Bosh vazir oʻrinbosari Milliy koʻrgazmalar majmuasiga tashrifi davomida shu yilning 14-dekabridan 18-dekabriga qadar Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi hamda tadbirda ishtirok etadigan vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, xolding kompaniyalari va hududiy hokimliklar rahbarlari bilan uning bir qator tashkiliy va mazmundorligi masalalarini muhokama qildi.
Yarmarka hududini koʻzdan kechirish davomida tadbirga tayyorgarlik darajasini oshirish, uning biznes dasturini boyitish, shuningdek, mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarni qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish, sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish va ichki bozorda xaridorgir mahsulotlarni mahalliylashtirishni nazarda tutgan holda yarmarkaning natijadorligini taʼminlash yuzasidan aniq koʻrsatmalar berildi.
Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markaziga tarmoqlar va hududlar uchun sanoat salohiyati, ichki bozor sharoitlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xomashyo va butlovchi qismlarga boʻlgan ehtiyojlarini chuqur tahlil qilish asosida shakllangan aniq investitsiyaviy takliflarni va ularning dastlabki texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini tayyorlash topshirildi. Bu koʻrgazma doirasida tadbirkorlar va loyihalarning boʻlajak investorlari bilan oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash hamda muayyan loyihalar boʻyicha hamkorlik qilish istiqbollarini batafsil muhokama qilish imkonini beradi.
Tarmoq birlashmalari va hududiy maʼmuriyatlar rahbarlariga har bir yoʻnalish boʻyicha investitsiyaviy va sanoat salohiyatini ochib beruvchi multimedia – axborot materiallarini tayyorlash, shuningdek, maqsadli auditoriya bilan interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik qilish zarurligi boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Tadbirni keng yoritib borish va uni Internet resurslari hamda elektron ommaviy axborot vositalari orqali faol targʻib qilish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir ishtirokchilari va mehmonlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida koʻzda tutilgan barcha sanitariya-epidemiologiya tadbirlariga rioya etish zarurligi alohida tartibda taʼkidlandi.
Tadbirning yuqori natijadorligini taʼminlash maqsadida uni mazmundor hamda yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish muhimligiga urgʻu berildi. Yarmarka ishlab chiqaruvchilar uchun bevosita aloqalar oʻrnatish, oʻzlariga mos istiqbolli loyihalarni tanlab olish, ularni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish, biznes-rejalar va texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishda koʻmak olish, moliyalashtirish bilan bogʻliq masalalarni hal etish va hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvlarga erishish mumkin boʻlgan yagona makonga aylanishi lozimligi qayd etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Tadbir sanoat rivojiga va mamlakat iqtisodiyotining turli tarmoqlariga ilgʻor ishlab chiqarish texnologiyalarini jadal joriy etishga turtki berishi hamda kelajakda Oʻzbekiston sanoat doiralari uchun doimiy platformaga aylanishi kutilmoqda.