Qishloq joylarda ko'p kvartirali uy-joy quradigan tadbirkorlar tanlov asosida aniqlanadi

    Urbanizatsiya 5 Iyun 2020 1097

    “Qishloq joylarda ko'p kvartirali uy-joylarni qurishda tadbirkorlik sub'ektlarini keng jalb etish chora-tadbirlari to'g'risida” Vazirlar Mahkamasi qarori (355-son, 4.06.2020 y) qabul qilindi.

    Qarorga ko'ra, 2020 yil 1 iyuldan boshlab:

    • Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan er uchastkalari qurilishi rejalashtirilgan uy-joylar bo'yicha qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan sug'oriladigan erlar va o'rmon fondi erlari toifasiga kirmaydigan hamda aholini majburiy ko'chirish xavfi bo'lmagan taqdirda ajratiladi;
    • tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi er uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko'rib chiquvchi komissiyaning tarkibiga Vazirlar Mahkkamasi huzuridagi “O'zgidromed” markazining hududiy bo'linmalari vakillari kiritiladi va ularning xulosasi olinadi;
    • Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan qishloq joylarda ko'p kvartirali uy-joylarni qurish bo'yicha tanlov savdolarida g'olib bo'lgan tadbirkorlik sub'ektlari bilan investitsiya shartnomalari tuziladi;
    • ko'p kvartirali uy-joylarni qurish bo'yicha ajratilgan er massivlari (uchastkalari) va lokal oqava suv tozalash inshootlarining atrof-muhitga ta'sir ko'rsatish xulosasi xalqaro moliya institutlari talablaridan kelib chiqib tayyorlanadi va O'zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan har bir massiv va tozalash inshootlari bo'yicha davlat ekologik ekspertizasi xulosalari beriladi;
    • ko'p kvartirali uy-joylarni qurish jarayonida xalqaro moliya institutlari talablaridan kelib chiqib, atrof-muhitni himoya qilish va ijtimoiy boshqaruv tizimi joriy etiladi.

    Mazkur qaror bilan shuningdek, qishloq joylarda ko'p kvartirali uy-joylar quradigan tadbirkorlik sub'ektlarini aniqlash bo'yicha tanlovlar o'tkazish tartibi to'g'risidagi Nizom ham tasdiqlandi. Unga ko'ra, tanlovda ishtirok etadigan talabgor yoki talabgor tomonidan jalb etiladigan pudrat tashkilotiga quyidagi talablar qo'yiladi:

    • ko'p kvartirali uy-joylarni qurish uchun talab etilayotgan mablag'arning (o'z mablag'lari, tijorat banklardan olingan kreditlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag'lar) mavjudligi;
    • tanlov savdolariga qo'yilgan ob'ektlarga o'xshash ob'ektlarda ish tajribasining mavjudligi;
    • oldin o'z kuchi bilan bajarilgan ishlar hajmi to'g'risidagi ma'lumotlar;
    • qurilishni amalga oshirish uchun zarur bo'lgan moddiy-texnik baza va mehnat resurslarining mavjudligi.

    Texnik takliflarning barcha talablari “muvofiq/muvofiq emas” tamoyiliga asosan baholanadi.