Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazining xabar berishicha, Dunyoda vaqt hisobi turli taqvimlar asosida yuritiladi. Eng keng tarqalgani — milodiy taqvim boʻlsa, Islom olamida asosan hijriy-qamariy taqvim qoʻllaniladi.
Hijriy taqvim Oyning harakatiga asoslanadi. Yangi hilol koʻringan kunning ertasi yangi oyning birinchi kuni hisoblanadi. Shu sababli qamariy oylar 29 yoki 30 kun davom etadi, yil esa 354 yoki 355 kundan iborat boʻladi. Bu milodiy yildan 10–11 kunga qisqaroq demakdir.
Milodiy oylarda kunlar soni oʻzgarmas boʻlsa, hijriy oylarning davomiyligi tabiiy hodisa — yangi oyning koʻrinishiga bogʻliq. Shuning uchun Ramazon oyi ham gohida 29, gohida 30 kun boʻlishi tabiiy hol.
Manbalarga koʻra, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinada toʻqqiz yil Ramazon roʻzasini tutganlar. Shu yillarning aksariyatida roʻza 29 kun, ayrimlarida esa 30 kun boʻlgan. Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladilar:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga 30 kundan koʻra koʻproq 29 kun roʻza tutganmiz” (Imom Ahmad rivoyati).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Ikki bayram oyi kamaymaydi: Ramazon va Zulhijja” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati), — deb marhamat qilganlar.
Ulamolarning taʼkidlashicha, bu hadisda mazkur oylar fazilat va savob jihatidan kamaymasligi anglatilgan. Yaʼni, Ramazon 29 kun boʻlgan taqdirda ham, uning ajr-mukofoti toʻliq hisoblanadi.
Demak, Ramazon oyining 29 yoki 30 kun boʻlishi — falakiy qonuniyat. Bu hol roʻzaning savobiga taʼsir qilmaydi. Eng muhimi — ibodatni ixlos va shariat talablariga muvofiq ado etishdir.