6-Xalqaro xotin-qizlar festivali tashkilotchilarining maʼlumotlariga koʻra, tanlovda ishtirok etish uchun 123 dan ortiq mamlakatdan qariyb 3500 ariza kelib tushgan boʻlib, Ayub Shahobiddinovning “Rangsiz tushlar” filmi maxsus namoyish uchun tanlab olingan.

– Kinofestivalda ishtirok etish uchun berilgan arizalarning koʻpligi tanlash jarayonini qiyinlashtirib yubordi. Butun dunyo kinematografistlari tomonidan har yili sinchiklab tanlanadigan nufuzli filmlar roʻyxatiga “Rangsiz tushlar” filmini kiritish biz uchun katta sharaf, – deydi festival direktori Roya Sadat.

Rejissyorning ushbu filmi 25-29-noyabr kunlari Indoneziyada oʻtkaziladigan (Jogja-NETPAC Asian Film Festival) XV Osiyo filmlari kinofestivalida ham qatnashishi haqida aytib oʻtildi. “Rangsiz tushlar” filmi ushbu nufuzli festivalning “Osiyo istiqbollari” dasturiga kiritilgan.

“Rangsiz tushlar” filmi bugungacha Anapa shahridagi «Kinoshok», Qozon shahridagi “Musulmon filmlari festivali”, «Fresko» (Armaniston) va «Lukaniya» (Italiya) kinofestivallarining asosiy dasturida qatnashgan.

«Oʻzbekkino» Milliy agentligi Axborot xizmati