Unda partiya Markaziy kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman (shahar) kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar, jamoatchilik faollari, turli soha vakillari, qonunchilik sohasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Maʼlumki, Sirdaryo ahli mehnatsevarligi, samimiyligi bilan ajralib turadi. Shundan boʻlsa kerak, viloyat poliz mahsulotlari yetishtirish va eksporti boʻyicha respublikada yetakchi oʻrinda turadi. Sirdaryoda mamlakatimiz elektr energiyasining uchdan bir qismi ishlab chiqariladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya, unga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar Sirdaryo aholisini ham befarq qoldirmayapti. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga tushuntirishga bagʻishlangan targʻibot tadbiriga yuzlab fuqarolar toʻplangani ham soʻzimizning isbotidir.
Koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan tadbirda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi oʻrinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi aʼzosi Maqsuda Vorisova endi davlatni emas, insonni, uning huquqlari kafolatini oliy maqsadga koʻtarishga eʼtibor qaratilayotgani, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasidagi yangi normalar «inson-jamiyat-davlat» konsepsiyasiga amal qilingan holda ishlab chiqilgani, Xalq demokratik partiyasining asosiy gʻoyalari ham inson himoyasi, huquqlar va imkoniyatlar tengligi bilan bogʻliqligi, shuning uchun partiya Konstitutsiyaga takliflar berishga katta masʼuliyat bilan yondashganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Tadbir davomida yangi meʼyorlarning mazmun-mohiyati, taʼlim rivoji va yoshlar hayotidagi oʻrniga doir muhim jihatlar xususida toʻliq maʼlumotlar berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingan boʻlib, inson huquq va erkinliklariga oid normalar soni oshirilmoqda. Oʻz navbatida davlatning ham xalq oldidagi majburiyati bir necha baravar ortishi koʻzda tutilgan. Xususan, tibbiyot sohasidagi islohotlar inson qadri uchun, inson manfaatlari uchun ekanligi yangilanayotgan Konstitutsiyada oʻz ifodasini topgan. Bosh qomusimizda 48-modda bilan har kim sogʻligʻini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, davlat sogʻliqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sugʻurtaning har xil turlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qoʻyilmoqda.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojini taʼminlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda. 79-moddada davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qoʻyilmoqda.
Bayramona muhitda oʻtgan tadbirda mahalliy kengash deputatlari, hududdagi faollar ham soʻzga chiqib, Asosiy qonunimiz odamlarimizga kuch beradigan, kayfiyatini koʻtaradigan huquqiy asos boʻlayotganini, undagi meʼyor va qoidalar mehnat jamoalari, mahallalardagi uchrashuv va muloqotlar jarayonida xalqimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganini bildirdi.
Ochiq osmon ostidagi tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida bayramona kayfiyatda davom etmoqda.
Bahor Xidirova,
«Yangi Oʻzbekiston» muxbiri