Qish yaqin, qor, havo harorati minus darajaga tushmoqda. Bunday havoda koronavirus tarqalishi kuchayadimi?

    Salomatlik 23 Noyabr 2020 1661

    AOKAda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva ishtirokida oʻtgan brifingda ushbu savolga javob qaytarildi:

    «Dunyo olimlari, xususan, respublikamiz olimlari tadqiqotlariga koʻra, bu virus boshqa viruslarga nisbatan issiq havo yoki sovuq havoda nobud boʻlmasligi tasdiqlanib kelinmoqda.

    Yaʼni, havo harorati qanchalik sovuq boʻlsa, virusning yashash imkoniyati kuchayishi kuzatilishi taʼkidlab kelinmoqda.

    Koronavirus havo haroratining oʻta yuqori boʻlishida, yaʼni 70 darajadan yuqori haroratda suvda qaynatilsa, 5-15 daqiqada nobud boʻlishi kuzatilgan.

    Lekin havo harorati qanchalik past boʻlsa, u sovuqda deyarlik uyqu holatiga ketadi, lekin oʻlmaydi, u yoki bu sathlarda, havoda organizmga tushishini kutadi, issiq organizmga tushishi bilan hayot faoliyatini davom ettiradi.

    Yaʼni, koronavirus havo tomchi, fekal-oral va kontakt yoʻllari bilan yuqadi, demak, issiqroq kunlarga nisbatan sovuq kunlarda bunday muhitda saqlanishi uzoqroq boʻladi. Bu esa inson organizmiga tushishi imkoniyatini kuchaytiradi.

    Masalan, inson organizmiga virus tushgan va hali kasallik alomatlari paydo boʻlmagan. Yaʼni yashirin-inkubatsion davri kechmoqda. Bu davrda u virus tarqatuvchi hisoblanadi, yaʼni u oʻzidan virus ajratmoqda.

    Havoga ajralgan virus yozgi kunda 3 soat turishi tasdiqlangan boʻlsa, bugungi sovuq kunlarda u koʻproq, yaʼni 5-6 soatgacha saqlanadi. Xitoy, Yevropa va AQSH olimlari koronavirus sathlarda esa 3-5 kungacha, suv kabi suyukliklarda 9 kungacha saqlanishi toʻgʻrisida maqolalarida yozmoqda.

    Bundan kelib chiqadiki, agarda Siz odam gavjum joylarga borsangiz va u yerda niqob, qoʻlqop kabi himoya vositalaridan foydalanmasangiz, masofa saqlanmasa hamda qoʻllargatez-tez ishlov berilmasa, koronavirus organizmga tushishi aniq va ayniqsa odamlar koʻp joylarda kasallanish juda ham yuqori boʻladi.

    Bugungi sovuq kunlarda eng yaxshisi alohidalanish va imkon qadar uyda qolish muhimdir. Lekin agar ish yuzasidan uydan tashqariga chiqsangiz, albatta niqob va qoʻlqoplarni qoidaga rioya qilgan holda taqib yuring, masofani saqlang, doimiy ravishda qoʻllarni sovunlab yuving yoki antiseptiklar bilan ishlov bering. Uyga qaytganda esa, tashqarida kiyilgan ustki kiyimlarni daxlizda qoldiring, uyda birinchi qoʻllarni uzoq muddat sovunlab yuving, yuzni, koʻzlarni, tomoqlarni va burunlarni issiqroq suvda kamida 3-marta chayib tashlang.

    Shu tariqa uyingizga virusni olib kirishdan saqlanasiz».