Toshkent viloyatidagi Lashkerak qishlogʻining aksariyat aholisi chorvachilik, asalarichilik, bogʻdorchilik va jundan buyumlar toʻqish, turizmning oilaviy mehmon uylari yoʻnalishi bilan shugʻullanadi.
Joriy yil 16-fevral kuni chorvachilik sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari chorvachilikni yanada rivojlantirish, qoʻy va echki junidan gilam, mato hamda boshqa mahsulotlar toʻqib sotish borasida Angren shahrini ham namuna sifatida taʼkidlagan edi.
Ijodiy jamoamiz bilan shaharning ana shunday eʼtirofga sabab boʻlgan Lashkerak qishlogʻi tarixi, odamlar turmushi, chorvachilik va toʻquvchilik borasidagi tajribasi bilan tanishish maqsadida yoʻlga otlandik. Poytaxtdan tong sahar yoʻlga chiqqan mashinamiz chamasi 3 soatlarda dengiz sathidan 1 ming 800 metr balandlikda joylashgan ushbu qishloqqa yetib bordi.
Shahar hokimining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi — matbuot kotibi Gulshoda Nasibaliyeva hamrohligida qishloq oqsoqoli, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori bilan yaqindan tanishib oldik.
Togʻlik aholining yashash sharoiti, oʻy-tashvishlari, orzulari haqida dildan suhbat qildik. Qor va archalar bilan qoplangan togʻning eng baland choʻqqilaridagi oʻrmonzorga mahliyo boʻlib termuldigu, lekin yurak yutib, chiqa olmadik. Tabiatning benazir suvratidan koʻz uzib, oʻz ishimizga kirishishimiz bir oz qiyin kechdi, ochigʻi.
Hunarli xor boʻlmaydi
— Sut, goʻsht va junni qayta ishlash, yem tayyorlash sexlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi, ayniqsa, aholiga kooperatsiya asosida qoʻy va echki tarqatilishi yurtdoshlarimiz uchun muhim xabar boʻldi, — deydi “Lashkerak” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Usmonali Toshtemirov. — Mahallamizda mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Qoʻy va echki boqmaydigan, toʻqishni bilmaydigan birorta xonadon yoʻq: 250 ta oila qoʻy-echki boqish yoki toʻquvchilik bilan mashgʻul. Har bir odamning qoʻlida hunari bor. Davlatimiz rahbarining yigʻilishda bergan topshiriqlari nafaqat lashkerakliklar, balki qoʻshni Nishbosh va Navgarzon mahallasi aholisi hayotida ham yangi oʻzgarishlar kiritadi.
Qishloqqa tashrifimizning ilk manzillaridan biri, jun roʻmol toʻqish boʻyicha mahallaning eng tajribali onaxoni, deya taʼrif olgan 66 yoshli Salima opaning xonadoni boʻldi.
Hududga qish erta kelib, shaharga nisbatan bir oz choʻziladi. Shuning hisobiga bahor bir fursat kech tashrif buyurar ekan. Muzlagan, torgina toshli yoʻlakchadan sirgʻalib ketmaslik uchun asta-sekin yuqoriga koʻtarilib borar ekanmiz, xuddi ertaklardagidek sehrli bir oshyonga kirib borayotganday his qildik oʻzimizni. Togʻ etagidagi uylar anchagina balandda qurilgan, lashkerakliklar bizni ochiq chehra bilan qarshi oldi.
— Prezidentimizning echkichilik va jundan mato toʻqish ishlarini yanada kengaytirish boʻyicha fikrlarini eshitib, mana, endi bizning ham yelkamizga oftob tegadi, deb quvondik, — deydi Salima Hojimatova biz bilan suhbatda. — Axir, echki goʻshti, juni, sutidan roʻzgʻorimizga baraka kirib, qozonimiz qaynayapti-da. Deyarli 20 yildan buyon jundan ip yigirib, roʻmol toʻqiyman, ilgari sholcha ham toʻqirdim. 3 oʻgʻil, bir qiz va 10 nevaram bor, Allohga behisob shukrki, hammasi oʻzidan tingan. Turmush oʻrtogʻim koʻp yillar burun vafot etgan. Kenja oʻgʻlim, kelinim va
2 nevaram bilan yashayman. Kelinim Muxtabarxon sarishta, mehnatkash ayol. 35 ta qoʻy va echkimiz bor edi, ikki yil burun
25 tasini boʻrilar boʻgʻizlab ketdi. Qolganlari qoʻrquvdanmi yoki shikast yetganidanmi,
birma-bir oʻldi. Shundan keyin roʻzgʻorimiz ancha choʻkib qoldi. Ammo hunarli xor boʻlmas deganlaridek, haftasiga kelinim bilan 10 tagacha roʻmol toʻqiymiz va shahardagi roʻmol bozoriga borib sotib kelamiz. Tirikchiligimiz shundan.
Qoʻligul toʻquvchilar bilan xayrlashib qaytar ekanmiz, qaynona-kelin munosabatlariga havas qildik. Salima opa jun yigirib ipdan kalava qilsa, kelini chogʻroqqina maxsus dastgohda roʻmol toʻqiydi. Bir-biriga hamroz, hamfikr boʻlib roʻzgʻorning kam-koʻstini toʻldiradi. Qani endi bir parcha buyum yoki mol-dunyo uchun kelisha olmaydigan baʼzi qaynona-kelinlar oddiygina hovlida yashab, umr mazmunini mehnatda deb bilgan bu oilaning hamjihatligi va oʻzaro mehr-muhabbatini bir koʻrsalar edi...
Qishloq ayollariga havas qildik
Navbatdagi xonadonga kirib borganimizda chamasi oʻn nafarga yaqin ayol va yosh qizlar bir davrada jam boʻlib, jundan paypoq toʻqishayotgan ekan.
— Toʻquvchilik yaxshi yumush, avvalo, oʻzimizdagi xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqaramiz, bu oʻzimizni band qilish, oilamizga qoʻshimcha daromad olib kelish imkonini beradi, — deydi Malikaxon Safarova. — Xomashyo, yaʼni junni yuvib tozalab, oqartirib, mayin qilib tarash, soʻng yigirib kalava qilish ancha vaqt oladigan ish. Jun matolar toʻqish boʻyicha boʻlajak oʻzgarishlar, imkoniyat va imtiyozlarni eshitib, qishlogʻimiz ayollari juda xursand boʻldi. Yanada yaxshi yashashimiz uchun jon kuydirayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz. Endi qishlogʻimizda echkichilik va toʻquvchilik boʻyicha yangilanishlar, mehnatimiz samarasi yanada koʻproq boʻlishiga ishonamiz.
Jun roʻmol va paypoq toʻqish jarayonini kuzatar ekanmiz, qoʻllari nafaqat beshik tebratishga, balki nafis sanʼat asariga monand goʻzallik yaratishga qodir qishloq ayollariga havas qildik. Togʻning soʻlim qishlogʻida oʻzlari suygan mashgʻulot — toʻqish bilan band boʻlgan bu ayollar har bir kuniga shukrona keltirib yashayapti. Zero, tiriklik va yashashning mazmuni ham mehnat va uning ortidan keladigan farogʻatdadir.
— Qimirlagan qir oshganidek, bu yerlik aholi bir zum ham vaqtini bekor oʻtkazmaydi, — deydi hokim yordamchisi Behzod Davlatov. — Mahallamizda chorvachilik, toʻquvchilik, bogʻdorchilik va asalarichilik yaxshi rivojlangan. Hamma oʻz ishi bilan mashgʻul, qishloqda birorta bekorchini topolmaysiz. Shundan boʻlsa kerak, soʻnggi yillarda bu yerda biron marta oilaviy ajralish yoki jinoyat holati qayd etilmagan. Hozir hududimizda 3 ta oilaviy mehmon uylari ishlab turibdi. Togʻ yon-bagʻridagi Lashkerak soyi, baland choʻqqidan tushadigan sharshara va jilgʻalar, qalin archazor va daraxtzor yozda dam olishga keluvchi mehmonlarning bahru dilini ochadi. Ayni shu bois, bu joylar gavjum boʻladi. Xonadonma-xonadon yurish jarayonida mahalla ahli va yoshlarining yashash sharoiti, yechilmagan muammolari, orzulari va rejalarini oʻrganib chiqdik. Ularning takliflari asosida hududni yanada rivojlantirish boʻyicha yangi loyihalar ishlab chiqdik. Yaqin yillarda qishlogʻimizni chorvachilik va toʻquvchilik boʻyicha eng rivojlangan hududga, shuningdek, turizmning eng qaynoq goʻshasiga aylantirishni reja qilganmiz. Buning uddasidan, albatta, chiqamiz.
Bahor nafasi borligʻimizni qamrab oldi
Lashkerakliklarning oddiygina yashash sharoiti bilan tanishar ekanmiz, boriga qanoat qilib yashayotgan bu soddadil, mehnatkash odamlarga, toʻgʻrisi, juda havas qildik. Qishloq ahlining turmushidan roziligi, ahil va inoqligi barchamiz uchun ibrat boʻlgulik.
— 18 yoshdaman, bolaligimdan beri jun paypoq toʻqiyman, — deydi Shahnoza. — Bilasizmi, bu yerning havosi juda toza, suvi shirin, shifobaxsh, mevalarimiz undan-da totli, asalimiz esa koni foyda.
Aytishlaricha, shahar hokimi qishloqqa tez-tez kelib, ularning holidan xabar olar, muammolariga yechim topib, kamchiliklarini bartaraf etishga yordam berar ekan.
Qishloq aholisi quvnoq, xushchaqchaq, mazmunli umrguzaronlik qilmoqda. Bu yerda barcha marosim va tadbirlar, bayramlar hamjihatlik, ahil-inoqlik bilan oʻtkaziladi. Buni mahalla oqsoqolining taklifi bilan sumalak pishayotgan xonadon egalari — 5 farzand, 16 nevaraning bobosi va buvisi Mamatali ota va Guliniso ayaning xonadoniga borganimizda ham koʻrdik.
Oila-aʼzolari, qoʻni-qoʻshnilar bizni qadrdonlarday samimiy kutib olib, qozon boshiga yetakladi. Nuroniy onaxonlar va qishloqning suluv ayollari, jajji bolajonlar davrasida ezgu tilaklarimizni koʻnglimizga jamlab, qozon atrofida sumalak kovladik. Keksalarning duosini oldik. Ularning niyatlariga sherik boʻlib, ibratli matal va hikoyalar eshitdik.
Atrofga ajib iforlarini taratib kirib kelgan bahor nafasi borligʻimizni qamrab olganday taassurot uygʻotdi. Qutlugʻ qadamlari bilan kirib kelgan bahorning ilk tashrifi, yoqimli iforini oppoq qorli qishloqda his qildik.
Quyosh yotogʻiga kirib, tun pardasini yopishga shaylanayotgan mahal biz shaharga qaytish taraddudiga tushdik. Havoning izgʻirinli, ayozli shabadasi etimizni junjiktirsa-da, ruhiyatimiz juda yengil, dilimizdagi necha yillik gʻuborlar tarqab ketgandek edi.
Yoʻl-yoʻlakay xayol ogʻushida ketar ekanmiz, Lashkerak tarixi, odamlarining turmush tarzi, oʻy-xayollarini bir maqolada ochib bera olmasligimizdan koʻnglimiz ozgina xira tortdi. Yaqin orada bu yerda qurilgan oilaviy mehmon uylari, Lashkeraksoy suvi tarixi, oʻzi ochilib yopiladigan gʻaroyib gʻorlar, sharshara va toshli jilgʻalar hamda yirik kumushqoʻrgʻoshin koni boʻlgan qishloq tarixi haqida keyingi maqolalarimizda yozishni koʻngilga tugib, bir oz xotirjam tortdik.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri