Raqamlashayotgan kadastr — har bir qarich yerni hisobga olishda muhim ahamiyatga ega

    Mamlakatimizdagi izchil islohotlarda insonga boʻlgan eʼtibor va xalq farovonligini taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Yer maydonlarini asrab-avaylash borasida hamda fuqarolarning mulk huquqi va daxlsizligi, uni ishonchli himoyalashga qaratilgan qator hujjatlar qabul qilingan.

    Xususan, tadbirkorlik va shaharsozlik uchun yer uchastkalarini mulk hamda ijara huquqi asosida ochiq auksion orqali sotish, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni esa dehqon xoʻjaligini yuritish uchun ijara huquqi asosida ochiq elektron tanlov orqali berish, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli yer uchastkalarini xususiylashtirish orqali yerni bozor aktiviga aylantirish kabi saʼy-harakatlar shiddatli surʼatlarda kechmoqda. Shu oʻrinda yer uchastkalaridan oqilona foydalanish tizimini yoʻlga qoʻyish, yer, ayniqsa, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer talon-taroj qilinishining oldini olish, jarayonlarga axborot texnologiyalarini keng qoʻllagan holda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlariga alohida ahamiyat berilyapti.

    Prezidentimizning 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirishga turtki boʻldi. Xoʻsh, ushbu farmon ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash masalasi Namangan viloyatida qay darajada amalga oshirilmoqda?

    — Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida boshqarmamiz hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, hamkor tashkilotlar, hokim yordamchilari bilan birgalikda ish tashkil etilib, yerga oid huquqbuzarliklar monitoringi yuritilmoqda, — deydi Kadastr agentligining Namangan viloyati boshqarmasi boshligʻi Bahromjon Fozilov. Xususan, boshqarma va uning tuman, shahar boʻlimlari 2022-yilda yer va kadastr nazorati tadbirlari chogʻida 1162 ta holatda 530 gektar yerni xoʻjasizlarcha egallab olish holatlarini aniqladi. Profilaktik tushuntirish hamda koʻrsatmalar tufayli 976 ta holatda 490 gektar yer qonunbuzilishini fuqarolar ixtiyoriy ravishda bartaraf etishdi. 40,7 gektar yer bilan sodir etilgan huquqbuzarlikni oʻz xohishi bilan bartaraf qilmagan 186 shaxsga nisbatan noqonuniy qurilmalarini majburiy buzdirish yuzasidan sudlarga daʼvo arizalari kiritildi. 70 ta daʼvo ariza esa sudlarda qanoatlantirilib, majburiy ijroga yoʻnaltirildi.

    Sen menga tegma, men senga tegmayman, deydigan vaqtlar oʻtdi. Qoʻshma nazorat tadbirlariga muvofiq, Bosh prokuratura va Kadastr agentligi oʻrtasida tasdiqlangan “Yerlardan maqsadli foydalanish hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida qonuniylikni taʼminlash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida”gi shartnomaga binoan, 27 ta holatda jinoyat alomatlari boʻlgan ish hujjatlari JPKning 329-330-moddalari talablari asosida huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

    Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasi yer va kadastr nazorati boʻlimi boshligʻi Dilshod Sotiboldiyevning aytishicha, Chortoq tumanida oʻtkazilgan nazorat tadbirida fuqaro Orifjon Sultonov “Oyqiron mirishkorlari” fermer xoʻjaligi hududida tuproq unumdorligi 45 ball bonitetiga teng boʻlgan bogʻning 2,4 sotix yer maydonida molxona, fuqaro Hasanboy Sultonov esa “Hazratishoh mirishkorlari” agrofirmasi hududida tuproq unumdorligi 81 ball bonitetiga teng bogʻning 2 sotix yer maydonida oʻzboshimchalik bilan uy-joy qurib olgani aniqlandi.

    Ular bu bilan MJtKning 60-moddasi 3-qismida koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Shuning uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularning har biri 40,5 million soʻm miqdorida maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

    Uychi tumanida yashovchi Zokirjon Joʻrayev “Tuman agropilla” MCHJ tasarrufidagi tuproq unumdorligi 64 ball bonitetiga teng tutzorning 7 sotixida hech qanday hujjatsiz qurtxona va uy-joy qurib olgan. Bu fakt aniqlangach, noqonuniy qurilmani ixtiyoriy buzishga doir maʼmuriy bayonnoma tuzildi. Z.Joʻrayev qonunga boʻysunmaganidan keyin uning qilmishiga JPKning 329-330-moddalari talablari asosida huquqiy baho berish uchun prokuraturaga joʻnatildi.

    2022-yilda 131 ta holatda yerdan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanib, 119 ta holatda tuman hokimliklariga taqdimnomalar kiritildi. Natijada 818 gektar yer tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilishi taʼminlandi. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun oʻz vaqtida vakolatli organlarga murojaat etmaslikka oid jami 2 335 ta holat boʻyicha ham choralar koʻrildi.

    Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor. Prezidentimizning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi xalq bilan muloqot qilish, aholi murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy tizimiga aylandi. Kadastr sohasidagi murojaatlarni ham darhol koʻrib chiqish, takroriy murojaatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun mutasaddilar tumanlarning olis va chegara manzillarida muntazam sayyor qabullar uyushtirmoqda. Muammoli masalalar hududlarga chiqib, joyida oʻrganilmoqda.

    Kadastr agentligi Namangan viloyati boshqarmasiga 2022-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan 1079 ta murojaat tushgan boʻlib, ular soni 2021-yildagiga nisbatan 204 taga koʻpaygan. Bu aholi va tadbirkorlarning yerga boʻlgan talablari ortganini koʻrsatmoqda. Ularning 842 tasi ijobiy hal qilindi va 237 ta murojaat egasiga huquqiy tushuncha berildi.

    Kadastr sohasidagi yangiliklardan aholi va tadbirkorlarni xabardor etish uchun yer maydonlari turlari, toifalari, auksion va elektron tanlov asosida yer maydonlari ajratish tartiblari, kadastr hujjati tayyorlash va davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur huquqiy hujjatlar, uy-joy merosi va boshqa koʻpchilikni qiziqtirgan masalalar boʻyicha ommaviy axborot vositalari orqali targʻibot ishlari kuchaytirildi.

    Raqamlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish – zamon talabi. Kadastr maʼlumotlar bazasini yuritish hamda viloyatda yer va mol-mulk soligʻini hisoblash siyosatini tizimlashtirish hamda mahalliy byudjetni barqarorlashtirish maqsadida Davlat kadastrlari palatasi Namangan viloyati boshqarmasining tuman, shahar filiallari jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli turar hamda noturar joylarning atributiv maʼlumotlari bazasini Kadastr agentligining “Koʻchmas mulk-3” integratsiyalashgan axborot tizimi koʻmagida yuritmoqda. Hozir kadastr maʼlumotlari bazasida viloyat boʻyicha qariyb 600 mingta koʻchmas mulkning atributiv maʼlumotlari hamda 611 mingdan ortiq mulkdor haqidagi maʼlumotlar shakllantirildi. Natijada yuridik va jismoniy shaxslarga tez va sifatli kadastr xizmati koʻrsatish imkoniyati yaratildi.

    — Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentyabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, ilgari uzoq vaqtda bajarilgan kadastr xizmatlari endi xizmat turiga qarab 2-7 kunda hal boʻlmoqda, — deydi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi Namangan viloyati boshqarmasi boshligʻi Qodir Gʻafforov. — Kadastr tizimi xodimlari “xonadonbay” ish tashkil qilishi samarasida 2022-yil mobaynida kadastr maʼlumotlari bazasiga avval hisobda boʻlmagan 19 mingdan ortiq koʻchmas mulk haqidagi maʼlumot hisobga olinib, davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Mazkur kadastr yigʻma jildlarining mulk qiymati 1 trillion 492 milliard soʻmga yetdi. Natijada fuqarolarga qulaylik yaratilib, bank krediti va subsidiya olish, ipoteka rasmiylashtirishlari uchun imkoniyatlar kengaydi.

    Prezidentimizning 2022-yil 10-sentyabrdagi “Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan 2022-yilda fermer xoʻjaliklari va klasterlardan zaxiraga olingan 8 541 gektar yer viloyat hokimining tegishli qaroriga hamda tuman hokimliklarining buyurtma xatlariga asosan, davlat mulki sifatida tuman hokimliklari nomiga roʻyxatdan oʻtkazildi. Bu yer maydonlari 61 ming 555 ta lotga boʻlinib, ochiq elektron savdoga chiqarildi. Tanlov gʻoliblari boʻlgan 58 ming 628 fuqaroga 30 yilgacha yerdan foydalanish uchun ijaraga berildi. Natijada 150 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish imkoni tugʻildi. Bu shuncha oilada moddiy ahvol yaxshilanadi, shuncha oilaga quvonch, shodlik kiradi, deganidir.

    Turar va noturar joylarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish masalasida murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslarning buyurtmalari ijrosi “Davreestr Pro2” dasturi orqali elektron tarzda tez va sifatli bajarilmoqda.

    Viloyat boʻyicha 2022-yilda elektron tarzda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun jami 60 ming 323 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 41 ming 180 tasi ijobiy hal qilindi, 1 ming 313 tasi ijro etilib, toʻlovi kutilmoqda, qolgan 17 ming 96 ta murojaatchi bilan hujjatlarni rasmiylashtirish uchun ish tashkillashtirildi.

    Prezidentimiz rahbarligida 2022-yil 18-iyul kuni aholiga boʻlib berilgan ekin yerlari va tomorqa uchastkalaridan samarali foydalanish boʻyicha ustuvor vazifalar toʻgʻrisida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida kadastr tizimiga aholi xonadonlarini “mahallabay” tahlil qilib, uy-joyga egalik huquqini tasdiqlovchi kadastr hujjatiga ega boʻlmagan xonadonlarning elektron roʻyxatini shakllantirish va uy-joyga egalik huquqini eʼtirof etishga asos boʻluvchi hujjatlarni toʻplab, elektron bazaga kiritish vazifasi yuklatilgan edi.

    Davlat kadastrlari palatasi Namangan viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ahadxon Nasriddinovning bildirishicha, oʻsha topshiriq ijrosi uchun palata tasdiqlagan reja-jadval asosida viloyatdagi davlat roʻyxatidan oʻtmagan 30877 ta yakka tartibdagi uy-joy roʻyxati tasdiqlandi. Ishni jadallashtirish va sifatli bajarish uchun tuman va shahar filiallariga vakillar biriktirildi. Xatlovga jalb etilgan mutaxassislar ishtirokida oʻquv seminari tashkil etilib, “UzKad” dasturida ishlash oʻrgatildi. Joriy yilda 30877 ta koʻchmas mulk obyekti, uy-joy yuz foiz xatlovdan oʻtkazildi.

    Viloyat kadastr tizimida hozir 520 nafardan ziyod xodim mehnat qilmoqda. Jamoaning asosiy qismi yosh mutaxassislar. Boshqarma va quyi tizimda ishlayotganlarning 175 nafari 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar. 2022-yilda viloyat boshqarmasi tuman va shahar filiallariga mutaxassisligi boʻyicha 43 xodim ishga qabul qilindi, 54 nafar rahbar va mutaxassis xodim oʻz yoʻnalishlari boʻyicha malakasini oshirdi.

    Yurtimizdagi iqtisodiy sohadagi islohotlar, oʻzgarishlar yer va unga bogʻliq resurslarning aniq hisobini yuritishni, ulardan oqilona foydalanishni talab etmoqda. Oʻtgan yillar davomida viloyat kadastr tizimidagi shahar va 11 ta tuman filiali oʻz binolariga ega boʻldi. Ular mebel, kompyuter, orgtexnika vositalari va boshqa jihozlar hamda avtomashinalar bilan taʼminlandi. Tajribali, fidoyi mutaxassislardan iborat jamoa soha istiqboli, qolaversa, yosh va malakali mutaxassislar tayyorlash, ularni soha bilimdoni boʻlib yetishishida ustoz-shogird anʼanasiga sodiq holda oʻz kuch va bilimlarini ayamayaptilar. Eng muhimi, sohada olib borilayotgan ishlardan odamlar rozi.

    Orifjon JOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri