Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, muallifga bu haqdagi diplom topshirildi. Ushbu asar Qirgʻizston xalq shoiri Marqabay Aamatov tomonidan “Darbish” nomi bilan qirgʻiz tiliga tarjima qilingan.
Begijon Ahmedovning “Sayyoh” asari nafaqat Qirgʻizistonda, balki Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa davlatlarda ham yuqori baholangan. Asar haqida taniqli adabiyotshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar tomonidan qator ijobiy taqriz va maqolalar nashr etilgan.
Adibning mazkur asari ikki yil davomida sakkizta tilga tarjima qilingan. Kitobning ilk taqdimoti 2019-yil 13-noyabr kuni Bryussel shahrida boʻlib oʻtgan.
B.Ahmedov M.Aamatov bilan hamkorlikda Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Jumladan, Xalqaro Bobur jamgʻarmasining Qirgʻizistondagi vakolatxonasi rahbari sifatida oʻzbek adabiyoti targʻiboti va tarixini yoritish borasida izchil faoliyat olib bormoqda.
Maʼlumot uchun: Oʻsh shahrida tugʻilib, voyaga yetgan iqtidorli yozuvchi va taniqli jamoat arbobi Begijon Ahmedov 2019-yil Qirgʻiziston Yozuvchilar milliy uyushmasi rayosatining aʼzosi boʻlib saylangan. Adabiyot sohasida erishgan yutuqlari, xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirish, millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasidagi keng qamrovli xizmatlari uchun xalqaro mukofotlar bilan taqdirlangan. Shu kunga qadar, tarixchi yozuvchining 12 ta kitobi nashr etilgan.