Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2023-yilning yanvar-iyun oylarida Oʻzbekiston hududlarida qurilish ishlarining rivojlanishi qiyosiy tahlildan oʻtkazildi.
2023-yilning yanvar-iyun oylari yakuni boʻyicha respublikada umumiy hajmi 68,1 trln. soʻmga teng boʻlgan qurilish ishlari amalga oshirilgan. Oʻsish surʼati oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 104,8 foizni tashkil etdi.
Oʻsish surʼati indeksidan foydalangan holda qurilish ishlarining rivojlanishi boʻyicha hududlar reytingi ishlab chiqildi:
— Hududlar reytingida yetakchi oʻrinlar (1-6 oʻrinlar) ni egallagan Fargʻona (121,3 foiz), Surxondaryo (109,0 foiz), Samarqand (108,2 foiz), Toshkent (108,1 foiz), Navoiy (107,2 foiz) va Xorazm (107,0 foiz) viloyatlari tegishli tashkiliy-texnik tadbirlarni tizimli amalga oshirish hisobiga qurilish ishlarining jadal rivojlanishi bilan ajralib turadi;
— Qashqadaryo (105,3 foiz), Buxoro (105,1 foiz) va Jizzax (104,0 foiz) viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida (104,1 foiz) (7-10 oʻrinlar) indeksning oʻrtacha darajasi aniqlandi;
— Andijon (103,1 foiz), Namangan (103,0 foiz) va Sirdaryo (100,9 foiz) viloyatlari qurilish ishlarining oʻsish surʼati indeksi past koʻrsatkichlarga (11-13 oʻrinlar) ega;
— Tahlil poytaxtimiz Toshkent shahrida oʻsish surʼati (100,1 foiz) sekinlashganligini koʻrsatdi va u reytingda 14-oʻrinni egalladi.
Oʻzbekistonda yaratilgan qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhiti, shuningdek, katta imkoniyatlarning mavjudligi sohaning yanada samarali faoliyat yuritishi va barqaror rivojlanishiga koʻmak beradi.