Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti faoliyati sarhisob qilindi

    Bugun institutning uch yillik hisoboti muhokamasiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Bundan uch yil avval Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etilib, uning oldiga qonunchilik muammolarini oʻrganish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash kabi bir qator muhim vazifalar qoʻyilgan edi.

    Bugun institutning uch yillik hisoboti muhokamasiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi Devoni xodimlari, ommaviy axborot vositalari, Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari va Institut huzurida tashkil etilgan Ilmiy-ekspert kengashi va Yosh qonunshunoslar klubi aʼzolari ishtirok etdi.

    Matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov oʻtgan davr mobaynida Institut tomonidan Oliy Majlis palatalari, xususan, Qonunchilik palatasi faoliyati samaradorligini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilganligi, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi sharoitida Institut tomonidan amalga oshirilgan ilmiy va axborot-tahliliy maʼlumotlar ogʻir va murakkab vaziyatda parlament faoliyatining uzluksizligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etganligini taʼkidladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining oʻrinbosari Z. Nizamxoʻjayev ham Institut 2018-2020-yillar davomida Oliy Majlis Senatining faoliyatini ilmiy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash borasida eng yaqin koʻmakchiga aylanganligi, amaldagi qonunlarning taʼsirini baholashda Institut tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etayotganligini qayd etdi.

    Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori F.Otaxonov Institut tomonidan 2020-2020-yillar davomida amaldagi qonunlar va qonun loyihalari yuzasidan 138 ta ilmiy-huquqiy xulosa, 21 ta Oliy Majlis palatalarining qarorlari loyihalari, 380 ga yaqin axborot-tahliliy maʼlumot, shuningdek deputatlar va senatorlar faoliyatiga uslubiy jihatdan koʻmaklashish maqsadida 4 ta ilmiy-amaliy qoʻllanma tayyorlanganligini aytdi.

    Shuningdek, Matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining 2020-yil 25-sentyabrdagi Qoʻshma qarori bilan Institut faoliyati tubdan takomillashtirilganligi, Qoʻshma qaror asosida Institutning ilmiy xulosasini olish amaliyoti joriy etilganligi, Institut huzurida
    Ilmiy-ekspert kengashi tuzilganligi, Institut muassisligida “Qonunchilik muammolari axborotnomasi” davriy nashri taʼsis etilganligi, shuningdek Institut tuzilmasida Parlamentarizmni rivojlantirish boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻquv markazini tashkil qilish borasida chora-tadbirlar koʻrilayotganligi qayd etildi.

    Matbuot anjumanida Institut moderatorligidagi “Mening fikrim” veb-portalining ham 2018-2020-yillardagi faoliyati toʻgʻrisida axborot berildi. Xususan, hisobot davrida veb-portalga fuqarolar tomonidan 4150 dan ziyod elektron jamoaviy murojaat kelib tushgan boʻlib, ulardan 440 ta elektron jamoaviy murojaat veb-portalga joylashtirilgan, ommaviy ovoz yigʻish uchun joylashtirilgan murojaatlardan 21 tasi yetarli ovoz toʻplagan, fuqarolar tomonidan 27 mingga yaqin izohlar qoldirilganligi taʼkidlandi.

    Konferensiya davomida ommaviy-axborot vositalari aʼzolari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga Institut vakillaridan asoslantirilgan javoblarni olishdi.