudga kelgan QQS salbiy farq summasi uzog'i bilan 7 kun ichida qaytarilishi belgilangan, — Qoraqalpog'iston Respublikasi davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori Ajiniyaz Abatov. — Ushbu korxona tomonidan joriy yil yanvar`-sentyabr` oylari davomida QQSga nol stavka qo'llanilgan holda maxsulotlar eksporti amalga oshirilganligi natijasida jamiyatning salbiy farq summasi o'rnini qoplanishi lozim bo'lgan pul 370,6 mln. so'mni tashkil etdi. Ushbu tartib bilan korxonaning Qoraqalpog'iston Respublikasi davlat soliq boshqarmasiga bergan arizasiga binoan,  334,6 million so'm qaytarib berildi.

Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, Qoraqalpog'iston Respublikasi davlat soliq boshqarmasiga joriy yil 14 avgustdan 30 oktyabrgacha umumiy miqdori 111,3 mlrd. so'm bo'lgan 227 ta ariza kelib tushdi. SHundan hozirga qadar 204 ta ariza ko'rib chiqilgan, 23 tasi esa o'rganish jarayonida. Ko'rib chiqilgan arizalardan 75 tasi qanoatlantirish uchun O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G'aznachiligiga yuborilib, coliq to'lovchilarning bank hisob-varaqlariga 67,6 mlrd.so'm miqdoridagi mablag'lar qayta hisoblangan.

Kegeyli tumanida joylashgan “Turan miya” MCHJ shaklidagi korxona tadbirkorlari ham soliq xizmatchilaridan mamnun. Asosiy faoliyat turi qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'lgan ushbu korxonada 214 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi.

— QQSga nol stavka qo'llanilgan holda maxsulotlar eksporti amalga oshirilganligi natijasida jamiyatning salbiy farq summasi o'rnini qoplanishi lozim bo'lgan 682,3 mln. so'm jamiyat hisobvarag'iga qaytarildi, — deydi Qoraqalpog'iston Respublikasi davlat soliq boshqarmasi bo'lim boshlig'i Hamit Aymanov. — Joriy yil davomida jamiyat tomonidan Xitoy davlatiga eksport shartnomalariga asosan, 1 million 186, 378 AQSH dollari miqdorida qizil miya mahsulotlari eksport qilingan.

Beruniy tumanidagi ip kalava mahsulotlarini etishtirishga ixtisoslashgan “Beruniy tekstil invest” mas'uliyati cheklangan jamiyatida hozirda 380 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda. Korxona Xitoy mamlakatiga 3,500 million AQSH dollari miqdorida  eksportni amalga oshirgan.

— Jamiyat tomonidan shu yilning yanvar-iyul oylari davomida QQSga nol darajali stavka qo'llanilgan holda maxsulotlar eksporti amalga oshirilganligi natijasida salbiy farq summasi o'rnini qoplanishi lozim bo'lgan 788 million so'm korxonaning bankdagi hisobvarag'iga qaytarildi, — dedi Hamit Aymanov.

QQS summasi o'rnini qoplash masalasi soliq to'lovchi hisobga olingan joydagi davlat soliq boshqarmasi tomonidan, yirik soliq to'lovchilar esa Yirik soliq to'lovchilar bo'yicha hududlararo davlat soliq inspektsiyasi tomonidan ko'rib chiqiladi va qaror qabul qilinadi.

Qo'shilgan qiymat solig'i summasi o'rnini qoplash tartibi to'g'risidagi nizomga ko'ra, soliq summasini hisobga olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lmaganda, xarid qilingan va realizatsiya qilingan tovarlar to'liq elektron tarzida amalga oshirilmaganda, soliqni to'lamaslik yoki to'liq to'lamaslik faktlari aniqlanganda, bitimlar (operatsiyalar) haqiqiy soliq to'lovchi tomonidan so'ralgan emas deb topilganda rad etilishi mumkin.

Aytish kerakki, pandemiyadan keyingi davrda QQS summasini qoplash (qaytarish) masalasining shaffof va tezkor tarzda hal etilishi alohida ahamiyatga ega. Sababi, har bir tadbirkor uchun bu davlat tomonidan berilgan maqsadli yordam bo'lib, qaytarilgan mablag'larni ehtiyojlari (aylanma mablag'larini oshirish, xom ashyo xarid qilish, xodimlarga ish haqi to'lash va boshqalar) uchun ishlatish imkonini beradi. SHuningdek, QQS zanjiridagi uzilishlarning oldi olinadi.

Sohiba MULLAEVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri