Rekord natija: Zafarobodlik fermer bu yil paxtadan 90 sentner hosil oldi yoxud ilmiy yondashuvlar “dalaga kirib bormoqda”

    Fermerlar paxta dalalaridan turib, “men ham bir maqtanib qoʻyay” deb, yetishtirgan hosillarini koʻz-koʻz qilgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylamoqda. Tasvirlarni koʻrganingizda, chindan koʻzingiz quvnaydi, beixtiyor “hosilga baraka” deb yuborasiz.

    Birgina misol, Zafarobod tumanidagi “Forish yoʻllari” fermer xoʻjaligida gektardan 90 sentnerdan ortiq hosil olinibdi. Xoʻjalik 20 gektar maydonga Xitoyning “XinLuZhao-57” navli paxtasini ekkan ekan.

    Yana bir videoda aytilishicha, Namangan viloyatining Mingbuloq tumanidagi fermer xoʻjaliklarida ham bu yilgi koʻrsatkichlar 70–80 sentner atrofida.

    «Bu koʻrsatkich avvallari orzu qilinadigan daraja edi, — deydi fermer. — Bundan bir necha yil oldin gektariga 40 sentner hosil olgan fermerlar mukofot sifatida avtomobil bilan taqdirlangan boʻlsa, endilikda bunday koʻrsatkichlar odatiy holga aylanmoqda».

    Xoʻsh, bu kabi hosildorlik qanday erishilmoqda? Gap urugʻdami yoki paxta yetishtirish texnologiyasidami?

    Fermerlarning taʼkidlashicha, bu natija tasodif emas, ilmga asoslangan mehnat samarasidir. Yaʼni Oʻzbekistonning paxta dalalariga eng zamonaviy ilm “kirib boryapti”. Yaʼni agrotexnologiyadagi eskicha yondashuvdan voz kechilib, bir asrdan beri takror foydalanib kelinayotgan 60-90 sxema oʻrniga 76 sxemaga oʻtildi.

    Qishloq xoʻjaligi bergan maʼlumotlarda keltirilishicha, bu yil paxta intensiv agrotexnologiya (Shinjon tajribasi) asosida 76x10 sm qoʻshqator plyonka ostiga tomchilatib sugʻorish usulida ekilgan.

    Shuningdek, vazirlik hisob kitobiga koʻra, mazkur yangi agrotexnologiyani joriy qilish natijasida oʻrtacha 20 s/ga qoʻshimcha hosil (16 mln soʻm) olinadi, 2 600 m3 suv (260 ming soʻm), 10 kg urugʻlik chigit (250 ming soʻm), 460 kg mineral oʻgʻit (2 mln soʻm) iqtisod qilinadi.

    — Xorijiy navlardan gektariga 90 sentnergacha hosil olinayotgan boʻlsa, mahalliy navlarning ham oʻrtacha hosildorligi 65-70 sentnerga koʻtarildi, — deydi qishloq xoʻjaligi vaziri matbuot kotibi Dilshod Nazirov. — Hosildorlikda tub burilish yasagan birinchi jihat — koʻchat sonini koʻpaytirilishi. Eski sxema boʻyicha gektariga 80 000 dona chigit qadalgan boʻlsa, yangi texnologiya boʻyicha gektariga 220-240 mingdan ziyod koʻchat ekilyapti.

    Uning qoʻshimcha qilishicha, joriy mavsumda mamlakatimizda 281 ming gektar maydonga koʻsak qurti va gerbitsidlarga chidamli, tola chiqimi 40 foizdan yuqori boʻlgan xorijiy paxta navlari ekildi. Shuning 144 ming gektarida Shinjon tajribasi asosida — 76x10 santimetrli qoʻshqator sxemada, plyonka ostida va har gektariga 220–240 ming koʻchatdan ekish hamda parvarishlash usuli joriy etildi.

    Bundan tashqari, 37 ming gektar maydonda mahalliy navlar ham Shinjon agrotexnologiyasi asosida ekilib, gektariga oʻrtacha 45 sentnerdan hosil olish rejalashtirilgan. Tajriba natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, ushbu usul har qanday navda anʼanaviy ekishga nisbatan gektariga 29 sentnergacha koʻproq hosil yetishtirish imkonini beradi. Buning hisobiga 525 ming tonna qoʻshimcha paxta xomashyosi yaratilishi mumkin.

    Qolgan 596 ming gektar maydonlarda mahalliy navlar ekilib, gektariga oʻrtacha 40 sentner (oʻtgan yilga nisbatan 9 sentner koʻp) hosil olish rejalashtirilgan. Koʻzlangan natijalarga erishish maqsadida bir qator ilgʻor agrotexnologiyalar tatbiq etildi.

    Vazirlik mutaxassisining taʼkidlashicha, asosiy maqsad — suvni kam sarflaydigan, inson omilini minimal darajaga tushiruvchi, asosan mexanizatsiya orqali parvarish qilinadigan paxtachilikni yoʻlga qoʻyish.

    Chindan bugun dalalarni koʻzdan kechirsangiz, terimchilarni deyarli uchratmaysiz. Ular oʻrniga paxta terish mashinalari “javlon” uryapti. Zamonaviy “yordamchi”lar bir kunda 150 tonnacha paxta terishga qodir. Bir mashina oʻrtacha 800 nafar terimchining oʻrnini bosadi.

    Darvoqe, bugun toʻqimachilik sanoani korxonalari yuqori hosildorlikka ega paxtaga ehtiyoj sezmoqda. Hosildorlik oshgan sari mamlakatda yangi paxta–toʻqimachilik klasterlari, zavod va fabrikalar, ishchi oʻrinlari paydo boʻladi. Bu orqali xomashyo emas, qoʻshimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishga oʻtiladi. Bu — toʻliq qayta ishlash sikliga qadam qoʻyishdir. Ertaga bu zanjirning asosiy ishtirokchilari fermerlarning oʻzi boʻladi. Ular kooperatsiya asosida birlashib, yirik ishlab chiqarish kuchiga aylanishadi.