Raqamli koʻprik: joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etishga qanday kamarbasta boʻlyapti?

    Amaldagi tamoyilga koʻra, tashabbusli byudjet jarayonlari har yili ikki marta, 3 bosqichda amalga oshiriladi. “Ochiq byudjet” portalida eʼlon qilinishicha, uning birinchi mavsumi 6-fevraldan — 7-aprelgacha oʻtkaziladi.

    Har bir mavsumning birinchi bosqichida fuqarolar oʻz takliflarini ilgari surishadi, ikkinchisida bildirilgan takliflar moderatsiya jarayonidan oʻtkaziladi. Uchinchisida saralangan takliflar ovoz berishga qoʻyiladi. Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida keyingi yil uchun tadbirlarni shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni — har yili noyabr — dekabr oylarida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

    Demak, Tashabbusli byudjet”ning joriy yildagi dastlabki bosqichi 6-fevraldan boshlanib, yigirma kun mobaynida takliflarni qabul qilinadi.

    — Ushbu jarayonlar dastlab One ID tizimi orqali yoʻlga qoʻyilgan edi, — deydi Iqtisod va moliya vazirligi boʻlim boshligʻi Azim Hasanov. — Soddalashtirish maqsadida fuqarolarimizdan faqat telefon raqamlariga bogʻlangan holda, roʻyxatdan oʻtish tizimini joriy qildik. Bu anonim takliflar yoki sunʼiy tarzda ovozlarning koʻpayib ketishning oldini oladi. Natijada fuqaroda har bir jarayonda bitta taklif kiritish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Qayd etish joiz, saralash bosqichidan oʻtgan barcha takliflarga ovoz berish imkoniyati beriladi. Bunda, har bir taklifning oʻz sahifasida “ovoz berish” tugmasi boʻlib, uni qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlgan fuqarolar ushbu tugmani bosish orqali faqat bir marotaba ovoz berishlari mumkin. Bu jarayon 2 xil usul bilan: “Ochiq byudjet” portalida roʻyxatdan oʻtgan holda hamda SMS xizmati orqali amalga oshiriladi.

    Bundan tashqari, har bir fuqaro bevosita oʻzi istagan manzil, shu bilan birga, umuman boshqa hudud boʻyicha ishtirok etib ham tashabbuskor boʻlishi imkoniyati mavjud. Bu esa maʼlum bir taklif gʻolib deb topilishi uchun aynan oʻsha manzilda istiqomat qiladigan yoki roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar ishtirok etishi lozim degan cheklovni rad etadi. Ammo bir fuqaro faqatgina bitta loyihani qoʻllab-quvvatlay oladi.

    Har bir tuman yoki shaharning oʻzida eng koʻp ovoz toʻplagan takliflar miqdoridan kelib chiqqan holda “gʻolib” aniqlanadi. Oddiy qilib aytganda, takliflarga qanchalik koʻp ovoz toʻplansa, yutish imkoniyati ortadi va eng koʻp ovoz olganlari yuqoridan pastga qarab saralab olinadi.

    Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra, “Ochiq byudjet” axborot portali avtomatik ravishda har bir hudud boʻyicha eng koʻp ovoz toʻplagan takliflar asosida “gʻolib”larni aniqlaydi va muallifining shaxsiy kabineti orqali hamda mobil telefon raqamiga bu xaqda xabar yuboriladi.

    Orttirilgan tajriba, amaliy ishlar va ayrim muammolar

    Maʼlumki, anʼanaviy byudjet davlat organlari, hukumat tomonidan tayyorlanadi va Oliy Majlis, mahalliy byudjetlar mahalliy davlat organlari tomonidan tayyorlanib, tuman va shahar miqyosidagi deputatlar tomonidan tasdiqlanadi.

    Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, bu byudjet koʻpincha mahalla, pastki darajada aholini qiynab kelayotgan masalalarni qamrab olmaydi. Mahalliy byudjetlarda maʼlum mablagʻlar koʻzda tutilsa-da, bu mablagʻgʻlar shu hududdagi aholi fikrlari asosida shakllantirilishi kerak degan xulosaga kelindi.

    Oʻzbekistonda tashabbusli byudjetlashtirish jarayoni 2019-yildan tatbiq etilmoqda. Bu byudjet mablagʻlarini taqsimlashda fuqarolarning ishtirok etish mexanizmi tuman (shahar) byudjetlaridagi qoʻshimcha daromadning bir qismini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltirishni koʻzda tutadi.

    Deylik, mahalliy byudjetlar daromadlarining ortiqcha bajarilgan qismini byudjetdan 10 milliard soʻm koʻzda tutilgan boʻlsa, 1 milliard soʻm ortiqcha daromad qiladigan boʻlsa,uni aholining takliflari asosida shakllantirish gʻoyasi paydo boʻldi. Biroq, daromaddan oshirilgan mablagʻlar unchalik katta emas edi. Shu bois 2019-2020-yillar davomida “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida aholi tomonidan jami 230 mingga yaqin taklif bildirilib, ovoz berish natijaalariga koʻra, 245,1 milliard soʻm mablagʻlar joylardagi muammolarni hal qilish uchun yoʻnaltirildi.

    Prezidentimizning davlat byudjetining shakllanishi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish hamda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida 2021-yil 13-aprelda ”Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilindi. Unga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirish haqidagi takliflar maʼqullandi.

    Fuqarolarning byudjetni shakllantirish jarayonlarini nafaqat nazorat qilishi, balki byudjet mablagʻlarini shakllantirish jarayonidan boshlab ularni sarflashda qatnashishi uchun ham imkoniyat yaratildi. Mazkur mehanizmni yanada samarali ishlashini yoʻlga qoʻyish maqsadida 2021-yil iyul oyi boshida Iqtisodiyot va moliya vazirligi yangilangan “Ochiq byudjet” portalini (openbudget.uz) ishga tushirdi. Unda davlat byudjeti, davlat qarzi haqida maʼlumot eʼlon qilib kelinyapti va “Tashabbusli byudjet” boʻlimi yaratildi.

    Bu boʻlim orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yoʻllarni qurish, maktablarni taʼmirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar boʻyicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkin boʻldi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Noila Ibragimovaning tahlillariga koʻra, 2021-yilda tashabbusli byudjetlashtirish loyihasi boʻyicha 1600 dan ortiq loyihani moliyalashtirish uchun 407,1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi. Fuqarolardan eng koʻp taklif ichki yoʻllarni taʼmirlash (408), taʼlim muassasalari (367), ichimlik suvi taʼminoti, kanalizatsiya va sugʻorish tizimlarini qurish (131), koʻchalarni yoritish (115) boʻyicha kelib tushdi.

    2022-yilning fevral-mart oylarida fuqarolarning tashabbusli byudjet platformasidagi faol ishtiroki jarayonida 69,7 mingdan ortiq taklif olindi. Ularning katta qismi ichki yoʻllarni taʼmirlash yoki qurish — 17,2 ming (barcha tashabbuslarning 25 foizi), maktablar — 10,1 ming (15 foiz), maktabgacha taʼlim muassasalari — 4,4 ming (6 foiz) doir boʻldi. Fuqarolar, shuningdek, yoritish tizimlarini taʼmirlash yoki oʻrnatish, ichimlik suvi bilan taʼminlash, bolalar maydonchalari, mahalla binolarini taʼmirlash, gaz va elektr taʼminoti hamda boshqa masalalarda oʻz takliflarini bildirdi.

    2022-yilning birinchi yarmi uchun ovoz berish natijalariga koʻra, 2022-yilning 1-apreligacha bir oy mobaynida 6,7 million hamyurtimiz tashabbusli byudjetning 40,2 mingta loyihasi boʻyicha ovoz berdi.. Pirovardida 2215 ta loyihaga eng koʻp ovoz oldi. Ularni moliyalashtirish uchun birinchi bosqichda 1,11 trillion soʻm mablagʻ ajratildi..

    2022-yil iyul — sentyabr oylari davomida oʻtkazilgan ikkinchi mavsum yakunlarining dastlabki natijalariga koʻra, 1 418 ta loyiha gʻolib deb topilgan va ularni amalga oshirish uchun tuman va shahar byudjeti mablagʻlari hisobidan 1 trillion soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan edi.

    Respublika byudjetidan ajratilgan qoʻshimcha mablagʻlar doirasida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan takliflarning 110 tasi umumtaʼlim maktablarini joriy taʼmirlash va jihozlash, 113 tasi mahallalarda ichki yoʻllarni taʼmirlash, 16 ta maktabgacha taʼlim muassasalarini taʼmirlash va jihozlash, 49 tasi sogʻliqni saqlash tashkilotlarini taʼmirlash va jihozlash kabi loyihalar qoʻshimcha ravishda moliyalashtirildi.

    Natijada 2-mavsum uchun ajratilgan jami mablagʻlar miqdori 1,3 trillion soʻmni, uning doirasida gʻolib deb topilgan loyihalar soni 1 782 tani tashkil etdi.

    Yurtdoshlarimizning mazkur jarayondagi ishtiroki ham tobora faollashib boryapti. Agar oʻtgan yili ijtimoiy loyihalarga 1 milliondan ortiq ovoz berilgan boʻlsa, uning joriy yilda oʻtkazilgan dastlabki mavsumida ushbu koʻrsatkich besh barobarga ortdi, yaʼni ovozlar soni 6 million 700 mingdan ziyod boʻldi.

    Ikkinchi mavsumda bu loyihada 9 ming 201 ta (98 foiz) mahalla ishtirok etdi. Jarayonda 7,8 milliondan ortiq ovozlar berildi. Shundan 4,3 million ovoz toʻplagan 1418 ta loyiha gʻolib boʻldi. Ular uchun jami 1 trillion soʻm mablagʻ oʻtkazib berildi.

    Eng muhim jihati, ovoz berish jarayonida mamlakatimizda yashovchi jami aholining 22 foizi ishtirok etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich Fargʻona viloyatida 33 foiz, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Sirdaryo, Namangan viloyatlarida 25-26 foiz atrofida boʻldi.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti departamenti bosh iqtisodchisi Habibullo Hamidovning qayd etishicha, “Tashabbusli byudjet” jarayoni bugungi kunda davlat va jamiyat oʻrtasida “raqamli koʻprik” vazifasini oʻtamoqda, desak hech bir yanglishmagan boʻlamiz.

    — Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda islohotlar jarayoniga xalqni kengroq jalb etish orqali hisobdorlik va shaffoflikni taʼminlashga eʼtibor kuchaydi, — deydi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska. — Mamlakatingizda 2021-yili “Tashabbusli byudjet”ni muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgani va hozirda bu jarayon keng koʻlamli davlat moliya tizimiga joriy etilayotgani muhim hisoblanadi. Bu odamlarga ishonch va ularning ehtiyojiga eʼtibor ramzi.

    Iqtisodiyot fanlari doktori Nodirbek Rasulovning taʼkidlashicha, birinchidan,byudjet ochiqligi” bu — byudjetga oid maʼlumotlarning keng jamoatchilikka shaffofligini taʼminlaydi. Ikkinchidan, byudjet mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi. Uchinchidan,Tashabbusli byudjet” loyihasi orqali fuqarolarimizni davlat byudjeti mablagʻlarini maqsadli sarflanishida faol ishtirok etishlariga imkoniyat yaratadi. Toʻrtinchidan, byudjet hisobidan qilinayotgan xarajatlar toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni domimy ravishda aholiga rasmiy veb saytlar orqali maʼlumot sifatida berib borishi ochiqlik siyosatini taʼminlaydi.

    Biroq, mazkur tizim mamlakatimizda yangi joriy etilayotganligi sababli ayrim kamchiliklardan ham xoli boʻlmayotganligini ham taʼkidlab oʻtish joiz. Oliy Majlis Senatida oʻtgan yil 25-noyabr kuni boʻlib oʻtgan Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisida ham “Tashabbusli byudjet”jarayonlarini amalga oshirishda ayrim muammo va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligiga qayd etildi.

    Xususan, hududlarda Byudjet kodeksi talablariga toʻliq amal qilinmay, jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga tuman (shahar) byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 30 foizini yoʻnaltirishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan. “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining ikkinchi mavsumi doirasida respublika boʻyicha 162 ta mahallada yashovchi fuqarolardan loyihalar taklif etilmagan. Jumladan, Samarqand shahrida 95 ta mahalla, Andijon va Toshkent viloyatlarida 22 tadan mahalla, Qoraqalpogʻistonda 18 ta hamda Sirdaryo viloyatida 5 ta mahalla mazkur jarayonda ishtirok etmagan.

    Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar maqsadli foydalanilishi yuzasidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari natijasida 257 ta loyiha boʻyicha 5,6 milliard soʻmlik qonun buzilishi holatlari aniqlangan. Natijada Bosh prokuratura tomonidan “Tashabbusli byudjet” jarayonida qonun buzilishiga yoʻl qoʻygan 255 nafar shaxs intizomiy, 15 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, qoʻpol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 5 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Jahon amaliyotiga nazar tashlaganda...

    Tadqiqotchilarning fikricha, soʻnggi oʻn yilliklarda jahon amaliyotida ham tashabbusli byudjetlashtirishga qiziqish sezilarli darajada oshdi. Mamlakatlarda qoʻllanilayotgan tashabbusli byudjetlashtirishning asosiy turlariga quyidagilar kiradi:

    – partisipator (ishtirokchi) byudjetlashtirish (participatory budgeting),yoki “Portu-Alegri modeli” (Braziliya, tashabbusli byudjetlashtirish tarixidagi birinchi yirik tajriba, 1989-yil);

    – Ijtimoiy investitsiya fondlari (Social investment Fund, SIF), ularda moliyaviy loyihalar tanlov asosida taqsimlanadi;

    – Mahalliy jamoalarning kuchi yordamida amalga oshiriladigan taraqqiyot loyihalari (Community Driven Development, CDD) obyektiv mezonlar boʻyicha donorlar (Jahon banki, BMT agentliklari) tomonidan taqsimlanadi; hamjamiyat (Community Led Local Development, CLLD) boshqaruvi ostidagi mahalliy taraqqiyot loyihalari;

    – Yevropa Ittifoqi agentliklari va aralash amaliyotlar (misoluchun Qishloq taraqqiyoti loyihasi).

    — “Tashabbusli byudjet” loyihalari butun dunyo boʻyicha keng tarqalgan. Braziliya (Portu-Alegri)da amalga oshirilgan loyiha dastlabki tajribalardan biri boʻlgan, — deydi Noila Ibragimova — Shundan soʻng bu amaliyot Lotin Amerikasi, Osiyo, Afrika, Shimoliy Amerikada qoʻllanila boshlandi. 2005-yilga kelib, u dunyoning 40 dan ortiq mamlakatiga tarqaldi.

    Yevropada partisipator byudjetlashtirish 2001-yilda Italiya, Ispaniya va Fransiyadagi mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish organlari tomonidan tatbiq etildi. Lissabon (2008-yil) shahar miqyosida elektron ovoz berish asosida partisipator byudjetlashtirish mexanizmi tatbiq etilgan birinchi poytaxt boʻldi. 2019-yilda esa barqaror taraqqiyotni moliyalashtirishtirish uchun “yashil” partisipator byudjetlashtirish joriy etildi.

    AQSHda tashabbusli byudjetlashtirishning byudjet ochiqligi siyosatiga toʻliq integratsiyalashuvi 2013-2015-yillarda roʻy berdi. (Tajriba 2009-yilda Chikagoda, 2011-yilda esa Nyu-Yorkda boshlandi).

    Bu boradagi ishlar Xitoy, qolaversa, dunyodagi eng katta tajriba Chendu shahrida amalga oshirildi. Bunda infratuzilmalar, shuningdek, qishloq xoʻjaligi, biznes va madaniyatni rivojlantirish boʻyicha 50 mingta loyiha qabul qilindi.

    Filippinda aholi yoʻl infratuzilmalarini qurish boʻyicha ijtimoiy loyihalarni boshqarishda ishtirok eta boshladi va hisobotlardagi nomuvofiqliklarni aniqladi hamda shu tariqa loyiha uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi taʼminlandi.

    Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, tashabbusli byudjetlashtirish hukumat faoliyatining muhim yoʻnalishi ekanligi va davlatning markaziy hamda hududiy darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari tarkibiga kiritilganini alohida eʼtirof etish lozim.

    Muhim qaror va yangi koʻlamlar

    —Hayotning oʻzi “Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada kengaytirishni kun tartibiga qoʻymoqda, — deydi Azim Hasanov. — Chunki, bu tizim orqali hozirgi paytda aholining eng dolzarb muammolarini oʻrganishga yordam beradigan “ochiq maʼlumotlar bazasi” shakllanmoqda. Binobarin, uch mavsum davomida aynan mahallalardagi muammolarga doir 100 mingdan ortiq takliflar bildirildi.

    Prezidentimiz tomonidan oʻtgan yil 24-oktyabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etib kelayotgan keng jamoatchilikni yanada ragʻbatlantirish, hududlardagi dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish hamda fuqarolarning ushbu jarayonlarda faolligini oshirishni koʻzda tutadi.

    Qarorga muvofiq, “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2022-yil 2-mavsumi doirasida fuqarolarni faol ishtirokini inobatga olgan holda gʻolib deb topilgan loyihalarga qoʻshimcha ravishda har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 364 ta taklifni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 335 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.

    Yana bir yangilik shundaki, endilikda loyihalar mahallabay tarzda shakllantiriladi. Qarorga koʻra, 2023-yildan boshlab “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida moliyalashtiriladigan tadbirlar jamoatchilik fikri asosida “Ochiq byudjet” axborot portali orqali ovoz berish yoʻli bilan aniqlanishi nazarda tutilgan. Bu jarayonda aholi tomonidan amalga oshirilishi taklif etilayotgan tadbirlar har bir mahalla boʻyicha bitta loyiha paketi shaklida ovozga qoʻyiladi.

    Shu masadda loyihalar paketi uchun ajratiladigan mablagʻlar cheklangan miqdorini 8 milliard soʻm etib belgilash, dasturlarni moliyalashtirish uchun har yili Davlat byudjetidan kamida 4 trillion soʻm yoʻnaltirishi moʻljallangan.

    “Tashabbusli byudjet” jarayonini moliyalashtirish koʻlami yanada ortadi. Yaʼni, kelgusi yildan boshlab har bir tuman va shaharda 6 milliard soʻmdan kam boʻlmagan mablagʻlar ajratilishi hisobiga mazkur jarayonlar uchun 2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻllanishi kutilmoqda. Buning natijasida, 53 ta tuman va shaharda (tasdiqlanadigan byudjetlari miqdori kam boʻlishiga qaramay) ular uchun ham 6 milliard soʻmdan mablagʻ yoʻnaltiriladi. Misol uchun, Gʻazgʻon shahrida 2022-yilda 900 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, 2023-yildan boshlab mazkur hududga 6 milliard soʻm mablagʻ beriladi.

    Viloyat byudjetlari qoʻshimcha manbalarining 30 foizi ham endilikda tashabbusli byudjet jarayoniga yoʻnaltiriladi. Joylarda fuqarolarni qiynab kelayotgan dolzarb muammolarni hal etilishi koʻlamini kengaytirish maqsadida 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetining qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi ham fuqarolar fikri asosida shakllantirilgan loyihalarni moliyalashtirishga ajratilishi belgilanmoqda.

    Vazirlar Mahkamasininig 2022-yil 2-fevraldagi “Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida joriy yildan boshlab tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllar taʼmirlanadi. Bu tizmi “Tashabbusli byudjet” jarayonlaridan farqli ravishda har yili bir marotaba oʻtkaziladi.

    “Mening yoʻlim” loyihasi uchun ham mablagʻlar midori oshiriladi. Agar oʻtgan yilda bu masadlar uchun 271 milliard 71 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlsa, ushbu miqdor ham ikki karra koʻpayadi.

    Alqissa, ana shunday keng koʻlam va katta mablagʻlar asosida 2023-yilgi “Tashabbusli byudjet” jarayonining birinchi mavsumiga start berildi. Bu mavsum ham odamlarga eʼtibor va ehtiyoj ramzi sifatida koʻplab dolzarb muammolarning joylarning oʻzida hal etilishiga kamarbasta boʻladi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi