Oʻzbekistonliklar asosan oʻz oilasi bilan sayohat qilishni afzal koʻradi

    Turizm 30 Aprel 2023 1256

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari Oʻzbekistonda ichki turizmning rivojlanishini oʻrganib chiqdi: respondentlarning 66,6 foizi sanitariya-gigiyena xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yetarli emas, deb baholadi.

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari Oʻzbekistonda ichki turizmning rivojlanishini oʻrganib chiqdi: respondentlarning 66,6 foizi sanitariya-gigiyena xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yetarli emas, deb baholadi.

    Oʻzbekistonda ichki turizmning rivojlanishi bilan bogʻliq holatni oʻrganish maqsadida joriy yilning mart-aprel oylarida onlayn tartibda soʻrov oʻtkazildi va unda 1032 kishi ishtirok etdi. Ularning 46,7 foizini ayollar va 53,3 foizi erkaklar tashkil etdi. Soʻrovda ichki turizmning rivojlanishi 20 ta savolni ichiga olgan anketa usuli yordamida baholandi.

    Onlayn soʻrov natijalariga koʻra, mamlakatimizda ichki turizmning quyidagi xususiyatlari aniqlandi:

    - sayohatlar chastotasi boʻyicha respondentlarning 1/2 qismi (58,5 foiz) yiliga kamida bir marotaba ichki sayohatga chiqadi (shu jumladan 33,5 foizi yiliga bir marotaba, 16,6 foizi 3 oyda bir marotaba, 8,3 foizi oyiga bir marotaba). Shu bilan birga, respondentlarning 32,3 foizi sayohat qilish va mamlakatning diqqatga sazovor joylarini koʻrish istagini bildirgan;

    - pul mablagʻlarining yetishmasligi (respondentlarning 24,7 foizi) va boʻsh vaqtning kamligi (27,0 foizi) ichki turizmning rivojlanishi va sayyohlik xizmatlariga talabning ortishiga salbiy taʼsir qiluvchi omillar sifatida qayd etilgan. Agar erkaklarda boʻsh vaqtning yetishmasligi asosan ularning davlat ishida faoliyat yuritayotgani bilan izohlansa, ayollarda boʻsh vaqtning kamligi ularning davlat ishida bandligi va bola parvarish qilayotgani bilan bogʻliq;

    - yosh tarkibi boʻyicha ichki turizm iqtisodiy faol aholi orasida keng tarqalgan; mamlakat boʻylab sayohat qiluvchilarning faol toifasini 26-35 yosh oraligʻidagi fuqarolar tashkil qiladi (respondentlarning 33,4 foizi), 36-55 yosh oraligʻidagilar (33,6 foiz). Sayohat qilishni xohlovchilar orasida aynan shu yosh guruhi yetakchi sifatida qayd etilgan (mos ravishda 37,5 foiz va 33,9 foiz);

    - oʻzbekistonliklar asosan oʻz oilasi (soʻrovda qatnashganlarning 51,5 foizi), doʻstlari (26,0 foizi) bilan sayohat qilishni afzal koʻradi. Bu esa aholi mentaliteti va oila institutining jamiyatdagi ahamiyati bilan bogʻliq;

    - ziyorat turizmi (53,7 foiz), togʻ kurort turizmi (52,7 foiz), madaniy-maʼrifiy turizm (36,4 foiz), sogʻlomlashtirish turizmi (35,8 foiz) va sohil turizmi (35,4 foiz) soʻrovda qatnashganlar orasida eng jozibador turizm turlari sifatida eʼtirof etilgan. Shu bilan birga, yoshlar (35 yoshgacha) oʻrtasida ekstremal sport, festival turizmi hamda agroturizmga qiziqish ortib bormoqda.

    Aholi turizm sohasining infratuzilma qismiga qanday baho beradi?

    1. Mamlakat boʻylab turistik safarlarda aholi turoperatorlar va sayyohlik agentliklari xizmatidan foydalanmagan holda mustaqil ravishda sayohat qilish afzal biladi. Shunday qilib, respondentlarning 52,6 foizi mustaqil sayohat qilishini bildirgan.

    2. Axborot taʼminoti ichki turizmni rivojlantirishning muhim vositasiga aylanmoqda. Yiliga kamida bir marotaba sayohat qiluvchi respondentlarning 67,7 foizi dam olish joyini tanlashda tanishlari, doʻstlari va qarindoshlarining, 50,0 foizi ijtimoiy tarmoqlarning, 31,0 foizi maxsus saytlarning tavsiyalariga asoslanishini aytgan.

    Aholining Oʻzbekiston boʻylab sayohatdan qoniqishini baholash muammolarni hal etuvchi omillarni guruhlash imkonini berdi. Bunda muammolarni hal etishning muhimlik darajasi eʼtiborga olindi.

    1. Nisbatan dolzarb omillarning birinchi guruhiga yoʻllar sifati, mehmonxona va transport narxi, suv taʼminoti va kanalizatsiyadan foydalanish kiradi.

    2. Omillarning ikkinchi guruhiga qanoatlanmaslik darajasi oʻrtacha boʻlgan turistik xaritalar va maʼlumotlarning kamligi, transport topish, umumiy ovqatlanish joylarida gigiyena va sanitariya qoidalariga qatʼiy rioya qilinmasligi, elektr energiyasidan foydalanish kiradi.

    3. Soʻrov natijalari diqqatga sazovor joylar haqida internetdagi maʼlumotlar, mehmonxona xizmati, mehmonxonalarni qidirish va ovqatlanish joylarini topishga oid maʼlumotlar sayohatchilarni nisbatan qoniqtirishini koʻrsatdi va ular omillarning uchinchi guruhiga kirdi.