Qo'shma ta'lim dasturlari talabaga nima beradi?

    Bugungi kunda Jizzax viloyatidagi 5 ta OTMda 400 dan ziyod yigit-qiz qo'shma ta'lim dasturlarida ishtirok etmoqda.

    Insonning bilim olishi, o'qib-o'rganishiga kiritiladigan sarmoya — eng manfaatli investitsiyadir. Boisi, arzon va sifatli ta'lim olgan bolada o'qishning keyingi bosqichlarini davom ettirishga rag'bat paydo bo'ladi, kelgusida o'z bilimlarini biror soha rivojiga yo'naltirish orqali mamlakat iqtisodiyotiga hissa qo'shadi.

    So'nggi yillarda yurtimiz ta'lim tizimini yangi shaklga o'tkazish, xalqaro standartlarni joriy etish, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, oliy ta'lim tizimini dunyo standartlariga moslashtirish, xalqaro reytinglarga kiritish, o'quv yurtlariga qabul qilishda adolatli va shaffof tizimni o'rnatishda katta o'zgarishlar kuzatilyapti. Bu jarayon Prezidentimizning 2019-yil 8-oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi bilan birgalikda faol kechmoqda.

    Aslida, oliy ta'lim malakali kadrlar tayyorlashning eng muhim tizimi hisoblanadi. Mazkur maskanda talaba nafaqat bilim oladi, balki bevosita amaliyotga kirishadi. Ana shu bosqichda sohasi bo'yicha ishlash ko'nikmasini egallagan yoshlar salkam mutaxassisga aylanib, ish joyiga kadr sifatida boradi. Bu maqsadlarga erishishda oliy o'quv yurtlarida qo'shma ta'lim dasturlarining yo'lga qo'yilishi, xorijiy davlatlarda amaliyot o'tash jarayonlarining keng tus olishi, bitiruvchi talabalarning ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot o'tashi yaxshi samara bermoqda.

    Joriy yilning 9-10-iyun kunlari Turkiyaning Izmir shahrida bo'lib o'tgan Turkiya-O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari forumida ham ikki mamlakat o'rtasida texnik va injenerlik sohasida kadrlar tayyorlash masalasida muhokamalar olib bordik. Mamlakatimizning 20 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari rahbariyati, tegishli vazirliklarning mas'ul xodimlaridan iborat delegatsiyamizning forumdagi ishtiroki hamkorlikning yangi yo'nalishlarini boshlashga debocha bo'ldi.

    Dastlabki kuniyoq Turkiyaning Anadolu universiteti, Kaysari universiteti, Bartin universiteti singari nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan kelishuvlarga erishdik. Qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, mashinasozlik, energetika, kimyo texnologiyalari kabi qator sohalarda hamkorlik bitimlari, memorandumlar imzolandi. Jizzax politexnika instituti hamda yuqoridagi ta'lim dargohlari o'rtasida ham kadrlar tayyorlash bo'yicha alohida kelishuvlar qabul qilindi.

    Hamkorlikning asosiy yo'nalishlari o'qituvchilar uchun malaka oshirish, talabalar almashinuvini tashkil etish, hamkor oliy o'quv yurtlaridagi axborot-resurs markazlarining o'zaro integratsiyasini ta'minlash, krelit-modul tizimi bo'yicha fan dasturlarini takomillashtirish, birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga qaratilgan. Qolaversa, Mevlana, erasmus+, Turkiya burslari, Tika singari xalqaro donor tashkilotlar dasturlarida hamkorlikda ishtirok etish ko'zda tutilgan.

    Turkiya ta'limidagi o'ziga xoslik nimada?

    Forumning rasmiy uchrashuvlaridan so'ng delegatsiyamiz bilan Turkiya universitetlarida bo'lib, ulardagi ta'lim jarayonlari bilan tanishdik. Ochig'i, bu diyorning ta'lim tizimi bizga ko'p ham begona emas. Ammo sohadagi zamonaviy tendentsiyalar juda tez o'zgarib, yangilanib bormoqda. Shu bois, jarayonda o'zimiz uchun ko'plab yangiliklar oldik.

    Turkiya oliy ta'lim tizimida boshqalarnikiga o'xshamaydigan o'qitish uslubidagi o'ziga xosliklar yaqqol ko'zga tashlanadi. Masalan, u erda universitetlarning deyarli barchasi mustaqil. Qancha kvota va grantlar ajratilishi hamda shunga o'xshash barcha normativlarni ta'lim dargohining o'zi belgilaydi. O'quv muassasalari xalqaro talablarga to'laqonli javob bera olgani bois, Turkiyadagi 20 dan ortiq universitet dunyo oliy ta'lim muassasalari reytingi TOP-1000taligidan joy olgan.

    Ushbu davlatda maktab attestati bilan oliy ta'limga kirish bo'yicha ko'rsatkich 94,2 foizni tashkil etadi. Bitta oliygohda 50–80 mingga yaqin talaba tahsil olishi ham hayratlanarli. Ushbu jarayonda xorijlik talabalarni qabul qilish imkoniyati maksimal darajada amalga oshiriladi. CHet ellik yoshlarga yaratilgan sharoit va imtiyozlar ham talaygina.

    Har bir universitet talabalari ijtimoiy to'garaklar, sport jamoalari va madaniy tadbirlar vositasida bir-biriga yaqinlashadi. 206 universitetdan qaysi biriga bormang, eng so'nggi texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy va qulay kampus hayotiga guvoh bo'lasiz.

    Forum doirasida O'zbekiston delegatsiyasi Turkiyaning etakchi ishlab chiqarish korxonalarida ham bo'ldi. Oliy o'quv yurtlarining eng iqtidorli talabalari mazkur korxonalarda amaliyot o'tash, hatto, ishlash imkoniyatiga ega bo'ladi. Bu tajriba bizda ham ommalashib borayotgani bejiz emas. Boisi, malakali kadrlar tayyorlash jarayonida ta'lim va amaliyot, ilm-fan va ishlab chiqarishni uyg'un olib borish o'z samarasini beradi.

    Qolaversa, YAngi O'zbekistonning 2022—2026-yillarga mo'ljallangan Taraqqiyot strategiyasida 2026-yilga qadar 10 ta salohiyatli oliy ta'lim muassasasini QS va THE xalqaro reytinglariga kirishga maqsadli tayyorlash belgilangan. Bunda xorij OTMlari bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish, ilg'or tajribalarni o'rganib, amaliyotga joriy etish muhim o'rin tutadi.

    Ilmiy izlanish amaliyotga joriy etilsa...

    Ta'lim sifatini oshirishda nafaqat moddiy-texnik bazani mustahkamlash, balki yuqori salohiyatli va raqobatbardosh kadrlarni mehnat jamoasiga jamlash ham alohida ahamiyatga ega. Malakali o'qituvchi talabani to'g'ri yo'naltirib, ham ilmiy, ham kasbiy faoliyatida unga yaqindan ko'maklashadi. Iqtidorli talabalarni qo'shma ta'lim dasturlariga jalb qiladi.

    Bugungi kunda Jizzax viloyatidagi 5 ta OTMda 400 dan ziyod yigit-qiz qo'shma ta'lim dasturlarida ishtirok etmoqda. Jizzax politexnika instituti asosan 4 ta yo'nalish — transport va logistika, qurilish, energetika hamda sanoat texnologiyasi bo'yicha kadrlar tayyorlab keladi. Bu erda bir nechta xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda qo'shma ta'lim dasturlari tashkillashtirilgan bo'lib, talaba 2 yil o'zimizda, keyingi 2 yil esa chet el universitetida tahsil oladi. Xuddi shu formatda Moskva Davlat qurilish universiteti, Moskva energetika instituti, Ivanova Davlat kimyo-texnologiya universiteti, Qozon Federal universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Har ikki tomonning ta'lim imkoniyatlarini uyg'unlashtirayotgan qo'shma dasturlar asosida birgalikda yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda.

    Shuningdek, 2008-yildan boshlab xorijiy donor tashkilotlarning xalqaro loyihalarida faol ishtirok etib kelyapmiz. Ayniqsa, oxirgi yillarda xalqaro hamkorlik ko'lami jadal kengaymoqda. Xususan, 2017-yilda Germaniya davlatidan “O'zbekistonning aholi yashaydigan hududlarida iqlim o'zgarishiga moslashuv” nomli grant loyihasi doirasida zamonaviy quyosh panellari va laboratoriya uskunalari olib kelindi.

    2019—2021-yillarda Yevropa Ittifoqining xalqaro erasmus+ dasturi doirasida institutda magistratura dasturi ochilib, zamonaviy laboratoriya uskunalari xarid qilindi. Ana shu dastur asosida 2021—2027-yillarga mo'ljallangan talabalar va professor-o'qituvchilar almashinuvi ham tashkillashtirilmoqda. Yana bir xalqaro loyiha — “REILEAP” doirasida esa hozirgi kunda institutimizning 11 nafar professor-o'qituvchisi Turkiyaning egey universitetida malaka oshirmoqda.

    Umuman, ta'lim tizimidagi bugungi yangilanishlar, ilmiy faoliyatga ochilgan keng imkoniyatlar yoshlarni yanada izlanishga undamoqda. Talabalarning ilmiy faoliyatga qiziqishi, ishtiyoqi ortib boryapti. Masalan, Jizzax politexnika instituti talabasi Ziyodabonu Mullajonovaning “Purin va pirimidin asoslarining gossipolli hosilalarini olish” mavzuidagi ilmiy izlanishi bug'doy hosildorligini oshirishga qaratilgan bo'lib, qishloq xo'jaligi sohasida o'ziga xos yangilik bo'lishi kutilmoqda. Hozirgacha olingan ilk natijalar ham yomon emas. Bir shoxda 40-50 dona don solgan bug'doy o'simligida olib borilgan tadqiqotlardan so'ng shoxdagi hosildorlik 60-70 taga etdi. Ziyoda dolzarb mavzudagi tadqiqoti bilan “Mirzo Ulug'bek vorislari” Respublika ko'rik-tanlovining final bosqichida g'oliblikni ham qo'lga kiritdi.

    Institutda ana shunday iqtidorli yoshlar talaygina. O'qiyman, izlanaman, yangilik yarataman, degan yigit-qizlar o'z ustida tinimsiz ishlamoqda. Xorij universitetlarida o'qishni davom ettirib, tajriba oshirish imkoniyati esa ularning ilm yo'lidagi intilishlarini yanada rag'batlantiryapti.

    Alisher USMONQULOV,

    Jizzax politexnika instituti rektori,

    texnika fanlari doktori, professor