Mazkur vazifa qoʻyilishidan asosiy maqsad qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishda mahalliy davlat hokimiyati organlarini, bevosita aholiga yaqin turgan hokimiyat ekanini inobatga olib, qonunchilik jarayoniga yana-da kengroq jalb qilish orqali bu jarayonda keng ommani, yaʼni aholi fikrini, manfaatlarini yana-da mukammal hamda aniqroq anglash, qonunchilik jarayonida inobatga olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni yaratishga qaratilgan.

Oʻz navbatida, qoʻyilgan vazifani bajarishda tegishli qonun hujjatlarini yana-da takomillashtirish talab etiladi. Bunday muhim yangiliklardan biri sifatida normativ-huquqiy hujjatlarda davlat boshqaruvi organlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuzilmasida qonun ijodkorligi faoliyati va qonunlar ijrosini taʼminlash sohasida Oliy Majlis palatalari bilan oʻzaro hamkorlik uchun masʼul boʻlgan rahbar oʻrinbosarini belgilash koʻzda tutilmoqda. Bu rahbar oʻrinbosari Parlament palatalari bilan oʻzaro hamkorligi mexanizmi boʻlib xizmat qiladi.

Taʼkidlash joizki, rahbar oʻrinbosari lavozimi joriy etilishi nafaqat mahalliy hokimiyat manfaatlarini koʻzlash, balki parlamentning ham mahalliy hokimiyatga nisbatan qarashlarini eʼtiborga olish va bu oʻzaro manfaatdorlik munosabatlarini yana-da samaraliroq yoʻlga qoʻyishga asos boʻladi. Rahbar oʻrinbosari orqali boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyatida amalga oshiriayotgan ishlar, ularda qonunchilikni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha jarayonlar parlamentga yetkazib turiladi. Parlament esa, oʻz navbatida, bir vaqtda ham qonun ijodkorligiga tegishli, ham huquqni qoʻllash amaliyoti holati haqida oʻz vaqtida va tezkor maʼlumotlarga ega boʻlib boradi. Bu esa qonunlarni qabul qilish va ijro etish jarayonida yaxlitlikni, yaʼni yagona uzviy bogʻliqlik tizimi yaratilishini taʼminlaydi. Bu bilan boshqaruv tizimi samaradorligini oshirish orqali xalq farovonligiga erishishda izchillik taʼminlanadi.

Joriy qilinayotgan huquqiy mexanizm orqali koʻpgina amaldagi qonunlar ishlashi, xususan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Parlament nazorati”, “Jamoatchilik nazorati” va boshqa qonunlar samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Xayrullo ROʻZMETOV,

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari

va parlament tadqiqotlari instituti

boʻlim boshligʻi