Qiyomatli quroldosh doʻstlar

    Jangga kirishdan oldin, Samarqanga eson-omon qaytamiz deya ahdlashib oldik

    Girdiqoʻrgʻon – Kattaqoʻrgʻonning shundoqqina biqinida joylashgan Payshanba shaharchasi tarkibiga kiruvchi soʻlim goʻshalardan biri. Qoradaryo boʻyidagi jarliklar etagidagi bogʻu-rogʻlar Girdiqoʻrgʻonning koʻrki. Daryo boʻyidagi qalin toʻqayzorlar ham qishloqning oʻzgacha tarovatini oʻzida aks ettirib turadi.

    Mana shunday soʻlim goʻshada tugʻilib oʻsgan Rahmat bobo Qobulov hamda Rayim bobo Yusupov Ikkinchi jahon urushining qonli soʻqmoqlaridan jonajon qishlogʻining sogʻinchi ila omon qaytdi. Yoshligi ana shu jarliklar etagida oʻtkazgan ikki nuroniy otaxonni qiyomatli doʻstlar bir umrga qiyomatli doʻstlar boʻlib qolishdi.

    Jangga kirishdan oldin, Samarqanga eson-omon qaytamiz deya ahdlashib oldik

    – Rayim bilan bolalikdan talashib katta boʻlganmiz. Ayniqsa yozning jazirama kunlarida Qoradaryoning loyqa suvida choʻmilib, kim oʻzarga suzganlarimiz, tik jarliklarga poygalashib chiqqanlarimiz aslo yodimdan chiqmaydi. Xullas, loyqa suvlar va jarliklar bizni oʻsmirlik davrida rosa chiniqtirgan. 1942-yil 17 yoshni qarshilash arafasida fashist bosqinchilariga qarshi kurashga otlanib, Ulyanovsk viloyatining Kuznesk shahrida uch oylik harbiy tayyorgarlikdan oʻtdik. Dushmanga qarshi jangga kirishdan oldin, albatta Girdiqoʻrgʻonga eson-omon qaytamiz deya ahdlashib oldik...

    Voronej shahri uchun kechgan janglar oldidan 42-gvardiyachi oʻqchi polki tarkibiga kelib qoʻshilgan polvon kelbatli oʻzbek yigiti darhol komandirlar eʼtiboriga tushdi va razvedkachilar boʻlinmasiga oʻtkazildi. Razvedkachilar asosan tunda jangovar topshiriqni bajarar, kunduzi esa ularga dam berilardi. Buning ustiga razvedkachilar kamdan-kam hollarda, boʻlinmani dushman payqab qolgandagina haqiqiy jangga kirishardi. Kunlarning birida Rahmat Qobulov oʻzidan yoshi biroz kattaroq boʻlgan leytenatdan ishgʻol guruhiga oʻtkazishni talab qildi.

    – Komandir, perevedi menya shturmovuyu gruppu. A to bez boya ruki cheshetsya. Fashistning onasini uchqoʻrgʻonidan koʻrsatay.

    – Nichego Kabulov. I tak bez boya vыpolnyayesh ochen vajnuyu zadanii. Znayu, rugayesh fashistov. Terpi rodnoy, budet u tebya takoy vozmojnost.

    Rahmat bobo xotiralari

    – Vzvod komandiri bilan boʻlib oʻtgan ushbu suhbatda topshiriqni bajarishdan boʻyin tovlamagandim, – deya eslaydi Rahmat bobo oʻz xotiralarida. Aslida oʻshanda kechasi rezvedkaga chiqqanlar qatorida kunduzi dam olishdan, front chizigʻining oldinida jang olib borayotganlarning ortida yurishdan, janglarda quroldosh doʻstlarni yoʻqotayotgandan vijdoni qiynalgandi.

    Dimatsini va Mali aholi punktlarini ozod qilishdan oldin vzvoddagi yoʻqotishlar sababli Rahmat Qobulov oʻzi xohlaganidek ishgʻol guruhiga oʻtkaziladi. Artilleriyachilarning hujumidan keyin, dushman transheyasiga sherdek otilib borgan kattaqoʻrgʻonlik yigit miltigʻi yordamida beshta fashistni yer tishlatdi. Sonidan yaralanganiga qaramasdan, safdan chiqqan vzvod komandiri oʻrinbosarining vazifasini aʼlo darajada bajarishga kirishdi. Oʻlja sifatida qoʻlga kiritgan pulemyot yordamida jon-jahdi bilan qarshilik koʻrsatishga uringan bosqinchilarning boplab tazirini berib, Mali qishlogʻining ozod etilishida qahramonlik koʻrsatdi. Jangdagi mazkur jasorati uchun 1944-yilning 9-avgustida polk komandirining buyrugʻiga asosan, III darajali “Slava” ordeni bilan taqdirlandi.

    1945-yil 24-yanvar kuni Rahmat Qobulov xizmat qilayotgan 13-gvardiyachi oʻqchi diviziya Oder daryosini kechib oʻtish janglarida qatnashdi. Gvardiyachi kichik serjant unvonini olgan qahramonimiz oʻq va snaryadlar yomgʻiri ostida oʻz boʻlinmasini hujumga boshladi va Linden aholi punkti fashist bosqinchilaridan ozod etildi. Koʻrsatgan mardligi uchun II darajali “Slava” ordeni bilan mukofotlandi.

    1945-yilning 16-aprelida Berlin ostonalarida shiddatli janglar boʻlib oʻtdi. Fashist bosqinchilari bor kuchi bilan qarshilik koʻrsatar, gvardiyachi kichik serjant Rahmat Qobulov boʻlinmasi esa bu qarshilikka qaramay faqat olgʻa borardi. Natijada Oder daryosining irmoqlari Neyse va Shpreye oraligʻidagi Gross-Dyuben aholi punktida dushmanning avvaliga birinchi, keyin ikkinchi himoya istehkomi ishgʻol qilindi. Rahmat Qobulov ana shu jangda koʻrsatgan qahramonligi uchun “Qizil yulduz” ordeniga loyiq topildi. Aslida polk komandiri podpolkovnik Ivan Poloves oʻzbekistonlik jangchini I darajali “Slava” ordeniga tavsiya etsa boʻlardi. Shunda “Slava” ordenining barcha darajalari bilan taqdirlangan oʻzbekistonliklar soni yana bittaga ortardi. Ammo polk komandiri Rahmat Qobulovning har safargi qahramonligin “Qizil yulduz” ordeniga loyiq topgan.

    – Janglarning birida fashistlar bombardimoni tufayli qattiq yaralandim. Sheriklarim yiqilganimni koʻrib, oʻldi deb oʻylagan ekan. Bomba parchalari yelkamdan pastroqqa sanchilibdi. Keyinroq ovoz chiqarganmanmi yoki qimirlaganmanmi bilmayman kattaqoʻrgʻonlik Xurram degan yigit koʻrib qolgan. Xullas, Ukrainaning Kremenchug shahridagi gospitalda toʻrt oy davolanib, safga qaytgandim. Xurram Katta ming tomondan, Tugʻma qishlogʻidan. Urushdan keyin uni topdim. U ham qiyomatli doʻstim boʻlib qoldi.

    98 yoshda boʻlishiga qaramay Rahmat boboning ancha tetik, shu bilan birga xotirasi ham kuchli ekanligiga qoyil qoldik. U voqealar ketma-ketligidan chalgʻimas, hatto yil, oy, sana va kunning qaysi vaqtida, qayerda sodir boʻlganini aniq-tiniq eslardi.

    Rahmat bobo Qobulov 5-gvardiyachi armiya tarkibida 1 va 2-Ukraina frontlarida Voronej, Xarkov, Poltava, Lvov, Kursk kabi oʻnlab shaharlarni, Ukraina, Ruminiya, Polsha, Germaniya, va Chexoslovakiyani fashizmdan ozod etishda qahramonlik koʻrsatdi. Janglarda besh marta yaralandi. Jasorati va mardligi uchun II va III darajali “Slava”, “Qizil yulduz” ordenlari va qator medallar bilan taqdirlandi. Urushdan keyin harbiy xizmatni 1949-yilga qadar Avstriya poytaxti Vena shahrida davom ettirdi. Jonajon yurtiga qaytib kelgandan keyin kolxozda elektr ustasi boʻlib xalqqa xizmat qildi. Turmush oʻrtogʻi Muyassar aya Qobulova bilan birgalikda 9 oʻgʻil va bir qizni voyaga yetkazdi.

    Rahmat bobo uzoq umr koʻrishining sababini soʻragan insonlarga shunday javob beradi: – Payshanba shahridagi 4-maktab binosi oldida urushga safarbar qilingan hamqishloqlarim, doʻstlarim hali-hanuz koʻz oldimdan ketmaydi. Ularning qancha-qanchasi frontdan qaytmadi. Urush tufayli yurtimiz asl oʻgʻlonlaridan ayrildi. Fashizm balosi xalqimiz qalbiga bitmas jarohat solib ketdi. Koʻplab vatandoshlarim janggohlarda koʻz oldimda armon bilan jon berdi. Men oʻshanda ular uchun ham yashashim kerakligini anglab yetganman. Armon bilan oʻtgan zabardast yigitlarimizning porloq xotirasi uchun nafas olib yashayapman. Ularning qahramonligini hali ancha vaqt kelgusi avlodlarga yetkazish mening burchim deb oʻylayman. Uzoq umr koʻrishimning sababi shunda boʻlsa kerak.

    Rayim Yusupov urush soʻqmoqlariga Xarkov shahrini ozod etish janglari bilan kirib bordi. Ruminiya, Vengriya, Avstriya, Chexoslovakiya, Germaniya uchun boʻlgan qonli janglarda qatnashdi. Bir necha marta yaralanib, yana safga qaytdi. Qiyomatli doʻsti Rahmat bobo Qobulov singari 1949-yilga qadar harbiy xizmatni Ruminiyada davom ettirdi. II darajali “Vatan urushi” ordeni va mardligi uchun bir qator medallar bilan taqdirlangan.

    Rayim bobo doʻsti bilan ahdlashgandek, jonajon yurtiga tirik qaytdi. Fashist bosqinchilariga qarshi kurashgan urush qahramoni taqdiriga bir-biridan achchiq qismatlar bitilgan edi. Janggohlarda qon kechib, yigitlik davrining eng gullagan davrini yoʻqotgan Rayim boboni yurtida mashʼum xabar kutib turardi.

    Urushga ketgan akasidan qora xat kelgan, ota-onasi esa ikki farzandining frontdan qaytishini kuta-kuta vafot etgandi. Oilasidagi ogʻir judolikni mehnat bilan yengib oʻtishga qaror qilgan qahramonimiz qishloq xoʻjaligi sohasida taʼlim oldi va kolxozda agranom, brigadir lavozimlarida faoliyat koʻrsatdi. Turmush oʻrtogʻi Ochiltosh aya bilan uchta oʻgʻil va ikkita qizni voyaga yetkazdi.

    Fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga hissa qoʻshgan oʻzbekistonlik jangchilar qatorida Rahmat bobo Qobulov hamda Rayim bobo Yusupov oʻzlarining munosib hissasini qoʻshgani buguni yosh avlodga oʻrnak boʻla oladi. Otaxonlar har doim Kattaqoʻrgʻon garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, shuningdek faxriylar, mahalla faollari va maktab oʻquvchilarining eʼzozida. Ular bayramlarda Rahmat bobo hamda Rayim boboning xonadonida mehmon boʻlishadi.

    Ikki qiyomatli doʻst frontda bosib oʻtgan suronli yillar haqidagi oʻz hikoyalarini yoshlarga soʻzlab berar ekan, bugungi osoyishta hayotga shukrona keltirib, davlatimiz tomonidan urush faxriylariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar uchun minnatdorchilik bildirishdi. Nuroniy otaxonlarning Vatan himoyachilari boʻlmish harbiy xizmatchilarning sharafli kasbi-koriga muvaffaqiyat va yoshlarning porloq kelajagiga omad tilab qilgan duolarini tinglab oʻtirib biz ham bugungi farovon turmushumizga shukrona keltirdik.

    Asror ROʻZIBOYEV,

    jurnalist