Ota-bobolarimiz qish-qishligini, yoz-yozligini qilishi kerak, deb bejiz aytmagan. Bu galgi qish qishligini qildi...
O‘xshatish o‘rinli bo‘lsa, so‘nggi o‘n yilliklardagi qishlarimiz ham jamiyatimiz singari bo‘lib qolgan, ya’ni ularda ham jo‘shqinlik, yangilanib turish ilinji yo‘qolgan edi. Atrof-muhit, jumladan, odamlarimiz tabiatning ana shunday, bir maromli — turg‘un kechishiga o‘rganib qolgani ham sir emas. Necha yillardan buyon iliq kelayotgan qish bu yil ham nari borsa, uch-to‘rt kunlik sovuq bilan o‘tib ketadigandek tuyilgandi...
Biroq bu safargisi boshqacha bo‘ldi: qish qattiq, aniqrog‘i, o‘ziga o‘xshab keldi. 2016 yil kuzida uyg‘onishni boshlagan o‘zbek muhitida ko‘z ochish, o‘zligini eslash navbati tabiatga ham tegdi go‘yo. Ayozlari hovlimizdagi ellik yil ichida ochiqda chiniqib ketgan toklarimizni quritish darajasidagi qish hammamizni sinadi, ammo sindirolmadi!
Bundan atigi ikki-uch yil burun butun ochunni titratgan, shu kungacha 763 million kishiga yuqib, 7 million inson umriga zavol bo‘lgan, bizni ham chetlab o‘tmagan “tojli og‘u” quturgan pallalar, odatdagidek, ko‘pchiligimizning esimizdan chiqishga ulgurdi, desak adashmaymiz. O‘sha o‘ta og‘ir oylarda Prezidentimiz, bugun biz millatimizni asrash uchun kurashmoqdamiz, deb barchamizni safarbarlikka undagani hali ham yodimizda!
Shu ma’noda, tabiatning mazkur ikki imtihoni va ularga qarshi jamiyatimiz munosabatini salkam yetti yildan buyon davom etib kelayotgan yangilanishlar jarayoni orqali tahlil etarkanmiz, bir xulosadan hech qocholmaymiz: yangi O‘zbekiston tarixiy bosqichi o‘z paytida boshlangan ekan! Bo‘lmasa...
Ko‘klam ham boshqacha — yaxshi keldi! Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy turmushimizning bu yilgi bahori ham kishi bahri dilini ochib yuboradigan, endigi avlod xotirasida qoladigan voqealarga boy bo‘lmoqda.
2016 yil so‘nggi choragidan kirishilgan, davlatimiz rahbari so‘zlari bilan aytganda, “chalakam-chatti emas, balki haqiqiy bozor iqtisodiyoti va milliy manfaatlarimizga asoslangan tub o‘zgarishlar” natijasi sanalmish milliy ro‘zg‘orimizning bugungi sifati va kuchini chamalash uchun shu yil 18 mart kuni yuz bergan voqeaga diqqatni tortgan bo‘lardik. Tarixga kirgan ushbu sanada milliy yetakchimiz Shavkat Mirziyoyev Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘idagi 20 ming gektar maydonga ega, 1 million aholi yashashiga mo‘ljallangan yangi Toshkentning birinchi g‘ishtini qo‘yib berdi.
Qanday ulkan va serxarajat, har qanday davlat ham jur’at etolmaydigan ishga qo‘l urilganini ko‘z o‘ngimizga keltirish uchun ko‘pchilikka yaxshi tanish, yaqin-uzoqdagi dongdor shaharlarning bu boradagi ko‘rsatkichlarini keltirish yetarli, deb o‘ylaymiz: Bishkek — 16 ming gektar va 1 million 100 ming aholi, Dushanbe — 20 ming 310 gektar va 1 million 200 ming aholi, Bonn — 14 ming 100 gektar va 335 ming aholi, Bern — 516 gektar va 140 ming aholi, Amsterdam — 24 ming 365 gektar va 900 ming aholi, Bryussel — 3261 gektar va 190 ming aholi, Frankfurt 24 ming 831 gektar va 765 ming aholi, Barselona — 10 ming 130 gektar va 1 million 640 ming aholi, Xelsinki 21 ming 380 gektar va 656 ming 611 aholi, Milan 18 ming 167 gektar va 1 million 400 ming aholi.
Yangi Toshkentning har jihatdan “aqlli” bo‘lishi omilini ham ko‘zdan qochirolmaymiz. Demak, biz bunga ham qodirmiz! Ushbuga urg‘u berayotganimiz sababsiz emas, albatta.
Gap shundaki, shaharsozlik madaniyati 4000, davlatchiligi 3000 yilga teng millatimiz o‘tmishda juda ko‘p shaharlarga asos solganini butun dunyo biladi. Ulardan bugun ham “tirik”, ya’ni uzluksiz yashab kelayotgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Qarshi, Shahrisabz, Toshkent, Jizzax, Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon singarilarning yoshi kamida 1000 yilga taqalib, ko‘pchiligi 2000-2700 yillik o‘tmishga ega. Amir Temur poytaxti Samarqand esa 2800 yil bilan bo‘ylasha oladi.
Yaqinda institutimizda o‘tkazilgan ilmiy yig‘inlardan birida o‘zbek shaharsozlik madaniyatining kishilik, xususan, Ikkidaryo oralig‘i (Yaqin Sharq) va Harappa (Pokiston) singari madaniyatlarga kuchli ta’siri haqida so‘z ketdi. Jumladan, Surxondaryodagi Jarqo‘ton yodgorligi maydoni (100 gektar) Ikkidaryo oralig‘idagi 21 ta qadimgi shahar maydonidan ustunligi, xususan, ularning eng kattasi 32 gektardan oshmasligi alohida urg‘ulandi. Eng muhimi, bizning qadim Turon madaniyatimiz insoniyat shaharsozligiga ikki omilni kiritgani tasdiqlandi: millimetrigacha aniqlikdagi handasaviy (geometry) me’morchilik va boshi berk ko‘chalar (laburinthos).
Sopollitepa shahrining to‘g‘ri to‘rtburchak shaklda qad ko‘targani va har bir tomoni 84,2 metrga tengligi 4000 yil burungi ajdodlarimizning aniq fanlar bo‘yicha bilimlaridan dalolat beradi, albatta. Holbuki, yaqin-yaqingacha buning teskarisi uqtirilardi: go‘yo ilm-fan va madaniyat bizning o‘lkaga chetdan — Yaqin Sharq va Yunonistondan kirib kelgan.
Yurtimizning har bir vohasida bor o‘nlab yodgorliklarni tizimli ravishda, maqsadga muvofiq va aql bilan o‘rganishni uyushtirolsak, bobolarimiz yaratib ketgan yana ko‘plab, o‘zimizni ham, ochunni ham hayratga solajak yangiliklar yuzaga chiqishiga qattiq ishonamiz.
Shu bilan birga, shaharsozlik bobida tengsiz bilim, tajriba va an’analarga ega bo‘la turib, jahon shaharsozlik taraqqiyoti sanoatlashuv inqilobi o‘laroq yangi bosqichga kirib, ayni gurkirayotgan bir pallada birovlarga qaramlik girdobiga tushib qolganimiz oqibatida borlig‘imizning barcha masalalari, jumladan, shaharlarimizni rivojlantirish, yangilarini qurish mustamlakachilar manfaati va qosh-qovog‘iga bog‘liq bo‘lib qolgani ham sir emas.
Navoiy, Zarafshon, Uchquduq kabi shaharlar kimlarningdir marhamati yoki buyuk bobomiz nomini abadiylashtirish uchun emas, balki ular qad ko‘targan tegralardagi qimmatli, nodir va adog‘i yo‘qdek qazilma boyliklarimizni o‘zlashtirish va tashib ketish, yana kamiga o‘lkani ruslashtirish maqsadida yaratilganini kim bilmaydi, deysiz.
Milliy davlatchiligimiz tiklangandan keyin og‘ir kechgan ilk yillarda yangi shahar qurish haqida og‘iz ochishning xonasi kelmagani tabiiy. Biroq zamonaviy va ilg‘or shaharsozlik masalasida davlat siyosatini yo‘lga qo‘yolmaganimiz bor gap. Uzoqqa borib nima qilamiz: poytaxtimizning bosh rejasi so‘nggi bor 1966 yilgi yer qimirlashi oqibatida tug‘ilgan sharoitda tezda ishlab chiqilib, 1967 yili “SSSR Ministrlar Soveti” tomonidan tasdiqlab berilganini bugun ko‘pchilik bilmaydi. Uning yigirma-yigirma besh yilga — 1991 yilgacha mo‘ljallangani o‘z davri uchun tabiiy bo‘lgani holda, davlat mustaqilligimizni tiklaganimiz aynan shu sanaga to‘g‘ri kelishi tasodif, albatta. Biroq Toshkent salkam 60 yildan buyon o‘sha sovetcha bosh reja negizida yashab, o‘sib, kengayib kelgani haqiqatning o‘zginasidir. Mustamlaka zamoni-ku, mayli, lekin keyin bizga nima to‘sqinlik qilgani so‘rog‘iga javob berish endi biz tarixchilarning ishi.
Yangi Toshkent g‘oyasining tug‘ilishi yangi O‘zbekiston tarixiy bosqichimiz qonuniyatlari bilan bog‘liqligi shubhasiz...
1999 yili Vashingtonga uyushtirilgan rasmiy safarda guruhimizning ayrim a’zolarida uydagilarga biron sovg‘a olish ilinji barobarida, u paytlarda biz uchun o‘ta tansiq sanalmish gipermarketni ham o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish qiziqishi paydo bo‘ldi. Ammo elchiligimizdagi yigitlarning, poytaxtda bunday markaz yo‘q, qo‘shni Virjiniya viloyatiga o‘tishga to‘g‘ri keladi, tushuntirishlari hafsalamizni pir qiladigan ham ediki, yo‘l o‘n besh-yigirma daqiqa olishini eshitib, barchamizning chiroyimiz ochilganini yashirib o‘tirmaymiz. Qisqasi, yo‘lga tushdik, shahar esa hech tugamaydi. Va’da qilingan daqiqalar ham o‘tib bo‘lgach, xom sut emgan bandaning “Vashingtondan qachon chiqib ketamiz” savoliga, “Virjiniyadamiz, gipermarketga ham kelib qoldik hisob” degan javobi bugun ham xuddi kechagidek quloqlarimiz ostida jaranglab turadi.
Yaqin-yaqingacha azim Toshkentdan bir qadam chetga chiqildimi, “viloyat boshlangani” shundoq sezilib turardi. Uch-to‘rt kun burun ulovni ustaga ko‘rsatib olish kerak, benzin, ichimlik suv g‘amlab olish kerak... Xullas, poytaxt sharoitiga ko‘nikkan odam chetga chiqishdan oldin u tomonlarda yo‘qligi aniq yoki borligi dargumon barcha narsalar bilan qurollangan bo‘lishi zamona zayliga aylangan edi.
Shahar, qishloqlarimiz o‘z me’morchiligiyu yo‘llari, xizmatlar ko‘rsatishiga ko‘ra, poytaxtdagisidan yaqqol ajralib turgani ham sir emas. Toshkent va viloyatlar markazlariaro keskin farq mutanosibligi viloyatlar va tumanlar markazlari, tuman markazlari va qishloqlar o‘rtasida ham xuddi qandaydir yozilgan-yozilmagan qonuniyatga o‘xshab davom etardi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, viloyatlarda nima sababdan ko‘p qavatli, baland imoratlar ommaviy qurilmasligi, yo‘llarning sifatsizligi, ichimlik suv, oqova tizimining yo yo‘qligi, yo poytaxtdagidek emasligi kuchli hayronlik uyg‘otardi. Mazkur qarama-qarshiliklar iqrori Toshkentimizning shundoq ham chet eldagi ilg‘or davlatlar poytaxti u yoqda tursin, viloyatlari markazlaridan ortda qolayotgani tuyg‘usi bilan aralashib, kishini qandaydir shaxsiy va milliy ojizlik holatiga solgan paytlar ham bo‘lganini tan olamiz (masalan, Ukrainada poytaxt Kiyevdan tashqari Xarkov shahrida 1975 yildan, Dnepr shahrida esa 1995 yildan metro borligini bilganimiz uchun ham).
Yangi O‘zbekiston sifatlaridan birini, hech shubhasiz, milliy shaharsozligimizda ochilgan yangi sahifa bilan bog‘lash adolatdan bo‘ladi. Viloyat, tuman markazlari eski tushunchadagi “markaz”dan farqli ravishda chin ma’nodagi shaharlarga aylanib bormoqda. Joylarda yangi O‘zbekiston mavzelari zamonaviy tizimi yaratilayotgani esa, XXI asr shaharsozlik taraqqiyotimizda o‘ziga xos ilg‘orlik kasb etayotgani ham yaqqol ko‘rinib turibdi.
Metroning “O‘zbekiston” bekatidagi chorrahaga Xalqlar do‘stligi maydoni, Alisher Navoiy ko‘chasidan kelaverishdagi yo‘l yoqasida qandaydir uch-to‘rt yil ichida paydo bo‘lgan, chindan ham osmono‘par imoratlar yig‘indisiga har safar ko‘zimiz tushganda, bir savol, bir xulosa va bir tuyg‘u tug‘iladi: “nega ilgari qurmaganmiz, qursa bo‘lar ekan-ku”.
Trilliant-chi? O‘ziga xos salobatli go‘zallikka ega mazkur imorat, Nest One va boshqa qator mahobatli binolar yaratilishini tarixiy tafakkurimizdan o‘tkazar ekanmiz, millatimizning eng ulug‘i, kishilikning eng buyugi Amir Temur bobomizning, kimki bizning kuch-qudratimizni bilmoqchi bo‘lsa, biz qurdirgan imoratlarga boqsin, so‘zlari esga tushaveradi. Tushibgina qolmay, yana bir xulosaga undaydi: millatning kuch-qudratini yuzaga chiqarish uchun unga, avvalo, erkinlik berish lozim ekan. Yanada chuqurlashsak, shu tariqa yuzaga chiqarilgan kuch-qudrat yaratuvchilik va ezgulikka yo‘nalishi uchun esa, unga — millatga to‘g‘ri va oqilona yo‘l ko‘rsatish kerak ekan!
Shu ma’noda, oltmish yil deganda, nihoyat, Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasining ishlab chiqilganini alohida urg‘ulash lozim. Davlatimiz rahbari boshchiligidagi, Buyuk Britaniya, Singapur va Turkiya mutaxassislari — dunyoning soha bo‘yicha eng salohiyatli kuchlari jalb etilgan ushbu tashabbus O‘zbekistongina emas, balki bizdan tashqaridagi juda katta kengliklar uchun aql-zakovat, yuksak sifat va nozik did ibrati bo‘lishiga ishonamiz. Negaki, ikki daryo oralig‘ida qurilgan shaharlar tarixan ana shunday maqomga ega bo‘lib kelgan.
Mavzuga tegishli yana bir gap shuki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi O‘zbekistonimizning ilk kunlaridan Toshkentga alohida va uzluksiz e’tibor berib kelayotgani, poytaxtni jahon siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida izchil va uzoqni ko‘zlab, pishiq o‘ylangan siyosat olib borayotganini sezish qiyinmas. Shu bilan birga, mazkur siyosat avvallari bo‘lganidek ura-urachilik va odamlarni qiynash orqali emas, yuqorida tilga olingan omil — milliy yetakchimizning o‘zi asos solgan erkinlik muhiti o‘laroq yuzaga chiqarilgan kuch-qudratga suyanib olib borilayotganini ham urg‘ulash darkor.
1966 yilgi yer qimirlashi bahona Toshkentda yaratilgan yangi mavzelardan biri “Oktyabr massivi” ekani, uning o‘ziga xos markazi esa “Shtab” bekati bo‘lganini toshkentliklar yaxshi biladi. Bolalik, o‘spirinlik kezlarimizda, bu yer qachonlardir harbiylar turgan “shtab” bo‘lganmikan, deb o‘ylardik. Bu sir talabalik yillarimizning birinchisida — paxtaga chiqqanimizda “ochildi”: u yerda ham “shtab” borligi va uning birdan-bir vazifasi kunlik reja so‘zsiz ado etilishini ta’minlash, mazkur “oliy maqsad” yo‘lidagi har qanday to‘siq, kerak bo‘lsa, insonni ham bartaraf etish ekani ma’lum bo‘ldi (“paxtadan qochgan” talabani o‘qishdan haydash darajasigacha borilganini eslaylik).
Mustamlaka-sovet davrida tuman, shahar, viloyat, respublika, “soyuz” miqyosida bajariladigan har qanday kattaroq ishning boshida “shtab” turgan hamda partiya va sovet hokimiyatining eng yuqori bo‘g‘iniyu eng quyidagilari topshiriqlari so‘zsiz ado etilishiga javobgar bo‘lgan. Qizig‘i, bu “an’ana” istiqlol yillarida ham — yaqin-yaqingacha davom etgan va tabiiy sanalgan.
O‘n besh-yigirma yillar burun ishimiz tushib Olmazor tuman hokimini qidirib ishxonasiga borsak, yordamchisi, “yo‘q, uch oydan buyon “Eski juva”da ta’mirlash ishlari ketmoqda, hokim “shtab” boshlig‘i, bir-bir kelib ketyapti, zarur yumushingiz bo‘lsa, o‘sha yerdan topasiz”, deb qoldi.
Qarang, bitta bozorni tartibga keltirish uchun butun bir tuman hokimi bir necha oy o‘sha yerda “yotib” ishlasa va bu nimadan dalolat? Ishchanlikdanmi yoki ishni tashkil etish tizimi to‘g‘rimasligidanmi? Shunga yarasha sifat bo‘lsa mayli edi (bozor bitayotgan kunlarda yo‘limiz tushib, unga kiraverishdagi peshtoqqa katta harflar bilan “DEXQON BOZORI” deb yozib qo‘yilganiga ko‘zimiz tushdiyu, darhol hokimga qo‘ng‘iroq qilib, “dexqon”dagi uchinchi harf yumshoq “h” bilan yozilishi kerakligini uqtirdik. Xato tez kunlarda to‘g‘rilandi)...
Masalaning bu jihatiga urg‘u berayotganimizning sababi bor. Milliy yetakchimiz ilk paytlardan qattiq uqtirib kelayotgan omillardan biri — har bir davlat xizmatchisi o‘z aravasini o‘zi tortishi zarurligi, bir yumushning boshiga o‘z ishining ustasi topib qo‘yilsa, unga nazorat kerakmasligidir.
Butun yurtimizda bo‘lgani kabi Toshkentdagi barcha yirik inshootlar, mavzelar, korxonalar qurilishiga Prezidentimiz shaxsan bosh-qosh bo‘layotganini ko‘rib kelmoqdamiz. Hali zamonaviy va ilg‘or quruvchilik tizimimiz to‘liq oyoqqa turolmagani, endigi yondashuvlar mazkur tizim uchun butunlay yangilik ekani sharoitida bu juda ham oqilona va zaruriy ishdir, albatta. O‘ziga tashlab qo‘yilsa, eskicha qarash va odatlar pand berib qo‘yishi hech gap emas...
Shu bilan birga, yuqorida tilga olingan, chindan ham ulkan qurilishlar — osmono‘par, cho‘qqisiga qaragan kishining do‘ppisi tushib ketadigan, yirik imoratlar, markazlar “shtab”larsiz, eng muhimi, o‘zimizning qorako‘z ishbilarmonlarimiz urinishlari bilan qad ko‘tarayotganini biz uchun tarixiy yutuq, deya baholagan bo‘lardik. Negaki, bu — jamiyatimizda o‘z aravasini o‘zi tortishga qodir avlod borligi, yaqin-yaqingacha faqat davlatning qo‘lidan keladigandek tuyulgan katta-katta ishlarni bajarishga qodir xususiy tashabbuskorlik tarbiyalanayotgani dalili! Bu — yurtdoshlarimizning so‘nggi 150 yil ichida o‘ldirib kelingan “ichki meni” tirilib borayotganining yorqin tasdig‘i!
So‘nggi qadriyat — “ichki men” haqida so‘z ketganda, bu galgi ko‘klamning esda qoladigan, aniqroq aytsak, tarixga kiradigan yana bir jihati bo‘yicha alohida fikr yuritish joiz ko‘rinadi. U ham bo‘lsa, mana bir yildirki, ijtimoiy-siyosiy turmushimiz markazida bo‘lib kelayotgan masala — 30 aprelda yangi tahrirda tayyorlangan Konstitusiyamiz bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tishi.
Umumxalq ovoziga olib chiqilayotgan Asosiy qonunimizni birma-bir tahlil etar ekanmiz, unda Prezidentimiz qo‘ygan “bosh maqsad — har bir yurtdoshimiz ushbu hujjatni mening Konstitusiyam deb faxrlanadigan mukammal darajaga olib chiqish” o‘z ifodasini topganini ko‘ramiz. Yuqoridagi fikrga hamohang o‘laroq, yangi tahrirdagi Bosh qonunimizda rostdan ham har birimizning “men”imiz bor.
Ushbu haqiqat muqaddimadayoq yaqqol ko‘rinadi: “davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizasiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib” so‘zlarida millatimizning tarixiy “men”i to‘liq mujassam, albatta. Ya’ni bizning uzoq-uzoq zamonlarga borib taqaladigan, ulkan saltanatlar qurib, mintaqalarni birlashtirgan, olamni boshqargan o‘z siyosiy tafakkurimiz bo‘lgan va bugun ham bor, bizga davlatchilik bobida aql o‘rgatishning keragi yo‘q! Kishilik ilmiy-madaniy taraqqiyoti, ma’naviy kamolotining tamal toshini qo‘ygan buyuk bobolarimiz bor. Biz ruhiy dalda — o‘zligimiz kuchini, eng avvalo, ulardan olamiz!
19-moddadagi biz uchun mutlaqo yangilik sanalmish “Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘lishi”ning e’tirofini hali ko‘p tahlil qilishimizga to‘g‘ri keladi, deb o‘ylaymiz. Negaki, odamning haqlari va erkinligi aslida uning “men”idir.
“Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega” deb boshlanadigan 47-moddani 19-modda bilan uyg‘un, aniqrog‘i, uning mantiqiy va adolatli davomi o‘laroq qabul qilish kerak, deb ishonamiz. Bu dunyoda tiriklik borki, o‘z uyi, tegrasi bor. Millionlab yillarni tabiiy boshpanalar — g‘orlar, o‘yiqlarda o‘tkazib kelgan inson 10 ming — 12 ming yillar burun, juda jo‘n bo‘lsa-da, uy qurishni boshlagani ma’lum. Yurt, o‘choq tushunchalarining ildizlari ham kamida o‘sha paytlarga borib taqalishi shubhasiz.
Mustamlaka davrida ajdodlarimizning hovli-joyi ochiqchasiga zo‘ravonlik va qo‘rqitish, o‘ldirish va qamash yo‘llari bilan tortib olingani o‘z yo‘liga, lekin istiqlol yillarida ham mazkur “an’ana” barchamizning ko‘z o‘ngimizda mohiyatan davom ettirilganiga hali jo‘yali baho berganimizcha yo‘q. So‘z ketayotgan moddadagi “Hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas”ligi ham xuddi shu — bir asr davom etib kelgan, eng so‘nggi yillardagina chek qo‘yilgan voqeligimiz hamda milliy yetakchimiz ilk kunlardanoq qattiq kirishgan masala — mulk daxlsizligi uzil-kesil ta’minlanishini o‘zida aks ettiradi, albatta.
68-moddaga kiritilayotgan tarixiy yangilik — yerning, qonun doirasida albatta, xususiy mulk bo‘lishi mumkinligini hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi, deb sanaymiz. Prezidentimiz tashabbusi bilan ikki yilcha burun dehqonchilikka mo‘ljallanmagan yer maydonlarini xususiylashtirish mumkinligining qonuniy asosi yaratilgan edi va bu o‘sha paytdayoq inqilobiy voqea sanalgandi. Bu tarixiy ish qimmatini sovet hokimiyati azobini tortgan xalqlar yaxshi tushunadi. Minglab yillar davomida shakllanib-sayqallanib kelgan xususiy mulkchilik, ayniqsa, yerga egalik huquqining qandaydir ikki-uch yilda butunlay yo‘q qilib tashlanishini tasavvur qilish bugun o‘ta og‘irdir. Biroq bir asrcha burun bu millatimiz uchun fojiali voqelik edi. Oqibatda, ajdodlarimiz bir zumda dala-bog‘laridan tashqari, necha yuz yillardan buyon tup qo‘yib, palak yozib kelayotgan uy-joyi qad ko‘targan yer maydonlaridan ham umrbod mosuvo etilib, yoppasiga “foydalanuvchilar”ga aylangan-qolgan. Shu tariqa, millionlab kishilardagi egalik tuyg‘usi, uning ortidan yurt qayg‘usi yo‘qotilgan, yashash va intilish qobiliyatining o‘q ildizi chopib tashlangan...
Milliy yetakchimiz yangi Toshkentning birinchi g‘ishtini qo‘yish munosabati bilan yig‘ilganlar, ayniqsa, shahar kengashi deputatlari diqqatini poytaxtda olib borilayotgan kattadan-katta ishlar, xususan, energiya tizimini tubdan isloh etishga yo‘naltiriladigan trillionlab mablag‘ samarali bo‘lishini qat’iy nazorat qilishga qaratganiga guvohmiz.
Haqiqatni aytganda, mana olti yarim yildirki, Prezidentimiz tegishli sohalar, boshqaruv rahbarlarini xotirjamlikka berilmaslik, ura-urachilik, qarsakbozlik, xo‘jako‘rsinchilik singari asriy — egalik tuyg‘usi, yurt qayg‘usi, intilish qobiliyati yo‘qotilishi o‘laroq tug‘ilib, necha-necha avlodlar ongi, qoni va fe’liga singdirib yuborilgan illatlardan saqlanishga undab kelmoqda. Ojiz fikrimizcha, millatimiz va davlatimiz yetakchisi uchun, bir tomondan, eng og‘riqli masala, ikkinchi tomondan, eng muqaddas vazifa ham, aslida, o‘zbekning endigi avlodini mazkur illatlardan xoli va ozod ko‘rishdir!
Bosh tuzugimizning yangi tahririda tubdan o‘zgartirilayotgan XXI bob (Mahalliy davlat hokimiyati asoslari. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari) ham ana shu — tarixiy zaruratga aylangan marra sari xizmat qilishi va uning konstitusiyaviy negizini yaratib berishiga hech shubha qilmaymiz.
120-moddadagi “Viloyat, tuman, shahar hokimi lavozimini egallab turgan shaxs bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari Kengashining raisi lavozimini egallashi mumkin emas”ligi qoidasi mahalliy boshqaruvning Prezidentimiz joriy etib kelayotgan zamonaviy tizimiga uzil-kesil o‘tilganini Asosiy qonun darajasida muhrlab qo‘ymoqda. Agar mahalliy hokimiyatchiligimiz yaqin-yaqingacha mustamlaka-sovet davri ma’muriy-buyruqbozlik tizimi an’ana va ko‘nikmalari o‘laroq ishlab kelgani ko‘zda tutilsa, mazkur yangilikni, hech bir mubolag‘asiz, inqilobiy, desa bo‘ladi. Negaki, kelayotgan yakshanba kuni ovoz berajagimiz Konstitusiyamizning ishlab ketishiyu, yana ko‘pdan-ko‘p va ezgu rejalarimiz, umuman, yangi O‘zbekistonimiz taqdiri pirovardida, mahalla va tumanlarda hal bo‘ladi! Negaki, turish-turmushimiz xuddi shu tegralarda qaynaydi — tug‘ilish, tarbiyalanish, bilim olish, ijod qilish, sog‘liqni saqlash, ishlash, oila qurish, dam olish, quvonish, qarish, ehtiyojmand bo‘lish... Xullas, inson va jamiyatga xos hamda tabiiy sanalmish barcha-barcha yaxshi-yomon hodisayu voqealar shu doirada yuz beradi! Mavqe va martaba, iqtisodiy imkoni va ijtimoiy toifasidan qat’i nazar, har kim shu hududda yashaydi!
Agar uzoq yillar ana shunday hal qiluvchi omil atayin inkor etib kelingani, poytaxtdek makonda chorak asr tuman kengashlari yo‘q bo‘lgani, demak, xalqchillik inkor etilgani jamiyatimiz va har birimiz hayoti uchun o‘ta qimmatga tushgani inobatga olinsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2016 yil oktyabrda, hali biron kim bu haqida so‘z aytish u yoqda tursin, o‘ylab ko‘rishga ham chog‘lanmagan paytda o‘rtaga tashlangan — “bir shaxsning ham hokim, ham mahalliy kengash boshlig‘i bo‘lishi amaliyotidan voz kechish”ga oid g‘oyaning Bosh qonunimizdagi ifodasining ahamiyati yanada oshishiga ishonamiz.
Bu yilgi ko‘klamni esda qolarlik qilgan, uning chiroyini yanada ochib yuborgan, unga tag‘in-da insoniylik baxsh etgan kuch ramazonning ayni shu oylarga to‘g‘ri kelgani bo‘ldi. Yangi Toshkentga bag‘ishlangan yig‘ilishda milliy yetakchimiz bildirgan mana bu fikr esa, iymon-e’tiqod, mehr-oqibat, insof-adolat, halollik-poklik — ma’naviy yuksalishimiz yo‘lida har birimizga saboq, jamiyat uchun katta dalda bo‘lganiga zarracha ikkilanmaymiz: “Imomlarimiz iftorlikka tanlangan emas, tanlanmagan uylarga borsinlar, o‘sha uylarga fayz kirsin. Negaki, biz bitta millat, bitta davlatmiz!”.
Ro‘za oyi ham tugab, hayit namozlari o‘qildi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, barcha musulmonlarni birlashtiradigan sinovli oy ham ortda qoldi. Tayyorlanish, muhokama qilish jarayonida har birimizniki bo‘lishga ulgurgan Bosh tuzugimizga ovoz berar ekanmiz, ushbu tarixiy hujjat orzu-havaslarimiz, reja-intilishlarimizni o‘zida aks ettirishi, o‘zimizga yarasha imkonlarimiz yuzaga chiqishi uchun teng sharoit yaratishi barobarida bizdan yangi O‘zbekistonimizni qurish yo‘lida har qanday holatda ortga chekinmaslik, o‘z ustimizda tinimsiz ishlash, og‘ir mehnatdan qochmaslik, tarixiy zarurat bo‘lmish yangilanishlar, o‘zgarishlar uchun kurashdan toymaslikni ham taqozo etadi. Buning uchun bizga nima kerak?
Yangi O‘zbekistonimiz asoschisi, yangi Konstitusiyamiz tashabbuskori Shavkat Mirziyoyevning mart oyi Termizdagi chiqishida mana bu — chin yurakdan va ongli ravishda aytgan so‘zini butun dunyo eshitdi, tan berdi: “Millatim, xalqim, buyuk O‘zbekistonimning manfaati uchun jonimni berishga ham tayyorman!”.
Biz ham tayyormiz!
Azamat Ziyo,
FA tarix instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor.
("Yangi O‘zbekiston" gazetasining 2023 yil 27 aprel, 80-soni)