Respublika trenerlari uchun saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir oʻquv-amaliyot mashgʻulotlari tashkil etildi

    Saylov 16 Avgust 2024 101

    Joriy yil 12-14-avgust kunlari Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan “Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi” asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengash saylovlari boʻyicha respublika trenerlari uchun saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir oʻquv-uslubiy mashgʻulotlar tashkil etildi.

    Uch kunlik oʻquv dasturiga muvofiq olib boriladigan treninglardan koʻzlangan maqsad — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarning tashkilotchilari, xususan tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining nazariy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash uchun respublika trenerlarini tayyorlashdan iborat boʻldi.

    Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, Kotibiyati xodimlari va Toshkent davlat yuridik universitetining professor-oʻqituvchilari tomonidan olib borilgan mashgʻulotlarda Respublikaning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari professor-oʻqituvchilari orasidan shakllantirilgan jami 104 nafar respublika trenerlari qatnashdi.

    Mashgʻulotlar, aralash saylov tizimi va uning oʻziga xos xususiyatlari, avvalgi saylovlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularning oldini olish boʻyicha vazifalar, saylov komissiyalari tizimi va faoliyatining asosiy jihatlari, saylovda saylovchilarning roʻyxati bilan ishlash, uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash, muddatidan oldin ovoz berishni, saylov kuni ovoz berishni tashkil etish, ovozlarni sanab chiqish hamda saylov natijalarini chiqarish kabi mavzularni qamrab olgan holda tashkil etildi.

    Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi mutaxassislari hamkorligida ishlab chiqilgan uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, saylov kuni ovoz berishni tashkil etish, ovozlarni sanab chiqish hamda saylov natijalarini chiqarish kabi toʻrtta mavzudagi videoroliklar tinglovchilarning oʻtilgan mavzularni mukammal oʻzlashtirishlariga xizmat qildi.

    Oʻquv mashgʻulotlarining uchinchi kuni amaliy mashgʻulotlarga bagʻishlandi. Tinglovchilar guruhlarga boʻlingan holda, namunaviy shaklda jihozlangan saylov uchastkasida bevosita ovoz berish jarayonlarini tashkil etish, oʻtkazish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini amaliy jihatdan bajardilar. Bunda, tinglovchilarga uchastka saylov komissiyasi aʼzosi, mahalliy va xalqaro kuzatuvchi, saylovchi, ommaviy axborot vositasi vakili kabi rollar boʻlib berildi. Shu tariqa, tinglovchilar nazariy jihatdan oʻzlashtirgan bilimlarini, bevosita amaliy mashgʻulotlarda mustahkamlashga erishdilar.

    Taʼkidlash joiz, saylov komissiyalar aʼzolari malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kurslarini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida yuqori malakali ekspertlar tomonidan oʻquv rejalariga muvofiq maʼruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-darslar koʻrinishidagi oʻquv-uslubiy materiallar tayyorlangan. Oʻquv-amaliy mashgʻulotlarning barcha bosqichlari ushbu oʻquv-uslubiy materiallardan foydalangan holda, interaktiv usullarda olib borildi.

    Oʻquvlar yakunida tinglovchilarning treningdan olgan bilim va koʻnikmalari test orqali sinovdan oʻtkazildi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.