11-iyul kuni Qo'qon shahrida joylashgan "Kokand University" binosida mazkur tadbirning rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Unda Madaniyat va turizm vazirligi, Farg'ona viloyati va Qo'qon shahar hokimligi vakillari, Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY)ga a'zo mamlakatlardan tashrif buyurgan yoshlar hamda xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
“Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan turkiy tillarda so'zlashuvchi davlatlar yoshlari o'rtasida ushbu festival har ikki yilda doimiy o'tkazilishi belgilandi. Bu orqali yoshlar o'rtasida turli g'oyalarni muhokama qilish, manfaatli loyihalarni amalga oshirish hamda eng muhimi, ular o'rtasida do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga e'tibor qaratganmiz. Bu kabi tadbirlar qardosh xalqlar yoshlari o'rtasida uzilmas ko'prik vazifasini o'tab beradi deb ishonaman”, — dedi Madaniyat va turizm vazirligi boshqarma boshlig'i Zarrina Abdullayeva.
Festival doirasida 3 kun davomida kitobxonlik kuni, milliy va etnosport turlari bo'yicha sport musobaqalari, madaniy-ko'ngilochar tadbirlar, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo'yicha davra suhbatlari, yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari, mamlakatimizdagi elchixona konsullari bilan festival ishtirokchilarining uchrashuvlari tashkil etiladi.