Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ichki bozorga chiqarilishi nazoratda

    Agrosektor 13 Aprel 2021 1788

    "O‘zagroinspeksiya"ning hududiy boshqarmalari tomonidan Respublika aholisini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlash hamda narxlar barqarorligini saqlash bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xarita”ning 3-bandi ijrosining joylarda bajarilishi nazoratga olingan.

    Shuningdek, hududiy boshqarmalarning inspektorlari tomonidan mazkur topshiriqning ijrosi o‘rganilganda, respublika bo‘yicha jami 1 mln, 336 ming 967 tonna, shundan, 654 ming 651 tonna kartoshka, 309 ming 242 tonna piyoz, 231 ming 995 tonna sabzi va 141 ming, 043 tonna guruch mahsulotlari zaxirasi yaratilganligi aniqlangan.

    2020 yil dekabr va 2021 yil may oylarida aholini arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida jamg‘arilgan asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ichki isteʼmol uchun savdoga chiqarilishi va ishlatilishi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari tomonidan grafik rejasi tasdiqlangan.

    Mazkur grafikka ko‘ra, 2021 yil mart oyida jami 186 ming 414 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ichki bozorlarga chiqarilishi belgilangan.

    Biroq, topshiriqqa asosan ichki bozorlarga muhim turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining belgilangan grafik asosida chiqarilishi hududiy inspektorlar tomonidan o‘rganilganda, respublikaning baʼzi hududlarida belgilangan rejaga nisbatan ko‘p, baʼzilarida esa kam miqdorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari chiqarilganligi maʼlum bo‘ldi.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasida 992 tonna, Namangan va Xorazmda 7,3 ming tonna, Surxondaryoda 1,0 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari grafik rejasida belgilangan miqdordan ko‘p chiqarilgan.

    Bundan tashqari, Andijon viloyatida 11,4 ming tonna, Toshkentda 3,9 ming tonna, Farg‘onada 3,7 ming tonna va Samarqand viloyatida 3,5 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari grafik rejasida belgilangan miqdordan kam chiqarilganligi maʼlum bo‘ldi.

    Inspeksiyaning Ko‘chatlar, meva-sabzavot va poliz qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘limi tomonidan, barcha hududiy boshqarmalar inspektorlariga hududlarda tasdiqlangan reja grafigi asosida to‘liq miqdorda ichki bozorlarga o‘z vaqtida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chiqarilishini qatʼiy nazoratga olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

    Z.Ismatov,

    Inspeksiyaning katta inspektori