Qadimgi Yunonda atirgul goʻzallik timsoli Afroditaga bagʻishlangan, uning ehromi atroflarini atirgullardan tashkil topgan goʻzal bogʻlar oʻrab turgan.
Rimliklarda atirgul jasorat timsoli hisoblangan. Atirguldan tayyorlangan gulchambarlar gʻoliblarning boshlariga kiydirilgan, – deb soʻz boshladi suhbatdoshimiz Elyorjon Jalolov.
Mana shunday tarixga ega boʻlgan, ifori va goʻzalligi bilan barchani maftun etuvchi atirgullar Elyorjon Jalolov tomonidan tashkil etilgan Quva tumanidagi 281 gektar yer maydoniga ega beshta “Gullar olami”, “Ashurov Moʻminjon”, “Guljahon vodiy koʻchatlari”, “Vodiy turfa gullari” MCHJ va “Gullar vodiysi” oilaviy korxonasini oʻzida birlashtirgan gulchilik klasterida parvarishlanyapti.
– Hozirda 168 gektar yerga atirgul urugʻi, 81 gektarga atirgul niholi, 32 gektarga atirgul koʻchati ekildi. Bu maydonlar biz yuqorida sanagan beshta atirgulchilik kooperatsiyalariga biriktirildi, – deydi Elyorjon Jalolov.

Uning aytishicha, atirgulchilik serdaromad soha hisoblanadi. Masalan, bir gektar maydonda 50 sentner hosildorlik bilan 5 tonna paxta xom ashyosi yetishtirilsa, taxminan 35-40 million soʻm daromad olinadi. Bir gektar yer maydonida 150-160 ming dona atirgul koʻchatlari yetishtirilganda esa 750-800 million soʻm daromad olish mumkin.
Tadbirkor atirgul koʻchatini koʻpaytirib, uni sotish bilan 1996-yildan shugʻullana boshlagan. 1997-yilda esa ilk marta atirgul koʻchatlarini eksport qilgan. 2021-yilda 2 million dollarlik eksportni amalga oshirgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatgichni 3,5-4 million dollarga yetkazish niyatida. Gulga boʻlgan talab shu tariqa oshib boraversa, 2023-yilga kelib 8 million dollarlik atirgul koʻchatlari sotish mumkin, deb hisoblaydi koʻchatchilar.
– Bu juda katta hajmdagi ish va katta summa. Bunday daromadni olish uchun oʻziga yarasha xarajat ham talab etiladi. Haqiqatdan ham atirgulchilikdan shunday daromad qilish mumkinmi? – deb soʻraymiz Elyorjondan.
– Albatta, Oʻzbekistonda gulchilik, aniqrogʻi gul koʻchati bilan shugʻullanish nisbatan yangi soha hisoblanadi. Aholi yaqin-yaqingacha ham serdaromad soha paxta va gʻalla deb oʻylagan. Vaholanki, dunyoning eng rivojlangan davlatlarining iqtisodiy rivojlanishida gulchilik katta oʻrin tutadi, – deydi Elyorjon.
Koʻpchilik tushunmaydigan yoki adashtirib yuboradigan yana bir jihat bor ekan. Yaʼni gulchilik bilan shugʻullanish bu alohida soha. Siz guldasta sotib olsangiz buni yetishtiruvchilarga ham koʻchatlarni yetishtirib beruvchilar boʻlar ekan. Masalan Elyorjon Jalolov aynan atirgulchilikning koʻchatchilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadi. U atirgul urugʻlarini ekadi, unib chiqqan nihollarni turli navlarga payvandlaydi va turli yangi navlar yaratadi. Uning asosiy xaridorlari Rossiya, Polsha, Qozogʻiston, Turkmaniston, Germaniya hisoblanadi.
– Masalan, bizdan atirgul koʻchatini sotib olgan xaridorlar, uni yana issiqxonaga ekadi va oʻsha yerda sizu biz sotib oladigan atirgullarni yetishtiradi. Ana shu eksportyorlarimiz bozorlarga guldasta chiqarish bilan shugʻullanadi. Bizning tumanda esa mahalliy gul bozoriga guldasta uchun atirgul yetishtiruvchi gulchilar sanoqli hisoblanadi. Chunki biz yetishtirayotgan mini atirgullar, bir tupida yetti xil rangda ochiluvchi atirgul koʻchatlariga chetda talab yuqori. Shuning uchun bizning koʻchatlarimiz faqat eksportga tayyorlanadi, – deya tushuntiradi Elyorjon.
Suhbatdoshimiz oliy maʼlumotli mutaxassis. U Toshkent agrar universitetining dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va qayta tayyorlash texnologiyasi yoʻnalishida tahsil olgan. Shuningdek, oʻzi ham usta mirishkor gulchilar oilasida oʻsib-ulgʻaygan.

– Men gullarni, manzarali oʻsimliklarni bir soʻz bilan aytganda goʻzallikni yaxshi koʻraman. Har bir hovlida, koʻchalarimizda, shaharlarimizda gullar goʻzallik timsoli boʻlib, atrofni koʻrkam qilib turishini juda juda istayman. Ayniqsa, Gollandiya, Italiya, Turkiya davlatlariga borganimda koʻchalarda, xiyobonlarda ochilib turgan gullarni koʻrganimda, qaniydi bizning Fargʻona shahrida ham shunday goʻzalliklar yarata olsak deb koʻp oʻylardim. Qaysi davlatga borsam ham albatta oʻsha yerdagi noyob gullarning urugʻlaridan, koʻchatlaridan olib kelaman. Baʼzan noqulay boʻlsa ham aytaman, koʻchalarida ochilib turgan gullarning urugʻlaridan olib choʻntagimga solib olaman. Bir dona noyob gul urugʻini olib kelsam ham, ana oʻshani keyinchalik koʻpaytirib, turli navlar bilan chatishtirib, oʻziga xos biror nav yarataman, – deydi Elyorjon.
U rahbarlik qilayotgan “Gullar olami” MCHJ hududidagi 12 gektar yer maydoniga bu yil faqat 400 xildan ortiq mini atirgullar ekildi. Bu koʻchatlarning ham xaridori tayyor.
U ana shu 12 gektarlik maydonning burchagiga katta yoʻl yoqasiga chiroyli shiypon qurib qoʻygan. Va shiypon atrofini ham turfa gullar bilan bezatgan. Buning sababini soʻraganimizda u “Har bir kishi goʻzallikdan zavq olishi kerak. Keyinchalik bu yerda turizmni ham rivojlantirish niyatidamiz. Kelgan sayyohlar bepoyon dalada oʻsayotgan turfa atirgullarni koʻrib, ularning chiroyidan zavqlanib, mana shu shiyponchada hordiq chiqarib, bir piyola choy ichib ketishini xohlayman”, — degan javobni berdi. Shiyponchada kelgan mehmonlarga suv, sharbatlar, issiq koʻk va qora choy ham taklif qilinar ekan.

Gul bu goʻzallik. Atirgulni sevmaydigan, uning chiroyiyu iforidan koʻngli sururga toʻlmaydigan odam boʻlmasa kerak.
Yaqin yillarda quvaliklar uchun atirgul nafaqat koʻz quvontiradigan, balki xonadonga baraka va farovonlik olib kiradigan oʻsimlik boʻlib qoldi.
Sharifa Madrahimova,
jurnalist.