Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga joriy yilning oʻtgan davri mobaynida isteʼmolchilardan jami 20 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan boʻlsa, ularning 35 foizi sotib olingan mahsulot yoki koʻrsatilgan xizmatlar sifati bilan bogʻliqdir.
Agentlik tomonidan chakana savdo obyektlarida sotiladigan tovarlarining sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlariga mosligi yuzasidan joriy yilda jami 153 nomdagi mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirildi. Shundan, 27 nomdagi mahsulot amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga mos emasligi aniqlangan.
Xususan, 12 ta holatda oziq-ovqat mahsulotlari, 15 holatda nooziq-ovqat mahsulotlari (bular, tamaki, armatura, Led lampa, gugurt, kabel mahsulotlari) tegishli laboratoriya tahlillari natijalari asosida nomuvofiq deb topildi.
Aniqlangan mahsulotlar boʻyicha vakolatli organ tomonidan kamchiliklar bartaraf etildi. Bundan tashqari, respublika hududlarida chakana savdo bilan faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan foydalanilayotgan tarozilarning metrologiya tekshiruvidan oʻtkazilganligi oʻrganildi.
Olib borilgan tahlillarga koʻra, isteʼmolchilarga bevosita chakana savdo obyektlarida jami 137 mingga yaqin tadbirkorlik subyektlarining 97 foizida foydalanilayotgan tarozilar metrologiya teshiruvidan oʻtkazilmaganligi aniqlangan.