Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Poligon hududiga kirishdayoq tergovchilarni yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan holatni aks ettiruvchi maxsus maydon qarshi oladi.
Unda shikastlangan avtomobil, yoʻl chiziqlari, svetofor, chorraha va boshqa detallar joylashtirilgan boʻlib, haqiqiy voqeaga yaqin muhit yaratiladi. Bu esa hodisa joyini koʻzdan kechirish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Bino ichida tergov sohasida yuksak natijalarga erishgan ustoz xodimlarning fotosuratlari joylashtirilgan. Shuningdek, “Kuchli tergovchining 7 qoidasi” aks ettirilgan boʻlib, bu kasbning masʼuliyati va sharafini yodga solib turadi.
Tergov poligonida jami 15 ta oʻquv xonasi mavjud. Ular orasida maxsus tergov xonasi, qotillik jinoyatlari, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, dori vositalarini isteʼmol qilish orqali oʻz joniga suiqasd qilish yoki oʻzini osish holatlari boʻyicha hodisa joyini oʻrganish xonalari, oʻqotar va sovuq qurollar bilan ishlash, terroristik va qoʻporuvchilik jinoyatlari boʻyicha hodisa joyi hamda elektron dalillar bilan ishlash xonalari tashkil etilgan.
Mazkur oʻquv xonalari tergovchilarning amaliy tajribasini oshirish, turli vaziyatlarni modellashtirish va kasbiy koʻnikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, “Tergov poligoni” imkoniyatlaridan samarali foydalanish kelgusida tergov sifatini yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.