Shu bois, koʼp millatli xalqimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy xohish-irodasi aks etgan, yakuniga yetish arafasida turgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga xorijda ishlayotgan, oʼqiyotgan yoki boshqa sabablar bilan vaqtincha ona yurtidan uzoqda yashayotgan vatandoshlarimiz ham aslo befarq emas. Ular ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan oʼzgartishlar, yangi bob, modda va normalar bilan tanishib chiqdi, deyishga toʼla asoslarimiz bor. Chunki konstitutsiyaviy qonun loyihasi elektron platformalar orqali keng targʼib qilindi. Qolaversa, mamlakatimizning chet eldagi elchixonalari masʼullari tomonidan bir qator targʼibot tadbirlari oʼtkazildi. Bu haqda xorij matbuoti sahifalarida koʼplab maqolalar eʼlon qilindi.
Biz hozir yurtimizdan ancha olisdamiz. Lekin Oʼzbekistonga ruhan yaqinmiz. Bu yerda turib ham oʼz konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanish imkoniga egamiz. Buning uchun davlatimiz chet ellarda ham oʼz fuqarolariga sharoit va imkoniyat yaratib bergan — referendum uchastkalari tashkil etilgan.
Referendum 30 aprelь, yakshanba kuniga belgilandi. Xalqimiz ushbu kundan katta oʼzgarishlar kutmoqda. Jumladan, biz ham. Fursatdan foydalanib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning eʼtiborimni tortgan va yangi maqsadlar sari ruhlantirib yuborgan ayrim jihatlari haqida toʼxtalmoqchiman.
Konstitutsiya mamlakatimizning Bosh qonuni boʼlib, jamiyat sifatida biz qadrlaydigan tamoyillarni oʼzida aks ettiradi. Bizning amaldagi Konstitutsiyamiz 1992 yildan buyon bugunga qadar erishgan barcha yutuqlarimiz asosi boʼldi. Lekin bu bosh hujjat shu kungacha jiddiy oʼzgarishlarga yuz tutmagan edi. Bugungi islohot Oʼzbekiston uchun oʼz siyosiy tizimini modernizatsiya qilish va uni jahon demokratiya standartlariga moslashtirish imkoniyatidir, desak adashmaymiz.
Taʼkidlash joizki, dunyoning hech bir davlatida Konstitutsiya “qatʼiy hujjat” sifatida belgilanmagan. U jamiyatning taraqqiyot yoʼlida oʼzgaruvchan ehtiyojlarini qondirish uchun rivojlanishi, moslashishi mumkin. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, konstitutsiyaviy islohot yangi tushuncha emas.
Koʼpgina rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar konstitutsiyaviy islohotlarni bugungi kungacha davom ettirmoqda. Masalan, 2005-yilda Buyuk Britaniyaning konstitutsiyaviy tizimi isloh qilindi. Xususan, Lordlar palatasining apellyatsiya vakolati bekor boʼldi va Oliy sud tashkil etildi. Pirovardida, sud vakolatlari parlamentdan mustaqil organga oʼtdi. Bu, oʼz navbatida, Buyuk Britaniya konstitutsiyaviy tizimida oshkoralik va javobgarlikni oshirdi.
Oʼzbekistonda Konstitutsiyaning yangi tahriri loyihasini shakllantirish jarayonida 220 mingdan ortiq taklif kelib tushgani haqida bilamiz. Bu raqam esa xalqning mamlakat kelajagini shakllantirishda oʼz fikrini bildirishga boʼlgan aniq intilishini aks ettiradi va oʼzgarishlarga ehtiyoj borligini anglatadi.
Loyihani ishlab chiqishning barcha bosqichlarida koʼplab takliflarning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi islohotlar jarayoni shaffofligini, hukumatning har bir fikr va taklifni tinglashga tayyorligini, shuningdek, keyinchalik yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilishini namoyon etdi.
Mutaxassislar kelib tushgan har toʼrtinchi taklif yangi loyihada oʼz aksini topganini taʼkidladi. Zero, oʼzbek xalqining qadriyatlari va ustuvor yoʼnalishlarini toʼgʼri aks ettiruvchi, fuqarolar va hukumat oʼrtasida ishonchni mustahkamlaydigan Konstitutsiyani yaratishda jamoatchilikning ishtiroki muhimdir.
Konstitutsiyaning yangi tahririga inson huquqlariga doir koʼplab fundamental normalar qoʼshildi. Xususan, ayblanuvchining huquqlariga oid moddalar kengaytirildi. Masalan, shaxsni qirq sakkiz soatdan ortiq muddatga sud qarorisiz ushlab turish mumkin emasligi, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga koʼra, yoʼl qoʼyilishi belgilandi. Shaxsning daxlsizligi tamoyili bilan bogʼliq boʼlgan ushbu modda ingliz jinoyat-protsessual huquqi “Xabeas korpus” institutiga mos keladi va bu anglo-sakson huquqiy oilasining koʼplab tizimlarida mavjud. Bundan tashqari, shaxsni ushlash chogʼida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart boʼlmoqda. Ushbu manba “Miranda qoidasi” yoki “Qonuniy ogohlantirish” kabi qoidalarni oʼzida aks ettiradi. Ular Buyuk Britaniya, Koreya, Yaponiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va boshqa davlatlarda ham mavjud.
Shu bilan birga, 28-moddada belgilanganidek, “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʼzining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hech kim oʼziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Аgar shaxsning oʼz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʼlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”.
Shaxs erkinligi daxlsizligini kafolatlovchi bu huquq turli rivojlangan mamlakatlar, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Belьgiya, Finlyandiya, Frantsiya, Germaniya, Yangi Zelandiya, Shveytsariya va boshqa davlatlarning konstitutsiya va qonunlarida oʼz aksini topgan.
Taʼkidlash joizki, Konstitutsiya loyihasiga koʼp yillar davomida mamlakatimizning xalqaro imijiga salbiy taʼsir koʼrsatib kelgan bolalar mehnatini butunlay taqiqlash toʼgʼrisidagi moddaning kiritilishi Oʼzbekistonning xalqaro huquq normalariga rioya qilish va inson huquqlari himoyasini kafolatlash majburiyatini yana bir karra tasdiqlaydi. Shu bilan birga, oʼzgartishlarning hokimiyat organlarini modernizatsiya qilishga qaratilgani quvonarlidir. Xususan, Qonunchilik palatasi hamda Senat vakolatlarini kengaytirish parlamentning roli va erkinligini oshirishga xizmat qiladi. Bu juda muhim. Chunki demokratiyaning amal qilishi uchun kuchli, mustaqil parlament zarur. Vakolatlari kuchaygan parlament fuqarolarning talab va muammolarini hal etishda samaraliroq boʼladi, qarorlar qabul qilish jarayonida ularning ovozini eshitishni taʼminlaydi.
Ishonchim komilki, bu oʼzgarishlar nazorat va muvozanatning yanada samarali tizimini shakllantirishga hissa qoʼshadi. Demak, aytishimiz mumkinki, konstitutsiyaviy islohot mamlakatimiz demokratik jarayonlarini modernizatsiya qilish va takomillashtirish yoʼlidagi dadil qadamlardan biridir.
Lamiya XUDOYOROVА,
Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti magistranti