Qulay biznes muhiti ishbilarmonlarni yangi muvaffaqiyatga chorlaydi

    Kecha poytaxtimizda «O'zsanoatqurilishbank» tomonidan tadbirkorlar ishtirokida biznes uchrashuvi tashkil etildi.

    Joriy yil 16 dekabr` kuni davlatimiz rahbari raisligida o'tgan videoselektor yig'ilishida banklarning aholi bandligini ta'minlashi, daromadli qilishi ortidan kambag'allik darajasini kamaytirishga qo'shadigan hissasiga e'tibor qaratildi. SHuningdek, oilaviy va kichik biznesni qo'llab-quvvatlash, er resurslaridan unumli foydalanish, infratuzilma loyihalari, mikromoliya hamda faktoringni rivojlantirish bo'yicha aniq yo'nalishlar belgilab berildi. Mazkur yig'ilish banklarni muhim tuzilmaga aylantirishga katta hissa qo'shadi. Banklar faoliyatini mahallaga ko'chirish orqali aholi turmush tarzini to'g'ri va xolisona baholash imkoniyati tug'iladi. Kredit va boshqa moliyaviy resurslardan foydalanishi ta'minlanadi.

    Kecha poytaxtimizda «O'zsanoatqurilishbank» tomonidan tadbirkorlar ishtirokida biznes uchrashuvi tashkil etildi. 100 ga yaqin ishbilarmon bilan muloqotda bankdagi turli kredit mahsulotlari, onlayn faktoring, «Greenbanking», eksportni qo'llab-quvvatlash yo'nalishidagi moliyaviy takliflar, shuningdek, «SQB Business» mobil ilovasi va undagi onlayn xizmatlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Bank huzurida tashkil etilayotgan Mikromoliya va faktoring kompaniyasi, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlar faoliyati xususida fikr almashildi.

    Davlatimiz rahbari yaqinda mamlakatimiz etakchi tadbirkorlari bilan uchrashuvda: «Keng ko'lamli islohotlarimizning ilk kunlaridan boshlab men bir fikrni doim ta'kidlab kelaman: tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam. SHu bois tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash markazdan tortib eng quyi bo'g'ingacha – barcha rahbarlarning kundalik ishi bo'lishi shart», – dedi.

    So'nggi yillarda Prezidentimizning tadbirkorlar bilan o'tkazayotgan ochiq muloqotlari tufayli soha egalarining ijtimoiy mas'uliyati ortib borayotir. Birgina misol, o'tgan qisqa muddatda tadbirkorlarimiz kambag'al oilalarning 387 ming a'zosi va nogironligi bor 40 ming odamni daromadli qildi. Prezidentimizning yig'ilishda: «2025 yil bandlikni ta'minlash va kambag'allikni kamaytirishda eng muhim va hal qiluvchi yil bo'ladi», – deyishidan maqsad endi banklar, mahalla, hokimliklar va tadbirkorlar hamkorligidagi yangi model mamlakat miqyosida ommalashtiriladi. Bu jabhada «O'zsanoatqurilishbank» barcha iqtisodiy dasturlarda faol qatnashmoqda.

    Xususan, joriy yilda bank tomonidan aholini tadbirkorlikka jalb qilib, bandligini ta'minlash va daromadini oshirish borasidagi ishlar natijasida qariyb 8000 ta tadbirkorlik sub'ekti tashkil etildi, barcha yo'nalishlar hisobiga 262 mingdan ortiq yangi ish o'rni ochildi. Kelgusi yilda bank tomonidan Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G'ijduvon tajribalari asosidagi ishlar izchil davom ettiriladi. Tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagidagi fuqarolarga «Biznesga ikkinchi qadam» va «Tezkor kredit» kabi imtiyozli kreditlar taklif etiladi. «Kichik biznesni qo'llab-quvvatlash» dasturi doirasida soddalashtirilgan kreditlar ajratiladi. 2025 yilda barcha yo'nalish hisobiga 400 ming kishining bandligi ta'minlanadi. SHundan 240 mingga yaqini tadbirkorlikka jalb qilinadi.

    – Tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlab, yangi ish o'rinlarini yaratish borasida bank tizimida alohida yondashuvlar ham mavjud. Masalan, bir hududdagi salohiyatli tadbirkorga kam foizli kredit berib, loyihasini og'ir tumanda tatbiq etish orqali hududning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilashga hissa qo'shilmoqda, – deydi «O'zsanoatqurilishbank» ATB boshqaruvi raisi o'rinbosari Sanjar Abduvaliev. – Prezidentimiz ushbu tashabbusimizni ma'qullab, uni boshqa tijorat banklarida ham qo'llash bo'yicha ko'rsatma berdi. 2025 yilda mazkur tajribani davom ettirib, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatiga boshqa hududlardan tadbirkorlar jalb qilishni mo'ljallaganmiz.

    Poytaxtlik tadbirkorlar bilan uchrashuvda shu maqsadda shakllantirilgan 30 dan ortiq loyiha, ularni tatbiq etishga doir imtiyoz hamda xalal berayotgan masalalar muhokama qilindi. Biznes-motivator Hasan Mamasaidov ishtirokchilarni jahon biznes hamjamiyatida qo'llanayotgan yangi tamoyillar, tarmoqlar va texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirdi. SHuningdek, loyihalarni puxta amalga oshirishga doir zamonaviy nazariy qarashlar haqida ma'lumot berdi.

    Sardor TOLLIBOEV, «YAngi O'zbekiston» muxbiri