“Qoʻllab-quvvatlov uchun barcha vatandoshlarga ulkan minnatdorchilik bildiraman!..”

    Suhbat 24 Sentabr 2020 2094

    Amerika Qoʻshma Shtatlardagi hamyurtimiz Dostonbek Toirov bilan suhbat

    Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻzbekistonlik yosh dasturchi yigit Dostonbek Toirovning AQSHdagi yirik kompaniya – “Morgan Stanley” shirkatida amaliyot oʻtashni boshlagani, kompaniya maʼmuriyati tomonidan amaliyotning ilk kunida Dostonbekka kutilmagan sovgʻa tayyorlangani haqidagi xabarlar tarqaldi. Unga koʻra, Nyu-Yorkning mashhur Tayms skveridagi ulkan peshlavhada oʻzbekistonlik mutaxassisning ism-sharifi va surati eʼlon qilingan.

    Koʻp sonli qiziquvchilar istaklariga binoan okean ortidagi yosh qahramonimiz bilan suhbatlashdik. Dostonbek hozirgi kunda AQSHning Kentukki shtatidagi Berea kolleji 4 boschiqida tahsil oladi.

    - Dostonbek suhbatimiz avvalida oʻzingiz haqingizda soʻzlab bersangiz?

    - Men 1998-yil Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanidan tugʻilganman. Ota-onam biz farzandlarning taʼlim va tarbiyamizga alohida eʼtibor qaratishgan. Shu bois, 6 yoshimdan Andijon shahridagi
    34 davlat ixtisoslashtirilgan maktabida oʻqidim. Maktab davrida ham ularning fanlarni yaxshi oʻzlashtirishimga nisbatan eʼtibori kuchli edi. Oʻqishga boʻlgan kuchli qiziqishim, ota-onam va ustozlarimning bilim borasidagi koʻmagi sabab maktabni imtiyozli shahodatnoma bilan tamomladim. Soʻng Andijon davlat universiteti qoshidagi 5 sonli akademik litseyda tahsil oldim. Hozirda Kentukkiy shtatidagi Berea kollejining 4 yillik bakalavr darajasini beruvchi Kompyuter va axborot fanlari, matematika va biznes boshqaruvi sohalari boʻyicha toʻliq grant asosida taʼlimni davom ettiryapman.

    - Yaqinda erishgan yutugʻingiz ijtimoiy tarmoqlarda ancha iliq kutib olindi. Amaliyotga qabul qilinish jarayoni oʻzi qanday kechdi?

    - Kichik boʻlsada, erishgan muvaffaqiyatim vatandoshlarimiz tomonidan iliq kutib olinganidan bagʻoyatda xursand boʻldim. Haligacha, qoʻngʻiroq va ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtdoshlarimizdan tabrik xabarlari kelib turibdi. Ochigʻi, bu oʻzga yurtda, musofirchilikda men uchun katta dalda boʻldi, deb ayta olaman. Fursatdan foydalanib, quvonchimga sherik boʻlgan barchaga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.

    Savolingizga toʻxtaladigan boʻlsam, “Morgan Stanley”ga qabul qilinish jarayoni “Red Hat” kompaniyasida amaliyot ishimni yakunlashga yaqini boshlaganman. Yaʼni, “Morgan Stanley”da ishlaydigan tanishim bilan bogʻlanib tavsiyanoma olganman. Arizani topshirganimdan bir oy oʻtib meni ularning Nyu-Yorkdagi bosh ofisiga intervyuga chaqirishdi. Intervyuda shirkatning ikki vakili bilan texnikaviy, xulqiy va shu kabi boshqa mavzularda savol-javob boʻldi. Keyin bir hafta oʻtib, intervyudan muvaffiyatli oʻtganim toʻgʻrisida qoʻngʻiroq qilishda. Shu tariqa “Morgan Stanley”da amaliyotni boshladim.

    - Shirkatdagi vazifalaringiz nimalardan iborat va oʻzingizning rejalaringiz qanday?

    - Toʻgʻrisini aytsam, “Morgan Stanley”da ichki maʼlumot xavfsizligini juda jiddiy olishadi va koʻp maʼlumotlarni keng ommaga tarqatishni man etishadi. Lekin shirkatda men ishlagan loyiha haqida qisqacha aytib oʻtishim mumkin. Men kompaniyadagi Texnologiya boʻlimining “Wealth Management” qismida ishladim. Asosiy vazifam shirkatning maslahatchilari va mijozlari uchun xizmat qiluvchi CRM (Costomer Relationship Management) ichki platformasida moliyaviy maslahatchilarni SEC (U.S. Securities and Exchange Commission) tomonidan yaratilgan yangi qoidalarga amal qilishi uchun yordam beruvchi yangi funksiyalarni yaratish hisoblanadi.

    Aslida bu faqat amaliy ish hisoblanadi. Ammo shirkat kellejni bitirganimdan soʻng doimiy ishlash taklifini bergan. Kollejni tamomlab “Morgan Stanley”da ishlashni niyat qilyapman.

    - Nima uchun aynan AQSHda tahsil olishga qaror qilgansiz?

    - Andijonda oʻqib yurgan kezlarimdan qoʻshimcha xorijiy tillarni ayniqsa, ingliz tilini mukammal oʻrganishga harakat qilganman. Maqsadim, xorijning nufuzli taʼlim dargohlarida oʻqish boʻlgan. Berea kolleji haqida litseyning birinchi bosqichida oʻqiyotganimda eshitganman va aynan Bereada oʻqish men uchun muhim maqsadga aylangandi. Lekin, letseyni tugatib baʼzi sabablar bilan Toshkentdagi Xalqaro Vestminester universitetiga hujjat topshirdim. Universitetga afsuski grantga emas, balki kontrakt asosida qabul qilindim. Shu tufayli ham yana Berea kollejiga topshirish ishtiyoqi paydo boʻldi. 2016-yil noyabr oyida barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab kollej maʼmuriyatiga yubordim. Shunday boʻlsada, Vestminester universitetidagi oʻqishni tashlab qoʻyganim yoʻq. 2017-yil aprel oyining boshlarida Berea kollejidan oʻqishga qabul qilinganligim toʻgʻrisida xat kelgan.

    Bu yerga kelishimning yana bir asosiy sabablaridan biri – Qoʻshma Shtatlarning yuqori darajadagi sifatli taʼlim tizimi, ayniqsa men tanlagan sohada. Undan tashqari, moliyaviy sabablarga koʻra toʻliq grant olib oʻqish men uchun juda muhim hisoblangan. Berea kolleji esa, 4 yillik oʻqish uchun barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grantni taqdim etdi.

    - Siz tahsil olayotgan kollejingiz haqida taassurotlar qanday?

    - Kollejim Berea shaharchasida joylashgan. Shahar adirlar va kichik oʻrmondan iborat yashil tabiatli hudud. Kollej shaharning katta qismini egallagan. Bereani talabalar shaharchasi deguvchilar ham bor. Kollejda dunyoning 120 dan ziyod davlatlari va AQSHning deyarli barcha shtatlaridan kelgan 1600 dan ortiq talabalar tahsil olishadi. Berea kolleji 60 dan koʻp binolarni oʻz ichiga olgan. Ulardan 15 ga yaqini talabalar yotoqxonasi, ulkan kutubxona, sport kompleksi, aniq fanlar va boshqalardan iborat.

    Qolaversa, kollejda talabalar darslardan tashqari kampusda tayinlangan ishlarda haftasiga 10-15 soat ishlashlari lozim. Bu ishga albatta oylik toʻlanadi. Talabalar ishdan topgan pullarini oʻzlarining shaxsiy xarajatlari uchun sarflashlari mumkin.

    — Kuzatishlaringiz natijasida amerikaliklarning hayotga munosabati va qanday oʻziga xos xarakterlarga guvoh boʻldingiz?

    Men muloqotda boʻlgan amerikaliklar orqali ular haqida koʻp narsalarni oʻrgandim. Menga yoqqan jihatlardan ularning oʻzaro muloqoti samimiy va doʻstona. Misol uchun, qayerga bormang, ayniqsa, oʻqish va ish joylarida notanish amerikalik, u yosh yoki keksa boʻlsin, muloqotda professionallik bilan javob berishiga guvoh boʻlasiz.

    Shuningdek, koʻpchilik amerikaliklar juda mehnatkash va bilim olishga eʼtibor berishadi. Ularning yoshi 40–50 dan oshgan boʻlsa ham, universitet yoki kollejga borib taʼlim olishdan uyalmaydi. Ularda farovon hayotga faqat yuksak bilim hamda katta mehnat ortidan erishish mumkin, degan gʻoya shakllangan.

    Ular ish va oʻqish bilan birga dam olish, hordiq chiqarishga ham yaxshigina eʼtiborli. Aksariyat amerikaliklar haftada 5 kun ishlashadi (koʻpincha kunlik 8 soat), qolgan 2 kunini oila va doʻstlar bilan turli mashgʻulotlar hamda dam olish bilan oʻtkazishadi.

    — Oʻzbekistonda AQSHdagi qanday innovatsiyalarni joriy etish mumkin deb hisoblaysiz?

    - Bolalikdan AQSHni yangiliklar, yangi kashfiyotlar markazi deb, oʻylaganman. Va bu yerga kelib fikrlarim koʻp jihatdan oʻzini oqladi. Haqiqatdan ham AQSH yirik moliyaviy va innovatsion markaz. Oʻrganadigan tajribalar talaygina.

    Oʻylashimcha, AQSHning fuqarolarga individual sharoitlar yaratib berayotgani, qonun himoyasining toʻliq ishlashi, yutuqlar va gʻoyalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash mamlakatning bugungi mavqesiga sabab boʻlgan. Eng muhimi bu yerda fuqaroning yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi, mansabidan qatʼiy nazar oʻz gʻoyasi yoki biznesini boshlash uchun barcha kerakli manbalar va qonunchilik mexanizmi yetarlicha yaratilgan.

    — AQSH-Oʻzbekiston taʼlim tizimida oʻxshashliklar bormi, ularning taʼlim sohasidagi qanday tajribalarini oʻrganishimiz mumkin?

    — Bir qancha oʻxshashliklar mavjud. Misol uchun, taʼlim davomiyligi yaʼni Oʻzbekistondagidek boshlangʻich, oʻrta va yuqori bosqichdan iborat. 11 yillik maktab tizimi va 4 yillik bakalavriat va hokazo. Lekin mening fikrimcha AQSHning taʼlim tizimida Oʻzbekistonga nisbatan farqlar ham koʻp. Oʻzbekistonda bularning eng maqbullarini joriy etish har tomonlama foydali boʻladi.

    Masalan, AQSH taʼlim tizimida talabalarga katta erkinlik berilgan. Oliy taʼlim muassasalarida talaba qaysi sohada oʻqishini oʻqishga qabul qilinganidan keyin ham hal qila oladi va eng qizigʻi 4 yil davomida oʻqiyotgan sohasini bir necha marta oʻzgartirishi ham mumkin.

    Shuningdek, Qoʻshma Shtatlarda oʻqishni tamomlash koʻp hollarda Oʻzbekistondagi kabi vaqt bilan oʻlchanmaydi. Balki taʼlimda kredit kurs amal qiladi. Misol uchun, bizda bakalavr darajasini olish uchun talaba 4 yil toʻliq oʻqishga majbur. Amerika tizimida talabalarga oʻquv dasturi beriladi va agar ular mana shu dasturdagi barcha kurslarni oʻqib tugatsa, 3 yilda ham bakalavr diplomini qoʻlga kirita oladi.

    AQSH taʼlim tizimining yana bir afzalligi – talabalar dars rejalarini oʻzlari tuzadi. Yaʼni talabalar qanday darslar olishni mustaqil hal qiladilar. Talaba xohlasa sohasiga aloqador boʻlmagan fanlarni ham oʻqish imkoniyatiga ega.

    Bilishimcha, Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida talabalar uchun 4 yillik dars va kurslar rejasi oldindan tasdiqlanadi. Bu tizimdan bosqichma bosqich voz kechish kerak, deb oʻylayman. Boisi hozirgi shiddatli davrda kechagi dunyoqarashingiz bugungi kunga yoki ertangi kun uchun mos kelavermayapti.

    — Kelgusidagi maqsadlaringiz qanday?

    Kelajakdagi maqsadlarim talaygina. Bulardan eng asosiysi tanlangan sohamda bilim va tajribalarimni koʻpaytirib professional darajaga yetishish va shu orqali boshqalar uchun yaxshilik keltiradigan ishlarni amalga oshirishdir.

    Bugungi kunda oʻqishdan tashqari dasturlash va ingliz tilini oʻrgatishga moslashtirilgan beruny.com internet loyihasini olib boryapman. Keyinchalik Oʻzbekistonga qaytib taʼlim, texnologiya va logistikaga oid bir necha loyihalarimni amalga oshirmoqchiman.

    Nurillo Toʻxtasinov

    suhbatlashdi