Qozogʻistonda ota-onasiz qolib ketgan oʻzbekistonlik bola vatanga qaytarildi

    M.B.ning ota-onasi 2024-yil 16-noyabr kuni Qozogʻistonning Olmaota shahridan Qirgʻizistonga oʻtgan. Biroq ular Qozogʻistonda boʻlish uchun migratsiya qoidalarini buzganliklari sababli mamlakatga qayta kira olmagan.

    Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari voyaga yetmagan yurtdoshimiz M.B. yurtimizga sogʻ-salomat qaytishi uchun amaliy yordam koʻrsatishdi, deb xabar bermoqda «Dunyo« AA.

    M.B.ning ota-onasi 2024-yil 16-noyabr kuni Qozogʻistonning Olmaota shahridan Qirgʻizistonga oʻtgan. Biroq ular Qozogʻistonda boʻlish uchun migratsiya qoidalarini buzganliklari sababli mamlakatga qayta kira olmagan. Ushbu omil sabab ularning Olmaotada qolgan voyaga yetmagan oʻgʻillari qarovsiz qolgan.

    Oʻzbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi M.B.ni ota-onasiga qaytarish uchun barcha zarur choralarni koʻrdi.

    Jumladan, bolaning ota-onasiga oid vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida migratsiya politsiyasi vakillari bilan aloqa oʻrnatildi. Fuqarolarimiz huquqlari buzilishi holatlarini aniqlash yuzasidan sud qarorlari olindi.

    Shundan soʻng, M.B.ni vatanga qaytishi uchun guvohnoma rasmiylashtirildi va aviachipta xarid qilindi.

    Voyaga yetmagan yurtdoshimiz Bosh konsulxona xodimlari hamrohligida 20-dekabr kuni “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi samolyotida Oʻzbekistonga qaytarildi va ota-onasiga topshirildi.