Yerlarni sifatli va yuqori unum bilan shudgorlashga erishish uchun traktor va pluglar oldindan ishga shay holga keltirilishi va sozlanishi, dalalar esa haydovga tayyorlangan boʻlishi, haydov toʻgʻri tashkil etilishi hamda uning sifati doimo nazorat qilib borilishi lozim boʻladi.

Shuning uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-oktyabrdagi “2021-yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarini optimal muddatlarda uyushqoqlik bilan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 03/1-668-sonli yigʻilish bayoni qarorida, kuzgi shudgor qilinadigan maydonlar va hududlarda shudgor qilish muddatlari koʻrsatib oʻtildi.

Jumladan, joriy yilda Respublikamizda 1 mln 79 ming 899 gektar maydonda kuzgi shudgorlash oʻtkazilishi rejalashtirilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 20-noyabr, Sirdaryo viloyatida 25-noyabr, Navoiy viloyatida 28-noyabr, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona, Xorazm viloyatlarida 30-noyabr, Jizzax viloyatida 3-dekabr, Buxoro viloyatida 5-dekabrda yakunlanishi belgilandi.

2021-yil hosili uchun kuzgi shudgorlash mavsumiga 5404 dona haydov traktorlari jalb qilinib, shulardan 3995 donasi yuqori unumli haydov traktorlaridir.

Bundan tashqari, ushbu bayonnoma qarorida kuzgi shudgorlash ishlarini oʻtkazilishi yuzasidan, shuningdek shudgorlangan maydonlarni qabul qilish guruhlarini tashkil qilish va har bir konturni shudgorlash otryadlari rahbaridan sertifikat asosida qabul qilib olish, shudgorlash ishlarining sifatli oʻtkazilishi (sayoz, toʻliq kontur hosil qilinmagan, dala boshi va oxiri haydalmagan va boshqa) hamda belgilangan muddatlarda yakunlashi ustidan katʼiy nazorat oʻrnatish, shu bilan birga shudgorlash ishlarini sifatsiz bajarilgan holatlarda belgilangan tartibda dalolatnomalarni rasmiylashtirish hamda aybdorlarga nisbatan tegishli choralar koʻrish vazifasi “Oʻzagroinspeksiya”ga yuklatilgan.

Bugungi kunda hududlarda 2072 ta shudgor otryadlari tashkil etilib, ushbu otryadlarga biriktirilgan 5404 dona haydov traktorlarining 3924 donasi yordamida joriy yilning 6-noyabr holatiga Respublika boʻyicha 239 ming 472 gektar maydonlarda kuzgi shudgor qilish ishlari oʻtkazilganligi aniqlandi.

Shuningdek, hududlarda 2021-yil hosili uchun kuzgi shudgorlash ishlarini optimal muddatlarda va sifatli bajarilishi yuzasidan Inspeksiya tomonidan qatʼiy nazorat oʻrnatildi.