Rivojlangan davlatlarda raqamli iqtisodiyotni joriy etishga allaqachon kirishilgan. Jahon iqtisodiyotining globallashuvi va texnologiyalarning rivojlanishi sharoitida Oʻzbekistonning iqtisodiy taraqqiyotiga raqamli iqtisodiyotni rivojlantirmasdan erishib boʻlmaydi.
Yangi iqtisodiyot nima?
Bugun jadallik bilan kechayotgan raqamlashuv jarayoni “yangi iqtisodiyot”ni vujudga keltirdi. Kam oʻrganilgan va kun sayin chuqur tomir otib borayotgan bu bozor segmenti ishlab chiqaruvchilarga biznesda samarali marketing kampaniyalari uyushtirish, minimal xarajat qilib, maksimal foyda olish, tovar va xizmatlarni muvaffaqiyatli sotishning optimal usullarini taqdim etadi. Isteʼmolchi, xaridor va mijozlarga sifatli xizmat, qulaylik yaratiladi. Bu vaqtingiz tigʻiz paytida Internet orqali tushlikka buyurtma berish, mobil ilova orqali taksi chaqirish, uzoqdagi yaqiningizga pul joʻnatishdan koʻra kengroq imkoniyatlar boʻlib, transchegaraviy biznes hamkorlik, elektron tijoriy maydon, masofaviy ofis kabilarni ham qamrab oladi.
Raqamli iqtisodiyot raqamli texnologiyalarga asoslangan, elektron biznes, elektron tijorat bilan bogʻlangan, raqamli tovar va xizmatlar ishlab chiqarayotgan va taqdim etayotgan iqtisodiy faoliyatdir. Bunda iqtisodiy xizmat va tovarlar uchun hisob-kitoblar elektron pul orqali amalga oshiriladi. Raqamli iqtisodiyot konsepsiyasi atomdan bitga, yaʼni kimyoviy eng kichik zarradan elektron birlikka oʻtishga asoslanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari Olimjon Umarov taʼkidlashicha, raqamli iqtisodiyot alohida faoliyat turini emas, balki ishbilarmonlik, sanoat obyektlari, xizmatlarda axborot texnologiyalaridan faol foydalanishni anglatadi. Agar oddiy iqtisodiyotda moddiy buyumlar asosiy resurs hisoblansa, raqamli iqtisodiyotda bu qayta ishlanadigan hamda uzatiladigan axborot, maʼlumotlar boʻladi.
Raqamli iqtisodiyot yirik sanoat obyektlari ish samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishda oʻsish, faoliyat shaffofligini taʼminlash, mahsulot tannarxini kamaytirish imkonini beradi.
YAIM 30 foizga oshadi
— Nufuzli xalqaro tashkilotlar olib borgan tahlillar natijalariga koʻra, raqamli iqtisodiyot yalpi ichki mahsulotni kamida 30 foizga oshiradi, shuning barobarida, xufyona iqtisodiyotga barham beradi, — deydi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor TULYAKOV. — Xalqaro amaliyotga yuzlanadigan boʻlsak, hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot elektron tijorat va xizmatlar sohasi bilan cheklanib qolmay, balki hayotning har bir jabhasiga, xususan, sogʻliqni saqlash, fan-taʼlim, qurilish, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport, geologiya, kadastr, arxiv, internet-banking va boshqa sohalarga jadal kirib bormoqda va ularning har birida oʻzining yuqori samaralarini bermoqda. Davlat oʻz fuqarolari uchun elektron xizmatlar koʻrsatishi va elektron mahsulotlarni taklif etishi — bu raqamli iqtisodiyotning asosiy qismi hisoblanadi. Mamlakatimizda ushbu sohani keng rivojlantirish korrupsiya illatiga barham beradi.
Oʻzbekistonda “Raqamli Oʻzbekiston-2030” dasturini ishlab chiqilishi va hayotga tatbiq etilishi, eng avvalo, puxta va mukammal tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni shakllantirish, qolaversa, innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va ishlanmalarni joriy etish boʻyicha davlat organlari va tadbirkorlik subyektlarining uzviy hamkorligini taʼminlash, barcha soha va tarmoqlarda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni raqamli texnologiyalar bilan qamrab olish, bu borada zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan, intellektual salohiyatli kadrlarni yetishtirish, shu orqali, mamlakatda “axborotlashgan jamiyat” muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Toʻrtinchi sanoat inqilobi dvigateli
— Hozirgi davrda mamlakatning rivojlanishi faqat mavjud tabiiy boyliklar yoki aholi soniga bogʻliq boʻlmay qoldi, — deydi Oʻzbekiston fanlar akademiyasining akademigi, iqtisod fanlari doktori Qalandar ABDURAHMONOV. — Jahon bankining maʼlumotlariga koʻra, kurrai zaminimiz umumiy boyligining 66 foizi — 365 trillion AQSH dollari inson kapitaliga, yaʼni asosan shaxsning ilm darajasiga toʻgʻri kelmoqda. AQSHda ushbu koʻrsatkich milliy boylikning 77 foizi — 95 trillion dollarga yetgan. Shuning uchun davlatimiz rahbari joriy yil Murojaatnomada “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir!”degan fikrni alohida keltirib oʻtdi.
Aql-zakovat va ilm — taraqqiyot qanotidir. Zamonaviy ilm-fanning choʻqqisi yuqori texnologiyalarda, raqamli olamda koʻzga tashlanadi. Toʻrtinchi sanoat inqilobi taraqqiyotning yangi koʻrinishi — “raqamli iqtisodiyot” boshlangani anglatadi. Bugungi kunga kelib jahonda raqamli iqtisodiyot taraqqiy etgan 20 mamlakatda 2 trillion AQSH dollarini tashkil etayotgani hisoblab chiqilgan. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda dunyoda peshqadam Buyuk Britaniyada esa u hozirning oʻzida milliy yalpi ichki mahsulotning 12 foiziga yetdi. Raqamli iqtisodiyot texnologik va biznes jarayonlari, ishlab chiqarish, logistika va tayyor mahsulotlarning savdosini raqamlashtirishni nazarda tutadi. Mamlakatimizda 2020-yilning oʻzida transport, geologiya, taʼlim, arxiv kabi sohalarni toʻliq raqamlashtirish belgilangan va bu boradagi ishlar jadal olib borilmoqda. Zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan “IT-park”lar ham fikrimiz dalilidir.
Aholi va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan kontaktsiz aloqa shakllarini yana-da rivojlantirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangi versiyasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish virtual qabulxonasi “business.gov.uz” portali ishga tushirilgani raqamli iqtisodiyot rivoji yoʻldagi muhim qadamlardir.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini barcha manfaatdor vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda kelishish (viza qoʻyish) uchun, shu jumladan bir vaqtning oʻzida keng jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasini oʻtkazish va tezkor joʻnatish uchun vaqtni va mehnat resurslarini sezilarli darajada tejash maqsadida yagona elektron tizimi “project.gov.uz” joriy etilgani ham quvonarli.
2020-yilgacha AKTni iqtisodiyot sohalariga keng joriy etishga nima toʻsqinlik qilgan?
“ERGO Research & Advisory” konsalting xizmati tahlilchilarining izlanishlariga koʻra, bundagi asosiy muammo telekommunikatsiya infrastrukturasi va aloqaning yaxshi emasligidir. AKT sohasiga investitsiya kam kiritilishi natijasida tayanch aloqa stansiyalari zichligi past holatda boʻlgan. Bu internet, mobil xizmatlarning yaxshi ishlamasligini keltirib chiqaradi, natijada raqamli iqtisodiy oʻsishni kamaytiradi, raqamli uzilishlarni keltirib chiqaradi. Quvonarlisi, joriy yilda bu boradagi koʻrsatkich sezilarli darajada oshdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati bergan maʼlumotlarga koʻra, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Internet tarmogʻiga ulanishning umumiy oʻtkazuvchanlik qobiliyati 1 200 Gbit/s.ni tashkil etib, kommutatsiya markazi orqali 750 Gbit/s tezlikda Internet tarmogʻiga chiqish imkoniyati yaratildi va tarmoqning yuklanish darajasi 76,6 foizni tashkil etmoqda. 2020-yilning 1-yanvaridan operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarif oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga arzonlashtirilib, 1 Mbit/s uchun 56,0 ming soʻmni tashkil etdi. Internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 22 mln.dan ortdi, shundan mobil Internet foydalanuvchilari soni 19 mln.ni tashkil etdi. Respublika boʻyicha 237 ta obyektda magistral telekommunikatsiya tarmoqlari kengaytirilib, telekommunikatsiya uskunalari modernizatsiya qilinib, magistral telekommunikatsiya tarmoqlari oʻtkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 200 Gbit/s.ga, tumanlararo darajada esa 40 Gbit/s.ga yetkazildi. Ijobiy natijalar bor, biroq bu yetarli degani emas.
Zero, raqamli iqtisodiyot aql bovar qilmas katta hajmda raqamli maʼlumotlarni toʻplashda davom etmoqda. 2022-yilda global IP trafik hajmi 150 700 Gbit/s(solishtirish uchun 2017-yil 45 000 Gbit/s) chiqishi kutilayotgani davrdan ortda qolmaslikka chaqiradi.
Aholining barcha qismida ham raqamli malakaning yetarli emasligi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻldagi yana bir toʻsiq boʻlib kelgan. Shuningdek, raqamli tovar aylanmasi ham past hisoblandi. Bu borada texnologiya olamida koʻpchilikka maʼlum boʻlgan “Microsoft” korporatsiyasi asoschisi Bill Geytsning bir fikrini eslash oʻrinli: “Tez orada Yer sharida faqat ikki tur kompaniyalar mavjud boʻladi. Birinchisi, internet orqali biznes qiluvchi va ikkinchisi, biznesdan chiqqan kompaniyalar”. Tadbirkorlar mana shu jihatni inobatga olgan holda, dunyoga mashhur biznes isteʼmolchi uchun, biznes biznes uchun, isteʼmolchi isteʼmolchi uchun tamoyillari asosida oʻz faoliyatini tashkil etishi maqsadga muvofiq.
Click, Payme, M-bank, Upay, Oson va boshqa onlayn toʻlovlarga imkon beruvchi toʻlov tizimlari mavjud boʻlishiga qaramay mobil toʻlovlar, internet, kommunal toʻlovlar uchun onlayn toʻlovlarni amalga oshirish koʻrsatkichi yuqori emas. 2017-yilda 34 foiz hisob egalari raqamli toʻlovni amalga oshirgan. Solishtirish uchun bu koʻrsatkich Buyuk Britaniyada 96 foizga teng. Eʼtiborlisi, terminal orqali toʻlovlar son oshib bormoqda. Masalan, 2018-yilda terminal orqali toʻlovlar 53 trillion soʻmni tashkil etgan.
Shuningdek, uzoq vaqt davomida byudjet tashkilotlarida texnik xodim hisoblangan axborot texnologiyalari mutaxassislariga yuqori maosh berilmagani ham raqamli iqtisodiyotni joriy etishdagi muammo boʻlgan. Sababi malakali dasturchilar bu lavozimda uzoq qolmagan. Ular xalqaro tashkilotlar, qoʻshma korxonalar, chet ellik buyurtmachilar uchun ishlashni maʼqul koʻrgan. Endilikda ularga ustama berish mexanizmi joriy etilgan.
Yutuqlar bilan birga muammolar mavjud, qilinadigan ishlar koʻp, Prezident Sh.Mirziyov taʼkidlaganidek, “Albatta, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, koʻp mablagʻ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz. Biroq, qanchalik qiyin boʻlmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech boʻladi. Shu bois, raqamli iqtisodiyotga faol oʻtish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri boʻladi”.
Kiberxavfsizlik — raqamli iqtisodiyotning muhim sharti
Oʻzbekistonda barcha tizimlar raqamlashmoqda. Ayniqsa, koronavirus tufayli joriy etilgan karantin rejimida onlayn tovar va xizmatlarga boʻlgan talab yana-da ortdi, barcha sohalarda raqamli funksiyalarning safi kengaydi. Bugun uydan chiqmasdan toʻlovlarni amalga oshirish, hech bir muammosiz masofaviy taʼlim olish, dunyoning yirik kutubxonalaridan foydalanish va hatto ishlash mumkin. Raqamli xizmatlar anʼanaviy turga qaraganda qogʻozbozlik, rasmiyatchilikning yoʻqligi, vaqtni tejash kabi bir qator afzalliklarga ega. Masalan, davlat xizmatlarini raqamli koʻrinishda olsangiz, sizga belgilangan toʻlovning 10 foizi miqdorida chegirma taqdim etiladi.
Bularning barchasi mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotga faol oʻtilayotganining belgisi. Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishning yana bir omili — kiberxavfsizlikni taʼminlashdir. Karantin sharoitida global tarmoqda koronavirusdan saqlanish boʻyicha koʻrsatmalar yorligʻi ostida dasturiy tizimlarni ishdan chiqaruvchi viruslar tarqatish holatlari uchradi. Xorijda dori-darmonni onlayn sotish va yetkazib berishni vaʼda qilib, oldindan pullarni hisob raqamiga oʻtkazishni soʻrab, sodda odamlarni aldab ketayotgan moliyaviy firibgarlar soxta onlayn-doʻkonlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar va elektron pochta manzillaridan foydalanishdi. Bu ham axborot xavfsizligini taʼminlash zaruratini yana bir bor tasdiqlaydi.
Raqamlashuv va kiberxavfsizlik tushunchalari doimo yonma-yon keladi. Chunki barcha tizim va jarayonlarni raqamlashtirish bilan birga, ularning texnik jihatdan mukammal va bexato ishlashini, xavfsizligini taʼminlash muhim hisoblanadi. Yurtimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qanchalik eʼtibor qaratilayotgan boʻlsa, kiberxavfsizlikni taʼminlash ham shuncha dolzarblik kasb etmoqda. Oʻzbekiston kiberxavfsizlik global indeksida oʻzi pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda. 2017-yilda mamlakatimiz bu reytingda 93-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2018-yilda 52-oʻringa koʻtarildi.
Kiberxavfsizlik axborot xavfsizligining bir koʻrinishi boʻlish bilan axborotlarni saralab olishga xizmat qiluvchi yuksak maʼnaviyatdan oʻzgacharoq tushuncha. U koʻproq texnik jarayonlarga oid boʻlib oddiy foydalanuvchi uchun pochta, ijtimoiy tarmoqlar, toʻlov tizimlarida ishonchli va mustahkam parollarni oʻrnatish, oʻz shaxsiy kompyuteri va smarfonini viruslardan himoyalashni anglatadi. Kengroq maʼnoda esa kiberxavfsizlik tarmoqlar, mobil ilovalar va qurilmalarning himoyasiga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Bu maʼlumotlar konfidensialligini saqlash, ularning butunligini himoyalash, u yoki bu sayt, ilova, dasturning toʻlaqonli ishlashini anglatadi.
“Kiberxavfsizlik markazi” DUK tahlillariga koʻra, 2019-yilda internetning milliy segmenti veb-saytlarida 268 ta kiberxavfsizlik insidenti aniqlangan. Bu raqamli olamdagi huquqbuzarliklar soni oldingi yilga qaraganda 44 foizga kamaygan deganidir. Shulardan 222 tasi kontentni ruxsatsiz yuklash, 45 tasi defeys (veb-sayt sahifasi boshqa, masalan, reklama joylashtirilgan sahifaga almashtirilishini anglatuvchi xakerlik hujumi) va bittasi yashirin mayning (kriptovalyuta platformasidagi yashirin faoliyat) ulushiga toʻgʻri keladi.
Insidentlarning 69 foizi Oʻzbekistondagi xosting-provayderlarida joylashgan veb-saytlarda aniqlangan, qolgan 31 foizi xorijiy davlatlardagi xosting-provayderlaridagi saytlarga tegishli. 80 ta holatga nisbatan tekshirish ishlari olib borilib, aniqlangan zaifliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy tavsiyalar berilgan, qolgan 188 ta holat veb-sayt egalari tomonidan mustaqil ravishda bartaraf etilgan. Kibermakonda xavfsizlik bilan bogʻliq muammolarning yuzaga kelishiga kodda xavfsizlik xatolari mavjud boʻlgan kontentni boshqarish, eskirgan versiyalar bilan ishlash, kirish parollarining osonligi, xavfsiz boʻlmagan manbalardan yuklab olingan shablonlar, viruslar bilan zararlangan kompyuterlarda veb-saytlarni boshqarish kabilar sabab boʻladi.
Internetning milliy segmentini monitoring qilish natijasida 130 mingdan ziyod kiberxavfsizlikka tahdidlar aniqlangan. Shundan 106 508 ta holat botnet tarmoqlari ishtirokchilariga aylangan xostlarga tegishli. 13 882 ta holat spam-elektron pochta yoki parolni buzishi sababli turli xizmatlar tomonidan qora roʻyxatga olingan IP-manzillarni blokirovka qilish bilan bogʻliq. 8 457 ta holat TFTP (Trivial File Transfer Protocol – fayl uzatishning oddiy shakli) protokoli va tegishli portlardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlib, ular utentifikatsiya mexanizmlari yoʻqligi sababli begona kontentni yuklab olishga olib kelishi mumkin. 2 114 ta holat RDP (Remote Desktop Protocol-masofaviy ish stoli protokoli) zaif protokoli ishlatilishi bilan bogʻliq. 1 042 ta holat dasturiy taʼminot va maʼlumotlar bazasini boshqarish tizimlarida autentifikatsiya mexanizmiga ega boʻlmagani, shuningdek muddati tugagan yoki yaroqsiz imzoga ega SSL-sertifikatlar bilan bogʻliq.
Bu tahlillar kiberxavfsizlik masalasining dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaydi, boisi dasturiy zaifliklar buzgʻunchiga axborot tizimi yoki veb-sayt, shuningdek, fayl va maʼlumotlarga masofadan kirish, fuqarolarining shaxsiy maʼlumotlari chiqib ketishiga sabab boʻlishi mumkin. Kiberxavfsizlik choralari bu kabi holatlarning oldini oladi.
2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga koʻra, 2020–2023-yillarga moʻljallangan kiberxavfsizlikka doir milliy strategiya va “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Kiberxavfsizlikka doir meʼyorlarning huquqiy jihatdan mustahkamlanishi nihoyatda zarur va oʻz oʻrnidagi tadbirdir. Raqamli olam hali-hamon huquqiy jihatdan oʻz maqomini aniq belgilay olgani yoʻq. Bu borada yangi kun sayin tahdidlarning yangi tur va shakllari paydo boʻlmoqda, ularni qonunchilikda aks ettirish zarur. Kiberxavfsizlikka doir milliy strategiyani ishlab chiqish milliy kibermakonda jinoyatchilikka qarshi qurashish sohasidagi faoliyatni tartibga soladi. Zero, virtual olamdagi jinoyatchilikning zarar va xavfi real olamdagidan kam emas.
Shuningdek, 2020–2023-yillarga moʻljallangan kiberxavfsizlikka doir milliy strategiya koʻra kiberxavfsizlikning yagona tizimi va muhim hisoblangan infratuzilmani kiberhujumlardan himoya qilish sohasidagi huquqiy baza shakllantiriladi.
“Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi qonunda esa axborot kommunikatsiya va texnologiyalari tizimini zamonaviy kibertahdidlardan himoya qilish, turli darajadagi tizimlar uchun kiberxavfsizlik boʻyicha zamonaviy mexanizmlarni joriy etish, mazkur sohada davlat organlari, korxonalar va tashkilotlarning huquqlari va majburiyatlarini belgilash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish kabilar aks etishi kutilmoqda. Chindan ham bu sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarni unifikatsiyalash zarurat sezilayotgan edi.
Yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar zamirida xalqimizga qulayliklar yaratish maqsadi yotibdi. Kiberxavfsizlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilishi raqamli imkoniyatlardan ishonchli va xavfsiz tarzda foydalanishga zamin boʻlib kelmoqda.
“Bir million dasturchi”
Mamlakatimizda zamonaviy dasturlash texnologiyalarini oʻzlashtirgan kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, shu maqsadda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyihaning ahamiyati raqamlashtirish iqtisodiy taraqqiyotning mezoni, jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv, barcha sohalarni kompleks rivojlantirishning asosiy sharti ekani bilan izohlanadi. Bugun dunyoda raqamlashuv, mobillashuv, sunʼiy intellektni joriy eta oladigan kadrlar — dasturchilarga talab yuqori. Boisi raqamli iqtisodiyotni taʼminlovchi infrastruktura, AKT sohasiga kiritilgan katta miqdordagi investitsiya ham elektron imkoniyatlardan samarali foydalana oluvchi dasturchilarsiz oʻzini oqlamaydi.
Raqamli iqtisodiyotni yoʻlga qoʻyish va uning samarali faoliyatini taʼminlovchi bir million dasturchini tayyorlashga qaratilgan loyiha doirasidagi mashgʻulotlar ayni kunda uzbekcoders.uz oʻquv portali orqali olib borilmoqda. Videodarslar oʻzbek tilidagi subtitrlar bilan taqdim etiladi. Istagan inson roʻyxatdan oʻtib, onlayn saboqlarda qatnashishi mumkin. Mashgʻulotlar masofaviy tarzda bepul olib boriladi.
Loyihani ishga tushirishning birinchi bosqichida aholiga loyihani tanitish va raqamli koʻnikmalarni egallashga yordam beruvchi darslarni targʻib qilish maqsadida reklama kampaniyasi ish olib bordi. “Bir million dasturchi” loyihasining dastlabki bosqichida 62 mingdan ziyod oʻquvchi qamrab olinib, ularning 5 ming 400 nafariga malaka sertifikati berildi. Loyiha ZIYONET taʼlim portali, UZMOBILE mobil aloqa operatori va UZONLINE internet-provayderlarining bepul xizmatlariga kiritildi. Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlarida ushbu loyiha doirasida dasturlash koʻnikmalariga oʻqitish joriy etilmoqda.
— Loyiha doirasida toʻrtta yoʻnalishda dasturchilar tayyorlanadi, —deydi “Bir million dasturchi” loyihasining jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha menejeri Dilshoda Magrupova. — Bular Android (Google bilan hamkorlikda), Frontend va Full-stack dasturlash hamda maʼlumotlarni tahlil qilishdir. Ularning har biri boshlangʻich 120 soatlik, yaʼni 12 haftalik kursdan iborat. Darslarni boshlash uchun maxsus bilim talab etilmaydi. Mashgʻulotlarda Udacity axborot texnologiyalari ixtisosliklariga yoʻnaltirilgan yetakchi onlayn platforma oʻquv materiallaridan foydalaniladi. Mazkur platforma oʻquv dasturlari va kurslar mazmuni Google, Facebook, Amazon, Autodesk va boshqa shu kabi yetakchi kompaniyalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Barcha kurslar haqqoniy maʼlumotlar toʻplami asosidagi loyihalar bilan ishlash orqali amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan.
Yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashga qiziqishi ham yuqori. Ularga bir vaqtning oʻzida bir nechta kursda ishtirok etish imkoni berilgan. Mashgʻulotlar jadvali moslashuvchan. Birinchi bosqichni oʻzlashtirishga atigi ikki hafta kerak. Ammo darslarni tayyorlash uchun vaqt oz boʻlsa-da, uni 3 oy ichida tamomlash mumkin. Ikkinchi bosqich birinchi bosqich tugagandan soʻng, yaʼni amaliy bilimlarni baholovchi testlar topshirilganidan keyin boshlanadi. Agar ishtirokchi uni ham 10-12 hafta ichida tugatolmasa, 3 oy ichida oʻzlashtirishi mumkin. Shunday qilib, kursning toʻliq kontentini tamomlash uchun saytda roʻyxatdan oʻtgan birinchi kundan boshlab umumiy 6 oy muddat beriladi. Ishtirokchilarga ikki turdagi ishtirokchi va bitiruvchi sertifikati beriladi.
— Android dasturlash yoʻnalishidan roʻyxatdan oʻtib, bepul onlayn videodarslar orqali bilimimni oshirdim, — deydi 21 yoshli dasturchi Asadjon Husanjonov. — Oʻquv materiallari sodda va aniq qilib tuzilgan, topshiriqlari qiziqarli. Dars yuzasidan paydo boʻlgan savollarimizga “Telegram” mobil ilovasidagi guruh orqali javoblar oldik. Men kurslarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, bitiruvchi sertifikatini qoʻlga kiritdim. Galdagi maqsadim Frontend dasturlashni oʻrganishdir.
Xulosa oʻrnida
“Raqamli tengsizlik tengsizliklarning doyasi” boʻlib turgan bir paytda iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamlashtirish jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuv, dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlish, iqtisodiy ravnaq topish, aholiga qulayliklar yaratishning asosiy shartidir.
Quvonarlisi, bu mamlakatimizda asosiy kun tartibidagi masala. Raqamlashtirish borasida Oʻzbekiston dadil odimlar bilan ildamlamoqda.
Sanobar JUMANOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri