Oʻzimiz guvoh boʻlganimizdek, oliygohlarning taʼlim berish faoliyati yanada takomillashtirilib, xalqimizning asrlar davomida shakllangan ilm sari intilish fazilati yana bir bor namoyon boʻlmoqda. Kelajak avlod vakillarini sogʻlom va farovon turmush kechirishi, egallagan kasbi boʻyicha doimiy ish oʻrniga ega boʻlishi yoʻlida barcha imkoniyatlar ishga solinyapti.

Qarshi davlat universitetimamlakatimizning eng nufuzli oliygohlaridan biri hisoblanadi. Oliygoh tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, dastlab 1945-yil 1-sentyabrda Pedagogika va oʻqituvchilar instituti filiali maqomida tashkil etilgan. Oradan toʻrt yil oʻtib, yaʼni 1949-yilda ikki yillik oʻqituvchilar tayyorlash institutiga aylantirilgan. 1956-yilga kelib Qarshi davlat pedagogika instituti sifatida faoliyatini davom ettirgan. Mustaqillikning dastlabki yillari, aniqrogʻi 1992-yilda universitet maqomi berildi. Mamlakatimizning janubiy mintaqasiga xos oʻzining boy tarixiga ega universitetda bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi va bevosita rahbarligida tizimda yuqori natijalar qoʻlga kiritilmoqda.

Qarshi davlat universiteti keyingi yillarda ochiqlik sharoitida, jahondagi bir necha nufuzli universitetlar bilan yaqin hamkorlik olib borayotgani ushbu oliy taʼlim muassasi oʻqituvchilarining bilim va tajribasiortishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Mazkur faoliyat mamlakatimiz iqtisodiy hayotidagi jadal yangilanish hamda oʻzgarishlar sharoitida taʼlim va fanni innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan holda rivojlantirish maqsadlariga toʻla mos keladi.

Ayni paytda yurtimizda oliy taʼlim sohasida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar roʻyobga chiqmoqda. Bilim olish maskanlarining qiyofasi oʻzgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanayapti. Ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kuchaytirilgan. Jumladan, professor-oʻqituvchilarning oylik maoshlari ham ortayapti. Innovatsiya yoʻnalishidagi alohida davlat tuzilmalari tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarida ham yangi boʻlinmalar ochilmoqda. Bularning barchasi oliy taʼlimga boʻlgan yondashuvni oʻzgartirib, uning sifati hamda darajasini koʻtarishga xizmat qilishi aniq.

Qarshi davlat universiteti asosan pedagog kadrlarni tayyorlash bilan shugʻullanib kelgan boʻlsa, keyinchalik qoʻshimcha yoʻnalishlar ochilib, taʼlim shakli yanada kengaytirildi. Xususan, 2019–2020 oʻquv yilida bu yerda 7 ta fakultet hamda 28 ta kafedra mavjud boʻlgan boʻlsa, bugungi kunga kelib 14 ta fakultet va 43 ta kafedra faoliyat olib bormoqda.

Ayni damda oliygohimizda 24 mingga yaqin talaba tahsil oladi.Soʻnggi uch yilda kontingent 3,7-martaga oshdi. Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 12-noyabrdagi farmoniga asosan tibbiyot fakulteti ham tashkil etildi. Albatta, koʻp sonli talabalarning taʼlim olishi bizdan katta masʼuliyat talab etadi. Shu bois, eng avvalo, sifatli taʼlim berish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalda namoyon etish uchun doimiy ravishda harakat olib boryapmiz. Xususan, Prezidentimizning taʼlim samaradorligini oshirish borasida bergan koʻrsatmalari ijrosini taʼminlash borasida ham bir qator ishlar amalda bajarildi.

Oʻtgan bir yil universitetimiz ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion sohada qator yangilanishlar, yuqori darajadagi yutuqlarga erishish hamda xorijning eng ilgʻor tajribalarini oʻrganish, ularni milliy tajribalarga singdirgan holda fan va taʼlim sohasiga tatbiq etish davri boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. 2021-yilda innovatsion sohada faoliyat samaradorligini oshirish uchun kafedralar kesimida tarmoqlar jadvali shakllantirildi. Bugun ushbu jadvalga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2021-yil boshidan hozirga qadar 66 ta dissertatsiya himoya qilinib, 38 ta ilmiy unvon olindi. Natijada universitetimiz ilmiy salohiyati 28,2 foizdan 35,5 foizga koʻtarildi. Shuningdek, 19 ta darslik, 76 ta oʻquv qoʻllanma, 65 ta monografiya nashr etildi. Shuningdek, doimiy ravishda xalqaro hamda respublika miqyosida ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etilmoqda.

Moliyaviy mustaqillik nima berdi?

Maʼlumki, 2021-yil 24-dekabrda davlatimiz rahbari tomonidan taʼlim tizimiga tub ijobiy oʻzgarishlar olib keladigan oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy, akademik va tashkiliy boshqaruvda mustaqillik berish borasidagi 2 ta muhim hujjat, yaʼni “Davlat oliy taʼlim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” hamda “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari eʼlon qilingandi. Ushbu qarorlarga asosan bir qator oliygohlar qatori Qarshi davlat universitetiga ham moliyaviy mustaqillik berildi. Bu esa oliygoh uchun yanada imkoniyatlarni oshirishga, bir qator qulayliklarni yaratishga zamin hozirladi.

Universitetimizga moliyaviy mustaqillik berilishi professor-oʻqituvchilar va talabalarga ham katta qoʻlaylikyaratdi. Jumladan, oliy taʼlim rahbariyati tomonidan taʼlimni optimallashtirish orqali sifat darajasini oshirish, oʻqituvchi va talabalardan oʻquv yuklamasini kamaytirish orqali fanlarni yaxshi oʻzlashtirishga yoʻl ochildi.

Shu bilan birga, taʼlim muassasamiz va uning tuzilmasidagi taʼlim muassasalari uchun oʻz grafigimiz asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, taʼlim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash va joriy etish, tashkiliy–boshqaruvdagi mustaqillik sohasida ham yangiliklar amalga oshirilmoqda. Xususan, faoliyatning asosiy yoʻnalishi taʼlim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bogʻliq masalalar borasida ham bir qator imkoniyatlar berildi.

Albatta, bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, taʼlim samaradorligini oshirish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Yaʼni mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchi hamda mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish borasida amaliy harakatlar boshlangan. Shuningdek, iqtidorli talabalarni ragʻbatlantirish maqsadida turli yoʻnalishlarda stipendiya va grantlar ajratilyapti. Xorijiy davlatlardan oʻquv va ilmiy adabiyotlar, darsliklar hamda oʻquv qoʻllanmalar toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilinayotgani ham taʼlim sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Xalqaro hamkorlik

Universitetda xalqaro aloqlarni mustahkamlash, doimiy ravishda chet el investitsiyalarini kiritish, xalqaro reytingga kirish ishlarini rivojlantirishda ham oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda. Bu yoʻnalishda oliygohimizJanubiy Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi — KOICA bilan bir qancha loyihalarni ishga tushirdi. Xususan, oʻtgan 2022-yilda loyiha doirasida masofaviy mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Koreya texnologiyasi asosida maktabgacha taʼlim samaradorligini oshirish loyihasi doirasida pedagoglarni tayyorlash kurslari tashkil etilgan. Ushbu loyihalar davomida bir qator oʻqituvchilar faol ishtirok etib, ragʻbatlantirilayotgani bejiz emas.

Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi hamda “Alliance Francaise” tashkiloti bilan hamkorlikda ham tanlovlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Bu kabi tanlovlarda faol ishtirok etgan universitetimizning fransuz tili oʻqituvchisi A.Zoirova Fransiya davlatidagi til markazida ikki hafta oʻquv-tajriba almashib qaytdi.

Hozirdauniversiyettimiz beshta xorijiy davlatning oltmishdan ortiq oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.Buning natijasida talabalarimiz xalqaro grantlar, tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib kelyapti. Bundan tashqari taʼlim xizmati eksporti ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, oʻtgan oʻquv yilida turkmanistonlik 27 nafar talaba oʻqishni tamomlagan boʻlsa, yangi oʻquv yilida ham Rossiya, Tojikiston hamda Turkmaniston davlatlaridan jami 18 nafar fuqaro talabalikka qabul qilindi. Shu bilan birga, qoʻshma taʼlim dasturlari doirasida Xalqaro taʼlim dasturlari fakulteti ham ochildi.Bunda Rossiyaning Belgorod davlat milliy dadqiqot universiteti, Moskva davlat Lingvistika universiteti, Privoljsk tibbiyot tadqiqotlar universiteti kabi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda oltita bakalavr taʼlim yoʻnalishlari va 4 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi.Ularda jami 210 nafar talaba taʼlim olmoqda.

Oliygohning xalqaro darajada erishayotgan natijalari doimiy ravishda yangilanib borilayotgani keyingi paytda mutaxassislar tomonidan koʻp bora eʼtirof etilmoqda. Bunga yetarlicha asos bor, albatta. Xususan, 2022-yil yakulari boʻyicha UI GreenMetrik World University Ranking xalqaro reyting agentligi oʻz natijalarini eʼlon qildi. Dunyoning 100 dan ortiq davlatlarining oliygohlari ichida Qarshi davlat universiteti 2710 ball bilan TOP-1000 talikda qayd etildi.

Maʼlumki, bu reyting “Universitas Indonetsia” tomonidan boshlangan yashil kampus va ekologik barqarorlik reytinggi boʻlib,UI GreenMetrik World University Ranking 6 mezon boʻyicha 39 koʻrsatkich, yaʼni sozlash va infratuzilma, energiya va iqlim oʻzgarishi, chiqindilar, suv, transport va taʼlim orqali universitetlarning ekologik majburiyatlari va tashabbuslari boʻyicha reytinglarini aniqlaydi.

Qamrov yanada ortdi

2020-yilda universitetda mavjud talabalarga moʻljallangan 7 ta turarjoy imkoniyati 1057 oʻringa teng boʻlib, ular umumiy ehtiyojning atigi 33 foizini taʼminlagan. Soʻnggi 2 yilda esa talaba-yoshlarga munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng koʻlamli qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. 2021-yilning oʻzida talabalar turarjoyidagi mavjud yashash xonalari yangidan jihozlandi. Shuningdek, qoʻshimcha yana ikkita bino barpo etilib, talabalar ixtiyoriga topshirilishi hisobiga umumiy ehtiyojning qamrovi 83 foizga yetkazildi. Bu koʻrsatkich 2022-yilga kelib yanada yuqoriladi. Yaʼni universitet hududida loyiha qiymati 18 milliard soʻmlik 600 oʻrinli, barcha qulayliklarga ega, zamonaviy talabalar turarjoyi foydalanishga topshirilishi natijasida yoshlarni yotoqxonaga qamrab olish 90 foizdan ortdi.

Oliygohimizda ijarada turuvchi yoshlarning ham shart-sharoitlari muntazam oʻrganilyapti. Buning uchun manzilli tizim joriy etilgan. Shuningdekelektron platformasi tashkil etilib, xonadonlarga ijara shartnomasi orqali talabalar joylashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan toʻlanadigan ijara toʻlovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ijara shartnomasi tuzgan talabalar hujjatlari oʻrganilib, tegishli tartibda belgilangan mablagʻlar oʻz vaqtida toʻlab berilmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash borasida ham tegishli tartibda mablagʻlar ajratib kelinmoqda. Oʻtgan 2022-yil davomida shu maqsadda jami 1,7 milliard soʻm miqdorida ragʻbatlantirish ishlariga yoʻnaltirildi.

Eʼtirof va samara

2022-yil universitet talabalari uchun yuqori natijalarga boy boʻldi. Ayniqsa, sport sohasida qoʻlga kiritilgan yutuqlarning salmogʻi ancha yuqori. Xususan, bokschi talabamiz Azizbek Tojiyev Osiyo chempionatida shohsupaning birinchi pogʻonasini egallab, yil yakunida “Xalqaro toifadagi sport ustasi” unvoniga munosib koʻrildi. Oliya Hamidova kurash boʻyicha oʻtkazilgan navbatdagi jahon chempionatida oʻz vazni boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Yana bir talabamiz – Filura Ergashova Osiyo chempionatida gʻoliblikka erishib, “Yilning ayol kurashchisi” nominatsiyasiga ega chiqdi. Otabek Jabborov armrestling boʻyicha Osiyoda tengsiz ekanligini namoyon etdi. Zabarjad Qahharova esa “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan boʻlsa, Ismigul Samadova talabalar oʻrtasida “Eng yaxshi kitobxon” respublika tanlovi gʻolibi boʻldi.

Talabalarimiz uchun quvonarli yutuqlardan biri 2022-yil 13–17-dekabr kunlari qoʻlga kiritildi. Respublika oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida ilk bor tashkil etilgan Intellektual olimpiadasida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, Prezident sovrini bilan taqdirlandi. Buning evaziga oliygohimizga zamonaviy kutubxona qurib beriladigan boʻldi. Bundan tashqari Intellektual olimpiada gʻolib va sovrindorlari boʻlgan talabalar chet elda malaka oshirish, stajirovka oʻtash va magistratura va PhD dasturlari boʻyicha taʼlim olish imkoniyati berildi. Shu bilan birga, davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oʻz mutaxassisligi boʻyicha gʻolib va sovrindorlarni kadrlar zaxirasiga oladigan boʻldi.

Albatta, yangi Oʻzbekistonning baxtiyor yoshlari bugungi yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritmoqda. Bu esa yurtimizda taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarning yuzaga chiqayotgani samarasining bir koʻrinishi xolos. Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin. Zero, oliygohda taʼlim sifati ortib, yoshlar uchun qulayliklar yaratilmoqda.

Bugun Qashqadaryo viloyatida jami 6 ta davlat oliy taʼlim muassasi faoliyat olib boradi. Ularda jami 52 ming nafardan ortiq talaba 148 bakalavriat yoʻnalishi va 85 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha tahsil olmoqda. Viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini taʼminlash maqsadida oʻquv jarayonida kredit-modul tizimi joriy etilgan.

Keyingi yillarda tizimga nodavlat va xususiy sektor, shuningdek, koʻplab xorijiy oliy oʻquv yurtlari kirib keladi. Bu esa ijobiy natija berishi shubhasiz. Birinchi navbatda, oliy taʼlimning qamrovi kengaysa, ikkinchidan, davlat va nodavlat taʼlim muassasalari oʻrtasida ijobiy maʼnodagi oʻzaro raqobatni taʼminlaydi. Bu borada vohada ham sezilarli ishlar qisqa fursatlarda koʻzga tashlanishi shubhasiz.

Dilmurod NABIYEV,

Qarshi davlat universiteti rektori