Tadbir chogʻida Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kitirish bilan bogʻliq batafsil maʼlumotlar davra suhbati qatnashchilarining eʼtiboriga havola etildi. Xususan, Asosiy qonunga fuqarolarimiz takliflari inobatga olingan holda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish masalasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilgani, shu maqsadda Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilgani hamda barcha takliflar “meningkonstitutsiyam.uz” portali orqali erkin bildirilishi mumkinligi qayd etildi.
Shu bilan birga, joriy yil 20-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ustuvor yoʻnalishlar insonni, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmatini ulugʻlash, daxlsiz huquq va manfaatlarini mustahkamlash, Asosiy qonunimizda “Oʻzbekiston - ijtimoiy davlat” degan gʻoyani mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, Oʻzbekistonda xalqchil, demokratik huquqiy davlat qurishga qaratilgani alohida taʼkidlandi.
Shuni alohida qayd etish joizki, Qozogʻistonda boʻlib turgan fuqarolarimiz va oʻzbek diasporasining qator vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni ijobiy baholashgani barobarida boʻlajak referendumda faol ishtirok etishlarini maʼlum qilishdi.