Qon bosimi nega pasayadi?

    Odatda yurak xuruji va qon tomirlari uchun xavf omili sifatida qon bosimining oshishiga jiddiy e'tibor beriladi.

    Biroq ko'pchilik gipotoniya, ya'ni qon bosimi tushishiga shunchaki oddiy kasallik sifatida qaraydi. Ammo bu qanchalik to'g'ri? Qon bosimining pastligi salomatlik uchun xavfsizmi yoki uni davolash kerakmi? SSV Matbuot xizmati shu va shu kabi savollar bilan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo'lim rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Hamidulla Toshpo‘latovga murojaat qildi. (1-qism)

    — Qon bosimi o'zi nima va qanday hollarda bemorga gipotoniya tashxisi qo'yiladi? Dastlab shu haqida ma'lumot bersangiz.

    — Qon bosimi yurak tezligi, nafas olish va tana harorati bilan birga, inson hayot faoliyatining asosiy ko'rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Gipotoniya markaziy asab tizimi faoliyatida tomir tonusi va nevrogormonal tartibning buzilishi oqibatida kelib chiquvchi xastalik bo'lib, qon bosimining keskin pasayishi bilan kuzatiladi. Ushbu kasallik surunkali (qon bosimining uzoq davr mobaynida pasayishi), o'tkir (boshqa bir kasallik belgisi sifatida), simptomatik (bemorda bosimning asta-sekin pasayishi) va bir martalik pasayish kabi bir necha turlarga bo'linadi.

    Odatda qon bosimi ikkita ko'rsatkich bilan ifodalanadi. Birinchisi, sistolik bosim, ya'ni sistol paytida tomirlarda hosil bo'ladigan bosim (yurakning qisqarishi). Ikkinchisi, diastolik bosim, ya'ni diastol paytida tomirlarda mavjud bo'lgan bosim (yurakning bo'shashishi).

    Sistolik bosim har doim diastolik bosimdan yuqori bo'ladi. YUrak-tomir tizimining tonusi (tarangligi) pasayganda tanada qon qosimi ham pasayadi. Tonometr yordamida o'lchanganda, yuqori (sistolik) raqam 100 mm. simob ustuni, pastki (diastolik) raqam esa 60 mm. simob ustunidan past bo'lgan taqdirda bemorga gipotoniya tashxisi qo'yiladi. Bu ko'rsatkich kichik va o'smir yoshdagi bolalarda 85-60 mm. simob ustuni, 30 yoshdan oshgan insonlarda esa 105-65 mm. simob ustunini tashkil qiladi.

    — Qon bosimi pasayishiga qanday omillar sabab bo'ladi?

    — Buning sabablari turlicha. eng avvalo, ichki qon ketishlar, miokard infarkti, kamqonlik, bosh va orqa miya jarohatlari, yurak etishmovchiligi, surunkali uyqusizlik kasallik kelib chiqishining asosiy sabablaridan hisoblanadi.

    Shuningdek, stresslar, nevrozlar, psixologik jarohatlar, ruhiy tushkunlik, loqaydlik, buyrak usti va osti bezlari faoliyati buzilishi, gormonal o'zgarishlar, bosh miya ichki bosimining pasayishi, homiladorlik, oddiy suvsizlanish ham qon bosimining pasayishiga olib kelishi mumkin.

    Aytish joizki, past qon bosimi insonning o'ziga xos xususiyati ham bo'lishi mumkin. Misol uchun, ayrim sportchilarda, og'ir jismoniy mehnat qiluvchi odamlarda gipotoniya yillab, ba'zan esa umrbod davom etishi mumkin. Biroq shunday bo'lsada bu insonlar o'zlarini yomon his etishmaydi va ularga dori-darmonning hojati yo'q.

    — Qon bosimi pasayganda bemorda qanday belgilar kuzatiladi?

    — Odatda bunday paytda miyaga kislorod va ozuqa moddalari etarli darajada etib bormaydi. Natijada insonda bosh aylanishi, uyquchanlik, umumiy holsizlik, bosh og'rig'i, diqqatni jamlay olmaslik, ish qobiliyatining susayishi, ko'ngil aynishi, junjikish, terlash, ko'z oldining qorong'ulashishi, jizzakilik kuzatiladi. Kasallik odatda surunkali kechib, ayniqsa, qaytalanib turadi.

    Qon bosimining normal yoki keskin pasayishini (masalan qon yo'qotish, suvsizlanish, yurak kasalliklari yoki anafilaktik shok sababli) tana a'zolari jiddiy his etadi va buning oqibatida buyrak etishmovchiligi, ongning buzilishi va koma holati ro'y berishi mumkin.

    Agar bemorda ongning xiralashuvi, tanani sovuq, yopishqoq ter qoplashi, terining oqarishi kuzatilsa va u tez-tez va yuzaki nafas olsa, pul`s tezlashuvi va kuchsizligi kabi klinik belgilar aniqlansa, bu – inson hayoti uchun xavfli bo'lgan ichki a'zolar va bosh miya gipoksiyasiga olib keluvchi o'tkir arterial gipotoniya belgilari hisoblanadi.

    Shu bois bunday holatlarda zudlik bilan “Tez yordam”ga murojaat qilish zarur.

    Sog'liqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.