Referendumga taklifnoma keldi, ovoz berishga oʻzimiz chiqamiz!

    Ijtimoiy hayot 28 Aprel 2023 2634

    - Ha, onasi, yoʻl boʻlsin, yasan-tusan qilib qayoqqa, toʻy bormi? - Toʻydan ham muhim ish bor. Referendumga ketyapman. Men ham biiir ovozimni berib kelay...

    Bu xalqona dialog targʻibot uchun moʻljallangan ijtimoiy videorolikdan bir parcha. Mana, bir yarim oydan buyon 30-aprel kuni boʻladigan Referendumga bagʻishlangan targʻibot-tashviqot tadbirlari qizgʻin va koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.

    Kuni kecha poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida oʻtkazilgan ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yalpi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev alohida taʼkidlaganidek: “Hech shubhasiz, yangi Konstitutsiya – biz boshlagan islohotlarni izchil davom ettirib, eng muhimi, ularga ortga qaytmaydigan tus berishi muqarrar”. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 9-moddasida “Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumxalq muhokamasiga - referendumga qoʻyiladi”, deya belgilangan.

    Shiddatli zamon zayli va tezkor davr talablariga, odamlarning qiziqish va istaklariga binoan, targʻibotning turli usullaridan samarali foydalanildi, kreativ gʻoyalar qoʻllanildi. Ochigʻi, asosan madaniy tadbirlarga keng urgʻu qaratildi. “Konstitutsiya - seniki, meniki, bizniki, oʻzimizniki!” shiori ostida har kuni viloyatlar va tumanlar markazlaridagi yirik maydonu sahnalar bezatilib, el suygan sanʼatkorlar, mashhur aktyorlar va boshlovchilar ishtirokida konsertlar uyushtirildi.

    Tajribali vazirdan tortib, fidoyi hokimu turli soha rahbarlari, faol yoshlar va ayollar, tadbirkorlar, shifokoru oʻqituvchilar, hatto mohir gulchilar ortda qolgan sinovli yillar saboqlari, hozirgi imkoniyatu imtiyozlar, yaxshi sharoitlar xususida taqqoslash orqali taʼsirchan tarzda soʻzlab berishdi. Maʼnaviyat festivallariga esa nomdor ijodkorlar, olimlar, faxriylar jalb etildiki, qalbi oʻksik, imkoniyati cheklangan kishilar huzuriga borib, koʻnglini koʻtarishdi, qaysidir masalada qiynalayotganlarga koʻmak qoʻlini choʻzishdi. Olis hududlardagi mahalla ahlining kayfiyatini kuzatishdi. Xayriya loyihalari va ezgu rejalar, orzu-umidlar roʻyobga chiqdi.

    Senator va deputatlar, taniqli siyosatchilar, sotsiologlar tashkilot va korxonalardagi mehnat jamoalarida davra suhbatlari, uchrashuvlar tashkillashtirishdi. Ommaviy axborot vositalarida yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi yuzasidan, xususan, qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilgan hamda yangi aks etgan moddalarni hayotiy misollar asosida tahliliy tushuntirishdi, sodda tilda sharhlashdi. Koʻchalardagi afishalarga noanʼanaviy chorlovlar ilindi. Mazkur yangiliklar va jarayonlar tunu kun jurnalist-blogerlar, ijtimoiy tarmoqlar faollarining diqqat markazida turdi. Bahs-munozaralar va hamda eʼtirofli fikrlar tinmadi.

    Ayni kunlarda referendum mavzusi avjida. Fuqarolarning siyosiy xabardorligi, shaxsiy pozitsiyasi ancha oʻsgan. Oshxona, sartaroshxona, chevarxona, savdo doʻkonlari, taʼlim va tibbiyot muassasalari, jamoat transporti, odamlar gavjum manzillarda siyosiy jarayonlar atroflicha muhokamada. Farqli jihatlarini solishtirishmoqda, batafsil oʻrganishmoqda.

    Nihoyat, kutilgan sana ostonadasidamiz. Deyarli barchamizning xonadonlarimizga referendum taklifnomasi kirib borgan boʻlsa kerak. Ha, inson uchun saylash va saylanish, referendumlarda qatnashish ulkan baxt hamda Konstitutsiyaviy huquqdir! Dunyoda bu huquqdan mosuvolar qancha. Shunday ekan, shukronalik va faol fuqarolik, daxldorlik hissi bilan ovoz berishga shay turaylik! Axir ovoz berish huquqiga ega emaslar mavjud. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan; ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar qatorida emasligingiz va uyingizga referendumga chaqiruv qogʻozi yetkazilgani uchun xursand boʻlishingiz darkor.

    Byulletendagi referendumga qoʻyilgan masala - “Siz «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini qabul qilasizmi?» degan savolga “HA” yoki “YOʻQ” soʻzlari roʻparasida, oʻng tarafda joylashgan boʻsh kvadratga ➕yoki ✔️ yoxud ✖️belgisini qoʻying.

    Darvoqe, bejirimgina taklifnoma oldingidan takomillashgan va oʻziga xos eslatma-yoʻriqnoma vazifasini ham bajaradi. Unda “Referendum oʻtkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida 18 yoshga toʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga egadir” hamda “Har bir fuqaro shaxsan oʻzi ovoz beradi, boshqa kishilar uchun ovoz berishga yoʻl qoʻyilmaydi”, deya bitilgan. Shuningdek, ovoz beriladigan uchastka raqami, manzili va uchastka komissiyasi telefon raqami, uchastkani aniqlash uchun QR-kod, Markaziy saylov komissiyasi axborot markazining qisqa telefon raqami (1200), ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari nomi (saylov.uz; @electionsuz; fb.com/uzelections) yozilgan. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi matni, AR axborotnoma bilan tanishish havolalari uchun QR-kodlar keltirilgan.

    Xullas, respublikamiz miqyosidagi Referendumga bepisand va befarq boʻlmaylik. Unutmang, sizning ovozingiz, byulletenga qoldirgan belgingiz koʻp narsani hal etadi va alohida ahamiyatga ega. Rivojlanishga yuz tutgan yurtning qadrli fuqarosi ekansiz, munosabatingizni ham chiroyli bildirish vaqti keldi. Zero, bu mamlakat hayotidagi eng dolzarb siyosiy kampaniyadir. Referendum kuni xalqimizga xos buyuk qadriyatlarimiz – birdamlik, ahillik, hamjihatlik singari yuksak fazilatlarimizni yana bir karra namoyon qilib, bu muhim siyosiy jarayonni uyushqoqlik bilan oʻtkazaylik!

    Endi bir mulohaza yuritaylik. Deylik, yashash hududingizda hurmat qilib sizni toʻyga taklif etish uchun xat tashlab ketishdi, nima qilasiz, borasiz-da, toʻgʻrimi? Axir “Chaqirilgan joydan qolma!” degan gaplar bor xalqimizda. Demak, 30-aprel, yakshanba - dam olish kuni ertalab soat 8.00 dan - 20.00 gacha oʻzingizga qulay vaqtda saylov uchastkangizga chiqishingiz uchun davlatimiz bayramona taraddud koʻrmoqda. Shu kuni Oʻzbekistonning katta siyosiy tadbiri! Qani, marhamat, siz uchun maxsus yozilgan saylov taklifnomasini va pasportingizni roʻparangizga taxt qilib qoʻying. Darvoqe, har kim oʻzi ovoz beradi, jonajon yurtimizning yirik rasmiy toʻyida shaxsan qatnashishga, oila aʼzolaringiz ishtirokini taʼminlashga hozirlaning! Referendum xalq xohish-irodasining ifodasidir. Albatta, xalq manfaatlari koʻzlanadi. Albatta, yorqin istiqbolingiz bugungi qaroringizga, amalga oshirgan tanlovingizga bogʻliq!

    Orifjon JOʻRAYEV,
    Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi