Yangilangan Konstitutsiya – adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadam

    Fikr 5 Dekabr 2023 623

    Barchamizga maʼlumki, joriy yilda yurtimizda muhim tarixiy  va siyosiy islohotlar amalga oshirilib, ushbu siyosiy jarayonlarda viloyatimiz aholisi oʻzining faol fuqarolik pozitsiyasini hamda siyosiy faolligini namoyon etdi.

    Jumladan, 30-aprelda oʻtkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahriri ovoz beruvchilarning 90,2 foizi tomonidan maʼqullanib, 1-maydan kuchga kirdi.

    Konstitutsiya avvalambor davlat bilan fuqarolar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni, huquqlar va majburiyatlarni belgilab, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega

    vatoʻgʻridan-toʻgʻriamalqiluvchiengmuhimhujjatdir.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 6 boʻlim, 27 bob va 155 ta moddadan iborat boʻldi. Shakl va mazmun jihatidan deyarli 60 foizga oʻzgardi.

    Konstitutsiyada Oʻzbekiston huquqiy va ijtimoiy davlat sifatida eʼtirof etilib, inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik, boshqarma va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgilandi.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada norasmiy “toʻrtinchi hokimiyat” hisoblanuvchi ommaviy axborot vositalariga oid muhim normalar belgilanib, OAV vakillarining huquqlari, majburiyatlari va ular faoliyatining kafolatlari Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi.

    Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning eng muhim jihatlari shundan iboratki, Konstitutsiyaning 1-moddasida mamlakatimiz huquqiy davlat sifatida eʼtirof etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasini huquqiy davlat sifatida belgilanishi juda muhim siyosiy ahamiyatga ega. Buni quyidagilarda koʻrishimiz mumkin:

    Jumladan, Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi. Qonunlardagi ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga hal etiladi. Oʻzbekistonda barcha mulk shakllari tengdir va huquqiy tomondan himoya qilinadi.

    Biroq, soʻnggi yillarda fuqarolar va tadbirkorlarning mulklarini qonunga zid ravishda olib qoʻyish, xalq tili bilan aytganda “snos” masalalari koʻplab fuqarolarni tashvishga solib kelayotgandi.

    Har bir insonda bir marta boʻlsa ham uy-joyi, mulki daxlsizligidan xavotir tuygʻusi oʻtgan.

    Ushbu holatlarni kelgusida takrorlamaslik hamda yurtimizda mulk daxlsizligi, xususan uy-joy masalasida fuqarolarning huquqlarini kafolatlash maqsadida yangi Konstitutsiyada hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda bozor qiymatida qoplanishi taʼminlanishi kafolatlandi.

    Eʼtiborli jihati, Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat sifatida eʼtirof etildi. Yaʼni, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlaydi. Ishsizlikdan himoya qiladi, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻradi.

    Ijtimoiy davlat sifatida belgilanishining yana bir isboti - har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilab qoʻyildi.

    Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

    Ushbu norma bir qaraganda oddiy soʻzlarga oʻxshab koʻrinishi mumkin. Lekin uy-joyga ega boʻlish, bu borada davlat tomonidan yordam koʻrsatilishi inson hayotida juda muhim rol oʻynaydi.

    Bundan tashqari, aholi salomatligini muhofaza qilish davlatning eng asosiy vazifalaridan biri ekanligini hisobga olgan holda Konstitutsiyada fuqarolarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi bepul koʻrsatilishi belgilandi.

    Yana bir muhim jihat. Konstitutsiyada “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvor oʻrin egalladi.

    Jumladan, hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi belgilab qoʻyildi.

    Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi qayd etildi. Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir.

    Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.

    Shundan kelib chiqib, koʻrishimiz mumkinki, joylarda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan oʻtkazilayotgan sayyor qabullar, aholi muammolarini eng yuqori darajadagi rahbardan tortib, oddiy xodimgacha mahallalarga tushgan holda oʻrganilishi, fuqarolar muammolarini hal etilishi, aholi xonadonlariga borgan holda sayyor davlat xizmatlari koʻrsatilishi, shuningdek, barcha davlat xizmatlaridan davlat xizmatlari koʻrsatish markazlari orqali foydalanish, shu jumladan, davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish imkoniyatlari yaratilganligi bevosita inson qadrini ulugʻlash uchun xizmat qiladi.

    Vaholanki, ilgarilari, oddiy bitta ishimizni bitirishimiz uchun oʻnlab idoralarga bevosita borib, ortiqcha vaqt, asabbuzarliklar, ortiqcha xarajat qilinganligi hech kimga sir emas.

    Bularning barchasi albatta inson qadri, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

    Tadbirkor va ishbilarmonlar huquq va manfaatlari kafolatlari yaratildi.

    ​Bilamizki, yurtimizda bozor iqtisodiyotiga asoslangan barqaror iqtisodiyotga va aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan izchil siyosat olib borilyapti.

    Bu esa oʻz navbatida tadbirkorlarga, mahalliy va xorijiy investorlarga mustahkam huquqiy kafolatlar yaratilishini talab etadi.

    Shundan kelib chiqib, yangi Konstitutsiyada davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashi, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi qayd etildi.

    Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 68-moddasida yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʻlishi mumkinligi belgilandi.

    Ushbu oʻzgarish ham tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, ilgari fuqarolar yerga nisbatan xususiy mulk huquqiga ega boʻlmagan, faqatgina bino-inshootga nisbatan xususiy mulk huquqlari mavjud boʻlgan.

    Endilikda, istalgan fuqaro yerni ham qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida onlayn auksion orqali sotib olib, oʻzining xususiy mulkiga aylantirishi mumkin.

    Xulosa oʻrnida aytishmiz mumkinki, yangilangan Konstitutsiya mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir.

    Ushbu Konstitutsiya yurtimizning ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga, aholimiz turmush farovonligi hamda qonuniy huquqlari va manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini kafolatlashiga ishonamiz va barchamiz bu yoʻlda astoydil harakat qilishimiz lozim.

    Abdumannop Buriyev,

    Fargʻona viloyat

    adliya boshqarmasi boshligʻi.