Bu kun, hech shubhasiz, dunyo konstitutsiyaviy amaliyoti tarixida yangi Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlarning samarasi roʻyobga chiqqan — yangilangan xalqchil Konstitutsiya maʼqullangan siyosiy-huquqiy voqea — ahil xalqimizning qatʼiy xohish-irodasi ifodalangan, noyob va muhim huquqiy hujjat qabul qilingan sana sifatida alohida eʼtirof etiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taʼbiri bilan aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning chinakam tashabbuskori va muallifi xalqimizdir.
Tarixga nazar
Zamon va makon chigʻiriqlarida sinalgan konstitutsiyalar har bir davlatning bosh qonuni sifatida inson va fuqarolarning asosiy huquq hamda erkinliklarini kafolatlovchi, ijtimoiy tuzum negizi, davlat boshqaruvining shakli, tuzilishi, davlat hokimiyati organlari tashkil etilishi, vakolat chegaralari va munosabatlari asoslari belgilangan muhim hujjat sifatida shakllanadi.
Insoniyat koʻp asrlar avval ham jamiyatda konstitutsiyaga monand bir asosiy hujjatga doim ehtiyoj sezgan. Oʻsha hujjatga barcha fuqaroning itoat qilishi, jamiyat tinchligi, osoyishtaligi va ravnaqining muhim sharti deb qaralgan.
Mutafakkir Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asari bunga yaqqol misol boʻla oladi. Sohibqiron Amir Temurning oʻz davrida muhim qoʻllanma boʻlgan “Temur tuzuklari”da esa davlatning siyosiy faoliyatidagi yoʻl-yoʻriqlar aks etgan.
Bugun sayyoramizning eng global tuzilmasi — BMTga aʼzo 193 davlatning har biri takrorlanmas boʻlib, ularning oʻziga xos — unikal xususiyati, maqsadi va taraqqiyot yoʻli, jamiyat tuzilishi va qiyofasi, davlatchilik modeli mavjud. Zero, har bir xalqning taraqqiyot yoʻli, turmush va tafakkur tarzi, tarixiy anʼanasi, hayotga munosabati va boshqa oʻziga xosligidan kelib chiqib, eng muhim ijtimoiy munosabatlarni tizimli huquqiy tartibga solishning bu usul va yondashuvlari, avvalo, ularning konstitutsiyasida muhrlangan.
Konstitutsiyaviy taʼlimotlarga muvofiq, har qanday konstitutsiya oʻz mohiyat eʼtiboriga koʻra, ijtimoiy tuzum shaklidan qatʼi nazar, yangi mazmundagi davlatchilik va uning institutlarini taʼsis etuvchi, davlat boshqaruvini vertikal yoki hududiy jihatdan tashkil qiluvchi, ichki va tashqi siyosatni amalga oshiruvchi, davlat va jamiyat maqsadlariga mos tarbiyaviy-mafkuraviy yoʻnaltiruvchi, tinchlik, xavfsizlik va tartibotni taʼminlash uchun huquqiy tartibga solish kabi toʻrtta asosiy vazifani bajaradi.
Xoʻsh, bunday turli-tuman konstitutsiyalar olamida yangilangan bosh qonunimizning oʻrni qanday? Uning qanday oʻziga xos jihatlari bor?
Mamlakatlarning huquqiy tizimi, amaldagi konstitutsiyasi va xalqaro huquqiy standartlar bilan oʻzaro uygʻunligini oʻrganish, qiyoslash va tahlil qilish shuni koʻrsatadiki, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Konstitutsiyasini oʻziga xos qadriyatlar jamlangan xalqchil, noyob huquqiy hujjat deb aytish uchun barcha asos bor.
Buyuk gʻoyalar inʼikosi
Avvalo, referendumga qadar Konstitutsiya va loyihasidagi norma hamda prinsiplar mazmun-mohiyati va mamlakatimiz rivojidagi ahamiyati yuzasidan keng miqyosda umumxalq muhokamasi tashkil etilishi, unda yurt ravnaqi va kelajagi uchun befarq boʻlmagan yoshu keksa faol qatnashishi natijasida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aholining barcha qatlami manfaatlari oʻz aksini topdi. Natijada Oʻzbekistonning har bir fuqarosi ishonch bilan “Bu — mening Konstitutsiyam!” deb ayta oladigan darajadagi noyob hujjat vujudga keldi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning muhim jihati, uning barcha aholi qatlami manfaatlari hamda jamiyatdagi xilma-xil qarashlarni oʻzida mujassam etganidir.
Ikkinchidan, konstitutsiyaviy islohotlar davlat va jamiyat boshqaruvi tizimidagi yondashuv va faoliyat tamoyillarini tubdan oʻzgartirish uchun asos boʻldi. Eskicha dunyoqarashning “davlat — jamiyat — inson” tamoyili oʻrniga “inson — jamiyat — davlat” gʻoyasi oʻzaro munosabatlardan barchasining mustahkam negizi sifatida yangilangan Konstitutsiyaga asos qilib olindi.
Bularning barchasi Prezidentimizning “Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulugʻ bir maqsad birlashtiradi. U ham boʻlsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligidir”, degan konseptual gʻoyalari bilan chambarchas bogʻliq.
Uchinchidan, bildirilgan takliflar asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan normalarning yarmidan koʻpi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratildi. Bunda davlat va jamiyat taraqqiyoti mafkurasi, Oʻzbekiston xalqining konstitutsiyaviy-huquqiy ijodkorligining oʻziga xosligini aks ettiruvchi konstitutsiyaviy qadriyatlar belgilandi. Koʻp millatli xalqimizning irodasini roʻyobga chiqarishda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat deb tan olindi.
Toʻrtinchidan, unda oʻz mohiyatiga koʻra, amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsad va xususiyatini namoyon qiluvchi, davlatchilik mazmunini tubdan oʻzgartirgan — Oʻzbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatidagi davlat-huquqiy maqomini mustahkamlovchi yangi tamoyillar belgilandi.
Shuningdek, konstitutsiyaviy amaliyotimizda birinchi marotaba Konstitutsiyamizning 1-moddasidagi va 154-moddasining ikkinchi qismidagi qoidalar qayta koʻrib chiqilishi mumkin emasligi belgilab qoʻyildi. Bu, oʻz navbatida, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan konstitusiyaviy tuzumga xos belgilarning barqarorligi va oʻzgarmasligining huquqiy kafolatidir.
Bu norma va prinsiplar Konstitutsiyamizdagi milliy davlatchiligimizga xos huquqiy qadriyatlardan biri boʻlib, inson va huquqlariga oliy huquqiy maqom beradigan, barcha odamning ijtimoiy himoyasi va qonun oldida tengligini barobar taʼminlaydigan samarali huquqiy mexanizm vazifasini oʻtaydi.
Konstitutsiyamizning asosiy maqsadi mamlakatimizda huquqiy davlat va demokratiyani yanada mustahkamlash, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash, davlatning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy tizimini belgilashdir. Shu maʼnoda, konstitutsiya ijodkorlari ushbu masalaning maqbul yechimiga erishganini koʻramiz.
Beshinchidan, unda milliy davlatchilikni takomillashtirishning yangi bosqichida konstitutsiyaviy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishi sifatida inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqat, inson hayoti, shaʼni, qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish belgilandi. Buning uchun Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilishi aks etdi.
Oltinchidan, demokratik yangilanish, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoyasining eng muhim kafolati sifatida Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash mexanizmi sezilarli darajada mustahkamlandi. Asosiy qonun mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, toʻgʻridan toʻgʻri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi ilk bor muhrlandi.
Yettinchidan, huquqiy davlat uchun zarur boʻlgan oʻta muhim talab — Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari Konstitutsiya asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinishi, birorta qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat asosiy qonunimizning prinsip va normalariga zid boʻlishi mumkin emasligi belgilandi.
Shuningdek, Konstitutsiyaning birorta qoidasi Oʻzbekistonning huquq va manfaatlari, ushbu hujjatning birinchi boʻlimida nazarda tutilgan asosiy prinsip va normalarga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emasligiga oid talab mustahkamlandi.
Sakkizinchidan, yuqoridagi sanab oʻtilgan va Konstitutsiyada fuqarolar hamda yuridik shaxslar uchun belgilangan huquqlarni kafolatlash mexanizmi takomillashtirildi. Xususan, Konstitutsiyaga muvofiq, fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositasidan foydalanib boʻlingan boʻlsa, sudda koʻrib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllangan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi shikoyat bilan bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilish huquqi belgilandi.
Toʻqqizinchidan, Konstitutsiyada insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi, insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilashi mustahkamlandi. Shuningdek, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllanadigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi zarur.
Oʻninchidan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va madaniy qadriyatlardan foydalana olishni taʼminlash borasida koʻplab normalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyani boyitdi. Fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olish huquqi, davlat sogʻliqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sugʻurtaning har xil turlarini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash choralarini koʻrishi belgilandi.
Shu bilan birga, davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turi va shakli, davlat va nodavlat taʼlimning rivojlanishini taʼminlashiga oid normalar, oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etildi.
Tadrijiy qiyoslaganimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni dunyodagi eng zamonaviy konstitutsiyalar safiga olib chiqishga xizmat qiladigan, xalqimizning tinch va farovon yashashi, oldiga qoʻygan oliy maqsadlariga yoʻnaltiradigan bu kabi yangi mazmundagi normalar miqyosi va qamrovi yaqqol koʻrinadi. Masalan, yangilangan Konstitutsiyadagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar esa 275 tadan 434 taga oshgan. Boshqacha aytganda, asosiy qonunimiz matni xalqimiz tomonidan bildirilgan takliflar asosida yangilangan va deyarli 65 foizga ortgan.
Konstitutsiya va qonun ustunligi
Sohibqiron Amir Temur bobomizning “davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yoʻqoladi” degan soʻzlari bevosita asosiy qonunda aks etgan muhim konstitutsiyaviy prinsip — Konstitutsiya va qonunning ustunligi degan bobning alohida oʻrnini va ahamiyatini belgilab beradi.
Darhaqiqat, zamonaviy konstitutsiyaviy nazariyada Konstitutsiya va qonun ustuvorligi prinsipini taʼminlash talabi demokratik huquqiy davlatning bosh mezonidir.
Chunki har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi qonun ustuvorligi taʼminlanishiga bevosita bogʻliq. Qonun ustuvorligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq boʻlishi shart demakdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 15-moddasi birinchi qismida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining oʻz yuridik kuchi jihatidan mamlakatimiz huquq tizimida mutlaq ustuvorligi belgilangan. Zero, Konstitutsiya boshqa huquq manbalaridan oʻzining ijtimoiy munosabatlarni fundamental jihatdan tartibga solishi bilan ajralib turadi. U davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy tizimi asoslarini belgilab beradi. Huquqiy davlatga xos ushbu prinsip orqali Oʻzbekiston hududida davlat suvereniteti mazmuni oʻzining yuridik ifodasini topgan.
Ushbu qoida mazmun-mohiyatini yanada toʻliq anglash uchun unga Konstitutsiyaning boshqa qoidalari bilan uygʻun qarash lozim. Garchi Konstitutsiya va qonunlar ustunligi birgalikda, yonma-yon ishlatilgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston Respublikasining huquq tizimida ularning yuridik kuchi va ustunlik darajasi har xil. Chunonchi, Konstitutsiya mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega yagona hujjat sifatida toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladi va Oʻzbekistonning butun hududida qoʻllanishi shart.
Konstitutsiyaning 16-moddasi ikkinchi qismiga koʻra, uning asosida qabul qilingan qonunlar, shuningdek, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid boʻlmasligi kerak. Shunday ekan, Konstitutsiya bilan bir qatorda qonunlarning ustunligi haqida gap ketganda, mazkur moddada inkor qilib boʻlmas qator uzviy shartlar, yaʼni avvalo, qonunlarning Konstitutsiyaga mos boʻlishi, ikkinchidan, Konstitutsiyada belgilangan tartibda qabul va eʼlon qilinishi kabi talablarga rioya etilishining shartligi ham nazarda tutilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va unga asoslangan holda qabul qilingan har bir qonun oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi yurisdiksiyaviy chegarasini hamda davlat organlarining vakolati doirasini belgilaydi.
Soddaroq aytganda, Konstitutsiya — qonunlar qonuni, davlatning oliy qonunidir. Uning talablari barcha davlat va oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilot va muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari, har qanday mansabdor shaxs hamda fuqaro, shuningdek, mamlakat hududida joylashgan xususiy yuridik shaxslar va fuqaroligidan qatʼi nazar, barcha jismoniy shaxs uchun majburiydir.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasi “toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladi” degan normasining maʼnosi, uning qoidalarini oʻzida aniqlashtiradigan hamda rivojlantiradigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, hech qanday shartlarsiz amalga oshirilishi zarurligini anglatadi.
Albatta, Konstitutsiyada bunday normativ-huquqiy hujjatsiz uni ijro etish imkoni boʻlmaydigan konstitutsiyaviy normalar ham mavjud.
Aksariyat konstitutsiyaviy normalar hech qanday toʻsiqlarsiz bevosita qoʻllanishi va ijro etilishi mumkin. Biroq konstitutsiyaviy normalar qonun hujjatlari orqali aniqlashtirilmasa va rivojlantirilmasa, hayotda ularni qoʻllash natijasida kutilmagan nomuvofiqliklar yuzaga kelishi hamda milliy yuridik normalar tizimida koʻplab katta-kichik boʻshliqlar paydo boʻlishi xavfi tugʻiladi.
Shu bois, agar aniqlashtiruvchi normativ-huquqiy hujjat oʻzi mavjud boʻlmasa, ijro etuvchi yoki huquqni qoʻllashga masʼul organ bevosita Konstitutsiya asosida zarur qarorni qabul qilishi shart. Ushbu qarorning toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini esa, nizo vujudga kelgan taqdirda, tegishli sud hal qiladi. Bunday qarorlarning toʻgʻriligi ularni qabul qilish maqsadga muvofiqligi bilan emas, balki Konstitutsiya talablariga zid emasligi hamda mazkur qarorni qabul qilgan davlat organi yoki fuqarolik jamiyati institutlari yoxud mansabdor shaxsning vakolatlari doirasiga kirishi bilan belgilanadi.
Konstitutsiyaning toʻgʻridan toʻgʻri amal qilishida 2023-yil 23-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi tomonidan “Odil sudlovni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarorning qabul qilingani ulkan ahamiyat kasb etadi.
Unga muvofiq, sudlar koʻrib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatning mazmunini baholashi hamda Konstitutsiya normalarini toʻgʻridan toʻgʻri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy asos sifatida qoʻllashi lozimligi belgilandi. Sudlar Konstitutsiya normasini tegishli qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmagani vaji bilan qoʻllashni rad etishga yoʻl qoʻyilmasligiga eʼtibor qaratishi taʼkidlandi.
Plenum qarori bilan muayyan ishda qoʻllanishi zarur boʻlgan Konstitutsiyaning normasida boshqa normativ-huquqiy hujjatga havola qilinganda, ishni koʻrib chiqayotgan sudlar Konstitutsiya va tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunga asoslanishi lozimligi tushuntirildi.
Konstitutsiyaning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Jumladan, sudlar tomonidan birgina 2025-yilning birinchi choragi davomida 54 ming 995 ish boʻyicha Konstitutsiya normalari toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllangan qarorlar chiqarilgani eʼlon qilindi.
Shuningdek, muayyan ishlarda qoʻllanishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga zidligi aniqlangan taqdirda, sudlar Oliy sudga shu masalada Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish yuzasidan taklif kiritishlari lozimligi belgilandi.
Qarorda sudlarning eʼtibori ayrim toifadagi ishlarni koʻrib chiqish paytida Konstitutsiyaning sudlar nazarda tutishi lozim boʻlgan qator jihati ochib berilgan. Jumladan, sudlar Konstitutsiya va qonun yoki boshqa normativ hujjat oʻrtasida ziddiyat aniqlandi, degan vaj bilan Konstitutsiya normasini qoʻllamaslikka haqli emas.
Mabodo umumiy yurisdiksiya sudi qaysidir qonun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid, degan xulosaga kelgan taqdirda, belgilangan tartibda bu qonunning konstitutsiyaviyligini tekshirish uchun Oliy sud orqali yuboriladigan soʻrov bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga majburdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mos kelmaydigan hujjatlar belgilangan tartibda bekor qilinishi kerak. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun oʻrtasida yaqqol ziddiyatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Konstitutsiya normalari ijro etilishi lozim. Bu uning ustunligini ifodalaydi.
Bu kabi mexanizmlar yuqorida koʻrib chiqilgan Konstitutsiya va unga asoslangan qonunlar ustunligini taʼminlashga, huquqiy davlatga xos Oʻzbekistondagi barcha qonun hujjatlarining eng muhim prinsiplaridan biridir. Konstitutsiyaning ustunligi prinsipi pirovard natijada keng miqyosli normativ-huquqiy hujjatlarning tizimi yaxlitligini, yagona, barqaror va oʻzaro muvofiqlashtirilgan milliy huquqiy tizim boʻlishini taʼminlaydi.
Tizimli islohotlarning yuksak samarasi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini bilishimiz, buning uchun, avvalo, uni yoshlarga oʻqitishni toʻgʻri tashkil etish, ikkinchidan, yurtimizdagi yoshu keksa Konstitutsiyaga tayanib yashashni hayotimizning bosh mezoniga aylantirishga oʻz hissasini qoʻshishi lozim deb oʻylaymiz.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinganidan soʻng davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 8-may kuni muhim hujjat — “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmon qabul qilingan edi.
Unda Konstitutsiyani amalga oshirishga oid koʻplab vazifalar qatorida yangi tahrirdagi Konstitutsiyani soʻzsiz va toʻliq amalga oshirish, Konstitutsiyani oʻrganish boʻyicha barcha taʼlim turlari va bosqichlardagi oʻquv reja va taʼlim dasturlarini qayta koʻrib chiqish hamda ularni yangi tahrirdagi Konstitutsiya norma va qoidalariga moslashtirish boʻyicha belgilangan vazifalar mamlakatimizda oʻquvchi yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutgan edi.
Darhaqiqat, Konstitutsiyani oʻrganish bir martalik tadbir emas. Uning muntazam va tizimli amalga oshirilishi kutilgan natijani beradi. Farmon aynan ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Jumladan, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, hozir umumiy oʻrta taʼlim maktablarida davlat va huquq asoslari fani 8-11-sinflarda haftasiga bir soatdan jami har bir sinfda oʻquv yili davomida 34 soat oʻqitiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari uchun moʻljallangan darsliklar bosqichma-bosqich yangilanayotgani ham quvonarli. Xususan, davlat va huquq asoslari fani darsligi, “Konstitutsiyani oʻrganamiz” nomli qoʻllanma hamda davlat va huquq asoslari darsligini oʻqitish boʻyicha “Oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanma” kitobi yangidan ishlab chiqilgan. Bu jarayon davom etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davr sinovlarida sezilarli rivojlanish bosqichlarini oʻtab, mamlakatimizda zamonaviy huquqiy asoslarni mustahkamlashda ulkan ahamiyat kasb etmoqda.
Bu jarayon Oʻzbekistonda ham dunyoda kechayotgan konstitutsiyaviy rivojlanish tendensiyalari — demokratiyaning rivojlanishi, inson huquqlarini himoya qilish, hokimiyatlar boʻlinishi va oʻzaro tiyib turish mexanizmi, global standartlar va ijtimoiy-ekologik masalalarga hamohang ravishda ijobiy yechim topayotganini koʻrsatadi.
Konstitutsiyaviy islohotlarning mevasi sifatida xalqimiz irodasi bilan hayotimizga joriy etilgan ushbu noyob hujjatda aks etgan “shaxs — jamiyat — davlat” yoʻsinidagi yangi model milliy qonunchilikka keng singdirilmoqda. Ayni paytda yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi asosida “inson huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri — eng muhim qadriyat” sifatida huquqiy amaliyotga va turmush tarzimizga keng joriy etilmoqda. Tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni har tomonlama mustahkamlash uchun yangi mazmundagi konstitutsiyaviy tuzumni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilayotir.
Mehnatkash xalqimiz mamlakatimizdagi tizimli va dadil islohotlarning bosh gʻoyaviy muallifi — davlatimiz rahbarining ezgu saʼy-harakatlarini yuksak qadrlab, yurtimiz taqdiriga birdek masʼulmiz, deya keng qamrovli yangilanish va oʻzgarishlarni amalga oshirishga yelkadosh, ijrosiga faol kamarbasta boʻlmoqda. Bularning barchasi yangi Oʻzbekistonni barpo etishda xalqimizning birdamligi va ahilligi berayotgan yuksak samaralarga yorqin misollardir.
Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi,
Oʻzbekistonda xizmat
koʻrsatgan yurist








